Deputat muammo qo‘yadi: “Mardikor bozori” o‘rnini qachon “Mehnat bozori” egallaydi?
Bu yangi mavzu emas, shu paytgacha ham juda ko‘p gapirildi, muhokama qilindi. Ammo natija kutilganidek emas. Aniqrog‘i, joylardagi “mardikor bozor”lari yo‘qolmayapti. Bu joyga keluvchilar ko‘paysa ko‘payayaptiki, kamaygani yo‘q. Bugun mehnat bozoridagi holatni tahlil etadigan bo‘lsak, bunday bozorlar yo‘qolmasa ham kerak. Chunki kunlik mehnat faoliyatini taklif etayotganlar ham, bunga ehtiyoj ham yuqori.
Xo‘sh, nima qilish kerak?
Mazkur faoliyatni qonuniy asosda, o‘z mehnatini taklif etayotgan ish izlovchining huquq va manfaatlarini himoyalab, kafolatlab yo‘lga qo‘yish lozim.
Bu o‘rinda davlat rahbarining shu yil 8 iyunda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash lozim.
Mazkur hujjatda o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun 67 xil ish va xizmatlar turlari tasdiqlandi. Bu xizmatlar qatorida bugun “mardikor bozor”larda taklif etilayotgan xonalarni tozalash, jismoniy shaxs hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish, qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, dehqon va fuqarolarning tomorqa uchastkalarida yer chopish va rekultivatsiya ishlarini bajarish, ekinlarga ishlov berish, hosilni yig‘ishtirib olish kabi ishlar ham bor. Ya’ni, bugun kunlik yollanma ishga chiqayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilib, mehnat faoliyatini qonuniylashtirib qo‘yishi mumkin. E’tiborlisi, ular bir yil uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lasa, kelajakda pensiya ta’minotini ham kafolatlaydi.
Aslida fuqarolar uchun yengillik, imtiyoz bo‘lgan bu tartibni ham ko‘pchilik, mohiyatiga yetmagan holda, noto‘g‘ri talqin qildi. O‘zim ham kunlik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga bu haqda aytganimda ularning javobi bir xil bo‘ldi – «endi shu ishimiz uchun ham soliq to‘laymizmi», «uyimizga soliqdan xat kelaveradi-da». Bu mazkur yangi tartibdan aholining yetarli darajada xabardor emasligi, qarorning mazmun-mohiyati, maqsadi tushuntirilmaganidan dalolat, albatta.
Mayli, bu alohida mavzu. Bunga ham har kimning turlicha qarashi bor. Ammo biz aytmoqchi bo‘lganimiz hozirgi norasmiy “mardikor bozor”lar va bu maskanlarda kishilar uchun umuman shart-sharoit yo‘qligida.
Bugun Samarqand shahridagi Sadriddin Ayniy va Panjikent ko‘chalari chorrahasidagi, Samarqand tumanidagi sobiq parrandachilik fabrikasi yaqinidagi yoki “betonka”dagi, Past Darg‘om tumani Nayman mahallasi hududidagi kunlik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ish izlab chiqadigan kishilar to‘planadigan joylarga bir nazar soling. Qayerda, qanday sharoit yaratilgan? O‘rindiq bormi, yog‘ingarchilik yoki issiq taftidan himoyalanish uchun soya-salqin joy qilinganmi? Afsuski, bu haqda gapirish noo‘rin. Mana shu joylarga borib, mashinangizni to‘xtating, bir zumda 10-15 chog‘li odam yopirilib kelib, “Nima ish bor?” deb so‘raydi. Bunday joylarda turli xil yo‘l-transport hodisalari ham tez-tez uchrab turishi hech kimga sir emas.
Erkaklarga-ku ko‘zimiz o‘rganib qolgandir, ayollar-chi? Ular ham mana shunday sharoitda ish izlashiga qachongacha beparvo qarab turamiz (Shu gaplarni yozyapmanu ko‘nglimda bir xavotir ham bor – ishqilib, mana shu maqola ortidan “mardikor bozori”da to‘planadiganlar bu joylardan quvib yuborilmasin-da, ularga yaxshilik qilaman, deb yomonlik qilib qo‘ymayin-da).
To‘g‘ri, bir necha yil oldin joylarda fuqarolarni vaqtinchalik ish bilan ta’minlash markazlari tashkil etilib, ma’lum bir sharoitlar yaratilgandi. Samarqand shahridagi Panjikent ko‘chasida ham shunday joy bor edi, ammo keyinchalik uning o‘rnida boshqa bino qurildi. O‘tgan yil esa Sadriddin Ayniy ko‘chasida mehnat bozori qurilishi haqida aytilgandi, buning uchun joy ham tanlangandi. Afususki, bu ham hozircha “gap”ligicha, rejaligicha qolmoqda.
Bugun mehnat munosabatlari sohasida ko‘p yangiliklar, o‘zgarishlar bo‘lyapti. Ishsizlik eng og‘ir muammo, deb tan olinib, unga yechim izlanmoqda. Mana shunday paytda bu yo‘nalishdagi ishni avvalo har kuni o‘zimiz ko‘rayotgan, ko‘zimiz o‘rganib qolgan muammoni yechishdan, bu borada ham yangicha yondashuvlardan foydalanishdan boshlaylik. Shu xizmatga ehtiyoj bor ekanmi, davlat tomonidan yoki xususiy sektor orqali sharoit yaratib berish chorasini ko‘raylik. Bu masalani jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish, mahalliy Kengashlar darajasida ko‘rib chiqib, aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish vakolatimiz bor-ku!
Jamiyatdagi har bir kichik ijtimoiy muammo ertaga undan kattaroq masalalarga sabab bo‘lishi mumkin. “Mardikor bozori”dagilar ham sizu bizga begona emas, ular boshqa joydan kelmagan va bu joylarga majburlikdan, tirikchilik uchun, ro‘zg‘or tashvishida chiqqan. Shuni unutmasak bo‘lgani.
Narziqul XOLIQOV,
xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati.