Maqola chop etish hisobotbozlikmi yo natijadorlik?

Yaqinda Markaziy saylov komissiyasi vakili ishtirokida siyosiy partiyalarning viloyat kengashlari rahbariyati, viloyat va okrug saylov komissiyalari raislari, shahar va tumanlar hokimliklari tashkiliy-nazorat guruhlari vakillari, deputatlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda 2019 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlarning natijalari, yutuq va kamchiliklar haqida so‘z bordi.

Yig‘ilishda har bir soha vakili o‘z yo‘nalishi bo‘yicha so‘zga chiqib, qanday me’yorlar kiritilsa yoki qay bir mezonlar takomillashtirilsa kelgusida saylov jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tashkil etish yengillashishi haqida taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Soha vakili bo‘lganim uchun, viloyat va hududdagi okrug saylov komissiyasining qarorlarini matbuotda chop etish masalasi haqida men ham o‘z fikrlarimni bildirdim.

Jumladan, tegishli hujjatga asosan tasdiqlangan Markaziy saylov komissiyasining markazlashtirilgan xarajatlari ro‘yxatida “Televideniye va radio orqali yoritish bilan bog‘liq xarajatlar” bandi bo‘lgani holda, negadir bosma nashrlar xarajatlari haqida hech gap yo‘qligi ajablanarlidir. Aniqroq aytganda, xarajatlari davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan televideniye va radioga saylov kampaniyasi davrida mablag‘ ajratildi, biroq xo‘jalik hisobida faoliyat yurituvchi bosma (davriy) nashrlar zimmasida, xususan, viloyat va tuman gazetalarida hududiy saylov komissiyalarining qarorlari, saylov uchastkalarining joylashuvi, nomzodlar tarkibi va hokazolar haqidagi hujjatlar chop etilishi majburiy ekani holda, ushbular uchun ketadigan xarajatlar biron bir manba tomonidan qoplanishi ko‘zda tutilmagan. Vaholanki, bosma nashrlardagi bugungi ahvol ko‘pchilikka, xususan, mutasaddi-yu muassislarga ham ma’lum.

Endi masalaning ikkinchi tomoniga e’tibor qarating.

Deylik, viloyatda 665 ming saylovchi bor. Ularga saylov kampaniyasiga doir ma’lumotlarni yetkazuvchi gazeta esa, atigi 8-9 ming nusxada chop etilishi, mantiqan qaraganda, qanchalik to‘g‘ri? Yoxud 121 ming 200 nafarga yaqin saylovchisi bor tumanda shu kabi ma’lumotlar 1000-1200 nusxalik tuman gazetasida chop etilishi faqat hisobot uchunmi?

Agar maqsad faqat hisobot uchun bo‘lsa, bu noto‘g‘ri bo‘lsa-da, tushunish mumkin, biroq agar biz aniq bir natijaga erishishni niyat qilgan bo‘lsak, ushbu masalaga jiddiy, odilona e’tibor qaratmog‘imiz shart.

Oradan bir muncha muddat o‘tgan bo‘lsa-da, ushbu mavzuni yana ko‘tarish ehtiyoji sezilgandek bo‘ldi. Gap shundaki, bugun shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatimiz ravnaqi uchun xizmat qilayotgan turli soha vakillari faoliyati natijadorligining bir mezoni sifatida, “matbuotda chiqish qilish, maqola chop ettirish” masalasi ham mavjud ekan... Buni menga ularning o‘zlari – sud, huquqni muhofaza qilish idoralari, yong‘in xavfsizligi xodimlari, o‘qituvchilar... yaqindan boshlab deputatlar ham... aytishdi.

Murojaat ham aniq va quruqqina: “Gazetaning shu soniga maqola berib yuborilsa, hisobot uchun kerak ekan, so‘rashyapti...” Alam qiladigani, ular nima maqsadda maqola e’lon qilmoqchi ekanliklarini yashirishmaydi, qaytanga, urg‘u berishadi: “Hisobot uchun!”

Xo‘sh, aslida ham gazetaga mualliflardan maqola hisobot uchun beriladimi? O‘sha hisobot-maqola muallifning rahbarlari, hamkasblari tomonidan mutolaa qilinadimi, yoki faqat ismi-familiyasi o‘qilsa, shu basmi?

Afsuski, bu kabi qarashlar tobora ko‘payib bormoqda. Yanada achinarlisi, bunday munosabatning sababi faqat obuna bo‘lmaganlik emas, bosma nashrlar mutolaasiga qiziqishning kamayib borayotganida hamdir. Ko‘pchilik gazetani mutolaa qilib fikrlashga, yaxshi bo‘lsa, yaxshiligini aytib, yomon bo‘lsa, aynan nimasi yomonligini ko‘rsatib, o‘z shaxsiy munosabatini bildirishga erinadi, biroq oldi-qochdi, asoslanmagan g‘iybatu fasodlarga, kimningdir jabr chekkani-yu qay bir amaldorning ishdan olingani haqidagi xabarlar ortidan quvishdan tolmaydi. Bu ma’naviy tanazzulning uchqunlari emasmikan, degan xavotir keladi ko‘ngilga...

Bosma nashrlar paydo bo‘lgandan buyon gazetada maqola e’lon qilish havas, g‘urur bo‘libgina qolmay, jamoatchilikka jamiyat, faoliyat, islohotlar va turli jarayonlar haqidagi
o‘z munosabatini bildirish hamda o‘z fikrlariga xayrixoh yoki qarshilarni bilish vositasi o‘laroq tushuniladi. Shuningdek, nafaqat gazetada maqola chiqarish, balki chop etilgan maqolalarni mutolaa qilish, munosabat bildirish ham inson ma’naviyati darajasini belgilovchi omillardan sanalishi bilan birga, jamiyatda uyg‘oq so‘z, sog‘lom qarashlar ko‘lamining kengayishiga ham xizmat qiladi. Qay bir korxonaning rahbari yoki xodimining maqolasi gazetada chop etilsa-yu, hamkasblaridan biri yoki boshqa bir tashkilot rahbari-xodimi unga maqolasini o‘qiganligi haqida aytib, fikrlariga qo‘shilishi yoxud boshqacha qarashda ekanligi haqida ma’lum qilsa... aslida maqolamizning natijadorligi shundan boshlanmaydimi? Bu esa gazetaning kelgusi sonida o‘sha munosabat bildirgan shaxsning mulohazalari munozara o‘rnida chop etilishiga ham sabab bo‘ladi. Bahs maydoni kengayadi, o‘quvchilar soni oshadi, jamiyatdagi ma’lum bir masalaga jamoatchilikning munosabati uyg‘onadi, xayrli yechim topadi.

Gazeta – xalq minbari. Unda faqat qay bir idoraning topshirig‘iga ko‘ra e’lon qilinadigan ma’lumotlar yoki hisobot uchun mo‘ljallangan raqamlar yig‘indisi emas, avvalo o‘qiladigan, faoliyat doirasida foydalaniladigan, yon-atrofimizga, jamiyatga foydasi tegadigan, sog‘lom fikr va munosabat uyg‘otadigan, hech bo‘lmasa, axborot chanqog‘ini bosadigan va ma’naviy ozuqa beradigan maqolalarni chop etishgina natijadorlikni ta’minlaydi.

Bektemir PIRNAFASOV.