«Mardikor bozori»da ahvol qanday?

Karantin e’lon qilingandan boshlab uyda qoling, degan fikr bot-bot takrorlanmoqda. Ayni paytda salomatlikdan muhimrog‘i yo‘q. Uyda qolish bu masalada eng muhim choralardan biri. Ammo…

Bugun bir kun ishga chiqmasa, oilasidagi moddiy qiyinchilik darhol seziladigan oilalar bor. Samarqandda doimiy ravishda bir martalik ish topish ilinjida to‘planadigan ishchilar, xalq tilida «Mardikor bozori» deb nomlanadigan joyga borib mashinadan tushganimdanoq guv etib, 10-15 chog‘li niqobdagi kishilar «ish bormi?» deb so‘radi. Tushib, ularning hozirgi ahvoli, ish bor yoki yo‘qligi bo‘yicha savollarimni bera boshladim. Ishlayman deguvchilar ko‘p emas, ammo bor.

- Ichki ishlar xodimlari kelib tarqatayapti, lekin majburlikdan chiqamiz, - dedi ulardan biri. – Ish ham juda kam, ammo oilani boqish kerak. Narx ham keskin tushib ketdi. Karantin kunlari boshlangandan buyon yaqinda, adashmasam, vodiydan bir tadbirkor kelib, oziq-ovqat mahsulotlari, niqob tarqatib ketdi.

- Men Kattaqo‘rg‘on shahridan qatnayman, - deydi Sobirjon Muhammadiyev. – Shu paytgacha bizga bandlik bo‘limlariga murojaat qilinglar, deb aytishdi. Bordim, ammo tayinli ish topib berishmagach, yana mardikor bozoriga chiqishga majburman. Hozirda avtobuslar qatnovi ham to‘xtatildi. Taksida kelib-ketish qimmatga tushyapti. Ishga chiqmasam oilani boqishga juda qiynalib qolaman.

Ayni paytda ushbu hududga keluvchi ishchilar doimiy ravishda ichki ishlar xodimlari tomonidan tarqatilib, odamlarning yig‘ilib turishining oldi olinmoqda. Ammo kunlik daromad topuvchilar ham ayni paytda e’tiborga muhtoj. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi kam ta’minlangan oilalar qatorida bu oilalarni ham e’tiborga olishlari lozim, nazarimizda.

Gulruh MO‘MINOVA.