Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Maqsadi yo‘qning tayini yo‘q»

Avtobusda Ahmad aka bilan tanishib qoldim. U kishi ham sihatgohga borayotgan ekan. O‘kinib xastaligi, qiynalib yashayotganligini aytdi.

- Farzanlaringiz yo‘qmi, - so‘radim achinib.

- Bor, xudoga shukur, uch o‘g‘il. Lekin birortasi hayotda o‘z o‘rnini topa olishmadi. Ikkitasi chetda, biri shu yerda mardikorlik qilib, kun kechiradi. O‘qigan, hunarmand, jamiyatda mavqega ega, hech narsaga zoriqmay, baxtiyor yashayotgan yigitlarga havasim keladi. “Nega mening bolalarim o‘shalarday bo‘lmadi”, deb o‘kinaman va o‘zimni aybdor his etaman. Qiyinchilik bilan sag‘ir o‘sganman, bolalarim ham menday xo‘rlanmasin deb katta xatoga yo‘l qo‘ygan ekanman. Ularni haddan tashqari yaxshi ko‘rardim, o‘zim yemay, kiymay topganimni ularga tutardim. Bolaligidan o‘qishiga, ishlashiga, hunar egallashiga qiziqmabman. “Hali yosh, ulg‘aysin, maktabni tamomlasin, bir gap bo‘lar”, deb xotirjam yuraveribman.

Ularning biror sohaga qiziqishi, qobiliyati borligini so‘rash, maqsad sari yo‘naltirish xayolimga kelmadi. Xatoyimni anglaganimda kech bo‘lgandi…

  Ahmad akaning o‘ksinib aytgan gaplarini tinglab, xayolga toldim. Darhaqiqat, inson hayotidagi omadsizlik, ruhiy tushkunlik, nochor yashash, xastalik maqsadsiz yashashdan kelib chiqadi. Odamzod faqat yeb-ichish, qorin qayg‘usida yashash uchun dunyoga kelmaydi. U hayotdan, tabiat go‘zalligi, odamlar mehr-muhabbati, aniq maqsadidan zavq olib yashashi, sevgan kasbi bilan oilasiga, jamiyatga foyda keltirishi zarur. Bu fazilatlar esa bolalikdan inson ongiga singdirilishi, oilada, bog‘cha, maktabda layoqatini tarbiyalashni ta’lab qiladi.

Rivoyat qilinishicha, bir kishi donishmandning huzuriga borib:

- Taqsir, farzand tarbiyasini qachondan boshlash kerak? - deb so‘rabdi.

- Farzandingiz necha yoshda? - debdi donishmand. 

- Endi tug‘ildi, hali chaqaloq.

- Siz to‘qqiz oyga kechikibsiz, - debdi donishmand. - Bolaning tarbiyasini ona qornidaligidan boshlash kerak edi!

Afsuski, hamma ota-ona ham farzand tarbiyasining bu jihatlariga e’tibor bermaydi. Ongimizda “hali bola, katta bo‘lsa, bir gap bo‘lar», degan aqida o‘rnashib qolgan. Vaqt boy berilgach, Ahmad akaga o‘xshab afsuslanamiz.

Dunyo, odamlar, jamiyat o‘zgaryapti. Tarbiya masalasi esa tobora og‘irroq tus olyapti. Endi «hali yosh, bog‘cha bor, maktab bor, davlat bor», deb xotirjamlikka berilib bo‘lmaydi. Farovon yashayapmiz. Ammo to‘qlikka sho‘xlik qilib haddan tashqari erka o‘sgan bolalarga, belbog‘iga yarimta non tugib, mardikor bozorda ish qidirib yurgan yigitlarga achinaman.

Armiyadagi xizmatdosh do‘stim Murodilla o‘n yasharligida onadan yetim qolib o‘sgan. Sag‘irlik uni erta ulg‘aytirib qo‘ygandi. Asosiy tarbiyani o‘qishdan olgandi, qo‘lidan kitob tushmasdi. Fikri tiniq, maqsadi aniq edi.

- Bitta haqiqatni anglab yetdim, jo‘ra, - derdi. - Odam baxtli bo‘lishi uchun oldiga aniq maqsad qo‘yib, unga erishish yo‘lida kurashishi kerak ekan.

Harbiy xizmatdan qaytgach, maqsadga yetish uchun Toshkendga ketdi. Universitetning kechki bo‘limiga o‘qishga kirdi. Kunduz kuni ishladi: vagondan ko‘mir, yog‘och, siment tushirdi, goho och, goho to‘q. Barcha qiyinchilikni yengib o‘qishni bitirdi. Shahardagi zavodlardan birida muhandis bo‘lib ishladi. Uylandi, farzandli bo‘ldi, ularni maqsadi sari intilish ruhida tarbiyaladi. Bir kuni tahririyatga xursand bo‘lib kirib keldi.

- Tabrikla do‘stim, - dedi quchoqlashib. - Qizim grant asosida o‘qishga kirdi.

Do‘stim o‘zida yo‘q xursand edi. Avval o‘g‘li ichki ishlar akademiyasiga, katta qizi tibbiyot universitetiga grant asosida o‘qishga kirishgandi.

Intilganga tole yor, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Chunki xalqimiz «Maqsadi yo‘qning, tayini yo‘q», deb bejiz aytmaydi.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.