Ekologik korrupsiya nima?

Samarqand shahrida “O‘zbekistonda ekologik korrupsiya: Korrupsiya sxemalarini fosh etish” mavzusida seminar-trening tashkil qilindi.
Ikki kun davom etgan treningda "Ekologik korrupsiya nima?", "Ekologik korrupsiyani tekshirish usullari, qonunchilik va ekologiya sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarliklar" kabi mavzularda tushunchalar berildi.
- Bu trening juda zarur, chunki ekologik korrupsiya nima ekanligini ko‘pchilik jurnalist, bloger va aholi ham tushunmaydi, - deydi trener Nargiz Qosimova. - Korrupsiya haqida bilishadi, lekin aynan ekologik korrupsiya bu alohida bir yo‘nalish. Ekologik muammolarni yaxshi tushunmagan jurnalist va blogerlar ekokorrupsiyani ko‘ra olishmaydi. Masalan, moratoriy e’lon qilinishiga qaramasdan daryo o‘zanlaridan qum, shag‘al qazib olish, qurilish vaqtida daraxtlarni noqonuniy kesish yoki atmosferani boshqa tomondan ifloslantirilishi, ya’ni havoga zararli moddalar chiqaruvchi korxonalar filtr qo‘ymasdan ishlashi va hokazo. Ekologik korrupsiya nafaqat tabiatga zarar yetkazadi, bu bevosita ekologik qonunchilikni buzilishini yaqqol ko‘rinishi hisoblanadi.
Mazkur trening aslida xamma viloyatlarda o‘tkazilishi shart, lekin faqat Samarqand va Namangan viloyatlarini tanlab oldik. Chunki Samarqand viloyatida Zarafshon daryosida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinishlar ko‘p qayd etilgan. Zero, loyihani asosiy maqsadi ham jurnalist va blogerlarning ekologik korrupsiya muammolarini aniqlash, yoritish va tahlil qilish borasida bilim va amaliy kunikmalarini rivojlantirishdan iborat.
Munisa Shamsiyeva.