Mehnat bozori: Ishsizlar soni bilan bo‘sh ish o‘rinlari o‘rtasida mutanosiblik bo‘lishi shart

2019 yilgi ma’lumotlarga qaraganda Samarqand viloyatida qariyb 148 mingdan ziyod vaqtincha va doimiy ishsizlar bor. Bu iqtisodiy faol aholining 9,3 foizini tashkil etadi.

Samarqand shahri va uning atrofida bir qancha norasmiy mardikor bozorlari mavjud. Jumladan, shaharning Sadriddin Ayniy va Panjakent ko‘chalari chorrahasida har kuni 250-350 nafar, Samarqand tumanidagi sobiq parrandachilik fabrikasi yaqinida 150-200 nafar, Toyloq tumani hududida, katta yo‘l yoqasida 200-300 nafar (shundan 100 nafargacha ayollar), Past Darg‘om tumani Nayman mahallasida, yo‘l ustida 100-150 nafarga yaqin kunlik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kishilar bor.

Bugun ish izlayotgan fuqarolarning ehtiyoji va qobiliyatiga ko‘ra, bandligini ta’minlash muhim masala bo‘lib, bu bandlik bo‘limlari, mono-markazlar, kasb-hunarga o‘rgatuvchi o‘quv kurslarining vazifasi sanaladi. Avvalo, bu holatda mahallalardan boshlab, har bir xonadonda mehnatga yaroqli qancha aholi borligi va uning qanchasi ish bilan band emasligini hisobga olish muhim ahamiyatga ega. Masalaning ikkinchi tomoni, hududda xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida qancha ish o‘rinlari borligini hisobga olish kerak. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ishsizlarning 99,7 foizi o‘rta va o‘rta maxsus ma’lumotli. Bunda albatta, ishsizlar soni bilan bo‘sh ish o‘rinlari o‘rtasida nomutanosiblik vujudga keladi.

Mardikorlik qadimdan ma’lum bo‘lib, mehnat bozori hamma davrlarda unsurli, tartibsiz shakllangan. Ammo buni ma’lum bir vositalar orqali tartibga solish ham mumkin. Masalan, mardikorlar bozorini ish izlovchining to‘liq ma’lumotlari va unga talabgorning xohishi asosida shakllantirish orqali mehnat bozoriga aylantirish.

Samarqand shahri va uning atrofida bir qancha norasmiy mardikor bozorlari mavjud. Jumladan, shaharning Sadriddin Ayniy va Panjakent ko‘chalari chorrahasida har kuni 250-350 nafar, Samarqand tumanidagi sobiq parrandachilik fabrikasi yaqinida 150-200 nafar, Toyloq tumani hududida, katta yo‘l yoqasida 200-300 nafar (shundan 100 nafargacha ayollar), Past Darg‘om tumani Nayman mahallasida, yo‘l ustida 100-150 nafarga yaqin kunlik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kishilar bor.

Ular orasida turli toifadagi va yoshdagi kishilar, talabalar, turli kasb egalari, hatto boshqa viloyatlardan ish izlab, shu yerda ijarada yashayotgan fuqarolarni ham uchratish mumkin.

Mehnat bozori masalasi boshqa mamlakatlarda qanday?

Yaponiya, Singapur, Malayziya va Koreya Respublikasi aholi bandligi va ishsizlikni kamaytirish masalasida jadal o‘zgarishlarni amalga oshirgan. Ular mehnat bozori muammolarini hal etishda inson resurslarini shakllantirish, ishga joylashtirish, ishsizlar daromadini kafolatlash va xorijiy ishchilarga munosabat siyosatini o‘z ichiga oladigan chora-tadbirlarni belgilab, vaziyatni yumshatish va yechish usullarini aniqlagan. Lekin Koreya Respublikasi, Singapur va Malayziyada mehnat bozori muammosini hal qilishda mehnat bozori siyosatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi ikkita asosiy omilni ko‘rsatish mumkin. Bunda ular kasaba uyushmalari savdosi va ishlab chiqarish munosabatlari, inson resurslariga e’tibor qaratishgan.

