MANBAIMI yoki MANBAYIMI?

Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi bosh g‘oyasi bo‘lgan “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” shiorining lotin alifbosida yozilishi borasida bugun juda ko‘p bahs-munozaralar yuzaga kelmoqda. Shu bois ayrim imlo qoidalarini eslatib o‘tishni joiz, deb bildik.

Bizga ma’lumki, kirill va lotin alifbolarida so‘zlar yozilganda imlo qoidalari bo‘yicha ko‘pgina so‘zlarda o‘zgarishlar kuzatiladi. Masalan, kirill alifbosida sentyabr, oktyabr tarzidagi yoziladigan so‘zlar lotin alifbosida sentabr, oktabr tarzida yoziladi, ya’ni bir y harfi yozilmaydi. Kirill alifbosida tarjimai hol – lotin alifbosida tarjimayi hol, kirill alifbosida nuqtai nazar – lotin alifbosida nuqtayi nazar. Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirishimiz mumkin.      O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 24 avgustdagi 339-son Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning asos va qo‘shimchalar imlosi bandining 3-qism b bandida quyidagicha izohlangan: parvo, obro‘, mavqe, mavzu, avzo so‘zlariga I, II shaxs egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda bir u tovushi qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim, parvoying; parvoyimiz, parvoyingiz; obro‘yim, obro‘ying; obro‘yimiz, obro‘yingiz kabi; III shaxs egalik qo‘shimchasi parvo, avzo, obro‘, mavqe so‘zlariga -yi shaklida qo‘shiladi: avzoyi, mavzusi kabi. 

Shu bandga doir ko‘pchilik yo‘l qo‘yayotgan yana bir xatolikni ta’kidlab o‘tishni lozim deb hisoblaymiz. Tilimizda ko‘p qo‘llaniladigan murabbiy, dohiy kabi so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilgan holda nafaqat og‘zaki nutqda, hatto yozma manbalarda ham har xillikka yo‘l qo‘yilmoqda. Dohiysi deb ham, dohiyi deb ham, ayniqsa, respublika, viloyat radio, televideniyesi orqali futbol sharhlovchilari, hatto jurnalistlar, axborot sharhlovchilarining nutqida ham murabbiysi so‘zidan ko‘ra ko‘proq murabbiyi deb noto‘g‘ri qo‘llanilmoqda. Bu hol esa  “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning yuqorida ta’kidlangan bandiga to‘g‘ri kelmaydi.          

O‘rta umumta’lim maktablari 8-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallab nashr etilgan amaldagi “Ona tili” darsligi (Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa uyi, Toshkent, 2019) 25-sahifasining boshlanishida kitob – bilim manbayi shaklida va shu kitobning 27-sahifasi boshlanishida obi hayot – tiriklik manbayi shaklida misol tariqasida keltirilgan manbayi so‘zi aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgan. Bu kabi misollarni manbalardan ko‘plab keltirishimiz mumkin. Agar bu so‘zning manbayi shaklida yozilishi xato ekan, maktab darsligi nashrga berilishi oldidan qanchadan-qancha mutaxassislarning nazoratidan va tegishli tashkilotlarning ekspertizalaridan o‘tib, ko‘pming sonli nusxalarda chop etilganligiga qanday baho beramiz?!                                                                 

Bizningcha, manbayi so‘zining yangi alifboga asoslangan imlo qoidalari bo‘yicha qanday yozilishi to‘g‘riligiga bundan ortiq izoh bo‘lmasa kerak. Har doim so‘zlarni internet sahifalarida yozilayotganidek emas, yangi alifboga asoslangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ga tayanib yozsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Asos uchun shu kitobning tegishli sahifalarini keltiramiz.

 

Mardon BOLTAYeV,

Samarqand davlat universiteti dotsenti,

Sherali TEMIROV,

Samarqand viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.