Manzil-ma’lumot axborotlarini olish tartibini bilasizmi?

Manzil-ma’lumot axborotlari – fuqaroning doimiy propiskada turganligi, propiskadan chiqqanligi, turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganligi, shuningdek, ma’lumot mavjud emasligi haqida ma’lumotlardir.

Mazkur xizmatdan foydalanuvchi jismoniy shaxslar uchun quyidagicha xizmat ko‘rsatish tartibi amal qiladi:

Yuqoridagi axborotlarni olish uchun ariza beruvchilar Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXP (my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

So‘rovnoma to‘ldirilgach, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanib, vakolatli organ (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Manzil-ma’lumot byurolari)ga yuboriladi.

 Vakolatli organ so‘rovnoma kelib tushgan kundan boshlab 1 ish kunida QR-kod qo‘yilgan manzil-ma’lumot axborotni rasmiylashtiradi hamda uni tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki arizachiga YIDXP orqali elektron ravishda yuboradi.

Ariza beruvchilar faqat o‘zlariga tegishli manzil-ma’lumot axborotlarini olishlari mumkin. Boshqa shaxslarga tegishli manzil-ma’lumot axborotlari berilmaydi.

  Xizmatni ko‘rsatish muddati: 1 ish kunida. Xizmat narxi BHMning 3 foizi miqdorida – 9 900 so‘m.

Suhrob Qodirov, Samarqand shahar DXM boshlig‘i.