"Mardikor bozori": Sharoit ishchilar uchun emasmi? Zamonaviy zalga qulf osilgan, ishchilar tashqarida

Samarqand shahar Sadriddin Ayniy ko‘chasidagi “mardikor bozori” qator yillardan buyon yo‘lning yoqasida joylashgan bo‘lib, u yerda transport qatnovi ham qiyin edi. Sababi, kunlik ishga chiqqanlar ish beruvchilarning mashinasini o‘rab olib, boshqa avtomashinalar o‘tishiga xalaqit berardi.

Bundan tashqari, qishning sovug‘i, yozning jazirama issig‘ida ko‘chada turish kishilar salomatligiga jiddiy putur yetkazardi.

Yaqinda o‘sha ko‘chada Samarqand shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi huzuridagi “Kunlik ishchilar markazi” ochildi. Markazda kunlik ish izlab chiqqan fuqarolar uchun katta, shinam kutish zali qurildi. Kutish zalida yollanma ishchilar ish beruvchini kutib turishi mumkin. Ammo biz borganimizda negadir ushbu zal yopiq ekan. Markaz darvozasida ikki nafar IIB xodimi ish beruvchilarning avtomashinasini ichkari hovliga yo‘naltirib, nazoratni saqlab turibdi. Ish beruvchilar avtomashinasida markaz hovlisiga kirib, ishchilarni yollab olib ketmoqda. Darvozadan kirishda yetmishga yaqin fuqaro mashinamizni o‘rab oldi. “Nega kutish zalida hech kim yo‘q?”, degan savolimizga “Bu bino doim yopiq, bizni kiritmaydi”, deyishdi.

Nega kutish zalidan foydalanilmayapti?

Biz kutish zali eshigini tortib ko‘rib, haqiqatda eshik yopiqligini tasvirga ola boshladik. Bir zumda atrofimizni odamlar o‘rab oldi. Dastlab markaz qorovuli paydo bo‘lib, “Bu xona qishda ochiladi, odamlar sovqotmasligi uchun qilingan”, dedi. “Qirq daraja issiqda odamlar tashqarida turadimi?”, degan savolimdan keyin markaz mutaxassisi Ulug‘bek Abdaxazov paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng ishchilar uchun qurilgan bino eshiklari ochildi.

- 2022 yil 14 aprel kuni ushbu markaz ishga tushdi, - dedi U.Abdaxazov. – Kunlik ishchilar uchun zamonaviy kutish zali, 100 o‘rinli yotoqxona qurildi. Yotoqxonamiz hozircha ishga tushgani yo‘q, mebel keltirilishi kerak. Yotoqxona ichida oshxona ham bor, bu yerda istiqomat qiluvchilar uchun ovqat tayyorlanadi. Yotoqxona, asosan, uzoq tuman va viloyatlardan kelganlarga bepul beriladi. “Kunlik ishchilar markazi”da har kuni 180-250 nafarga yaqin fuqarolarni ro‘yxatga olamiz. Bu yerda Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridan ham kelib ishlovchilar bor. Fuqarolarga kunlik, mavsumiy ishlardan tashqari, doimiy ishlar ham topib beramiz. Mana bu doskada viloyatimizning barcha tumanlaridagi mavjud doimiy ish o‘rinlari yozilgan. Markaz ochilgandan buyon 120 nafar fuqaroni doimiy ish o‘rni bilan ta’minladik. Kutish zalimiz har kuni fuqarolar uchun ochiq, yopilmaydi.

- To‘g‘risini aytsam, bu binoni ochib qo‘yishsa, odamlar qadriga yetmayapti, - dedi fuqarolardan biri. – Toza-ozoda joyda kimdir sigaret cheksa, kimdir nos tuflayapti. Bechora farrosh ayol plitadan nosni zo‘rg‘a tozalayapti. Odamlarning o‘zlari tartibsiz, shunday sharoitning qadriga yetmayapti. Hojatxonaga ham qarab bo‘lmaydi, odamlar ichiga har narsani tashlab chiqyapti.

Kutish zali shisha devorli bo‘lib, hali ertalab bo‘lishiga qaramasdan, bino ortidagi o‘rindiqlarda 3-4 kishi uxlayapti. Qorovulning aytishicha, uxlayotganlarning hammasi ham tartibli, intizomli kishilar emas. Ba’zilari kunlik ishlab kelib, topgan puliga spirtli ichimlik ichib, yotib olarkan.

Dastlab kamerani ko‘rib, har tomonga qochib ketayotgan odamlar "Yuzingizni ko‘rsatmaymiz", deganimizdan so‘ng intervyu berishga rozi bo‘lishdi.

 “Past Darg‘omda doimiy ish o‘rni yo‘q”

- O‘n yildan buyon mardikor bozoriga kelaman, shu yerdan ish topib, oilamni boqaman, - dedi Isroil Annayev. – Uch nafar farzandim bor. O‘zim Past Darg‘om tumanida yashayman, har kuni tumandan 25 ming so‘mga qatnab ishlayman. Kuniga 200-300 ming so‘mgacha topaman, ba’zi kunlari umuman ish topilmaydi, uyga quruq qo‘l bilan qaytaman. Doimiy ish o‘rni bo‘lmagani sabab har kuni shaharga qatnab ishlashga majburman. Biz avval ko‘chada turib, ish izlardik. Endi ko‘rib turganingizdek biz uchun markaz ishga tushdi, ammo ochilganidan buyon kutish zalidan foydalanganimiz yo‘q. Hamisha yopib qo‘yiladi.

 “Mardikorlarga ham kreditga uy berilsa...”

- Narpay tumanidanman, qishloqda ham uyim yo‘q. Shuning uchun Samarqand shahrida oilam bilan ijarada yashayman, - dedi Quvondiq Haqnazarov. – Uch nafar farzandim, turmush o‘rtog‘imni kunlik ish topib boqaman. Ijaraga 1 million 500 ming so‘m to‘layman. Asosan yuk tashish, tushirish singari ishlarga boraman. Kuniga 200-300 ming so‘m topaman. Hayotimdan nolimayman, ammo biz singari mardikorlarga kreditga uy berilmaydi. Bir necha bor bu haqda hokimiyatga murojaat qildim, ammo natijasi bo‘lmadi. Agar davlat biz kabi ishsiz fuqarolarga ham kreditga uy bersa, ijaraga beradigan pulimni har oy kreditga to‘lardim.

- Men asli kattaqo‘rg‘onlikman, Urgutda oilam bilan ijarada yashayman, - dedi fuqarolardan biri. – Mening ham qishloqda uyim yo‘q. Har kuni mardikor bozorga ish axtarib kelaman. Haqiqatan ham davlat tashkilotida ishlamaydigan biz singari fuqarolarga kreditga uy berilsa, ijaraga to‘laydigan pulni kreditga berardik va uyli bo‘lib qolardik. Ammo bizning muammomizni hech kim eshitmayapti.

Kunlik ishchilar maosh oladiganlardan ko‘p pul topadi

Mardikor bozoridagilarning aytishicha, astoydil mehnat qilgan kishi kunlik ishlab ham maoshga ishlaydiganlardan ko‘p pul topadi. Agar ishchi bir kunda o‘rtacha 200 ming so‘mdan ishlab topsa, bir oyda 6 million so‘m bo‘ladi. Shuningdek, topgan puliga spirtli ichimlik sotib oladiganlar nonini ham qiynalib topishi, ya’ni barakasi yo‘qligini ham yashirishmadi. “Asosan, bu yerda yetmish foiz odam uyim-joyim deb yurganlardan, ular halol mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratyapti”, dedi fuqarolardan biri.

Xullas, harakat qilgan odam mardikor bozorga chiqib ham oila tebratishi mumkin. Bu borada “Kunlik ishchilar markazi” ishsiz fuqarolarga xizmat qilishi, unda yaratilgan shart-sharoitlar faqat “yuqori”dan kelganlarga ko‘rsatish uchun yopib qo‘yilmasligi kerak. To‘g‘ri, tartibsiz fuqarolar bo‘lishi tabiiy, faqat ularga markaz mutaxassislari tartib-intizomni o‘rgatishi lozim.

- Bunday markaz hali respublikamizning hech qayerida yo‘q, - dedi markaz mutaxassisi. – “Kunlik ishchilar markazi” ochilguncha buning ortida qancha rahbarlar ishsiz fuqarolarga shart-sharoit yaratishga harakat qildi, mehnat qildi. Fuqarolar ham markazda yaratilgan shart-sharoitlarni qadrlashi kerak.

Yana bir gap. Biz markazni izlab kelayotganimizda mardikor bozorining eski o‘rnida 15-20 nafar atrofida kunlik ishlash uchun chiqqanlarni ham ko‘rdik. Nazarimizda ular markazga kirishni istamasdan, shundoq ko‘chada turib, avvalgidek ish izlamoqda. Fuqarolar xavfsizligi va salomatligini o‘ylab qilingan markaz ularga yoqmagan yoki tezroq ish topish niyatida. Nima bo‘lgan taqdirda ham hamma belgilangan tartib-qoidaga amal qilishi kerak. Zero, rizq Allohdan, unga shoshilib erishib bo‘lmaydi.

 Xurshida Ernazarova.