Ularda qisqa vaqt davomida mamlakatning industrlashtirilgani ishchi kuchi yetishmasligiga olib keldi. Bu esa o‘z navbatida, ishchi kuchiga ketadigan xarajat va ish haqining oshishini keltirib chiqardi.

Umuman, rivojlangan davlatlar amaliyotida ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish hukumatning, alohida firmalarning ham diqqat markazida bo‘lgan. Bu davlatlar mehnat qonunchiligida ishchi kuchi yetishmovchiligi va bunda xorijiy ishchi kuchlariga talab oshgan vaqtda nafaqa yoshidagilar mehnatidan, ayniqsa, aqliy mehnat sohasida mehnat qilishi mumkin bo‘lgan mehnat resurslari uchun nafaqaga chiqish yoshini 55 emas 62 yoshga ko‘tarish amaliyoti ham qo‘llanilgan.

Tabiiyki, ishsiz va bilimsiz, kasbsiz fuqaro ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topolmaydi. Shuning uchun bu davlatlarda ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish, o‘rgatishga e’tibor qaratilgan.

Kasb-hunarga o‘rgatuvchi o‘quv kurslari, markazlarni ko‘paytirish kerak

Prezidentimizning 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘zini o‘zi band qilayotgan shaxslar uchun 67 ta ish va xizmat turlari tasdiqlangan.

Qarorga muvofiq, bizda ham mehnat migrantlarini kasbga o‘qitish, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib sharoitlar yaratish, chet tillarini o‘rgatish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarning integratsiyasi masalalari Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi doirasida ko‘rib chiqiladi.

2019 yilgi ma’lumotlarga qaraganda, respublikamizda 1335,3 ming kishi, viloyatimizda esa qariyb 148 mingdan ziyod vaqtincha va doimiy ishsizlar mavjud. Bu iqtisodiy faol aholining 9,3 foizini, bandlik darajasi esa 65,4 foizni tashkil etgan. 2020 yil pandemiya sharoitida yaqin va uzoq xorij davlatlardan yurtimizga qaytib kelgan va yana qancha o‘sha yerlarda qolib ishlayotgan fuqarolarimiz bor. Norasmiy ma’lumotlar esa respublikamizda mehnatga yaroqli aholining salmoqli qismi ishsiz ekanligidan dalolat beradi. Bu o‘z navbatida, aholi o‘rtasida demografik tadqiqotlar olib borishni taqozo etadi.

Yaqinda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali ilmiy tadqiqotchilari ishsizlik muammosini chuqurroq o‘rganish, monografik tadqiqot olib borish maqsadida mehnat bozori (mardikor bozori)da ishsizlarning istak-xohishlarini o‘rganib, ijtimoiy so‘rovnomalar, mahallalarda alohida suhbatlar o‘tkazdi. Shuningdek, viloyat tumanlarida mehnat resurslari va ularning yetishmovchiligi mezonlari bo‘yicha individual holat ham o‘rganildi. Jarayon 5 mingga yaqin kishini qamrab oldi. Avvalo, o‘rganish mardikorlar turadigan nuqtalardan boshlandi. Bu ijobiy natija bermagandan keyin, qishloqlarda mardikor bozorlariga chiqadiganlar bilan so‘rovnomalar o‘tkazildi, tahlil qilindi.

Ijtimoiy so‘rovnomalarda 845 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ular 4 ta asosiy belgi bo‘yicha guruhlarga ajratildi. Mardikor bozori ishtirokchilarining (erkaklar) ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, bir kunlik ro‘zg‘orini boqish uchun chiqqanlar salmog‘i 79,4 foizni (ayollar bo‘yicha o‘rtacha 78,5 foiz) tashkil etdi.

Mardikor bozori ishtirokchilarining ma’lumoti bo‘yicha guruhlanishida eng yuqori ko‘rsatkich o‘rta ma’lumotlilarda bo‘lib, o‘rtacha 92,8 foizni tashkil qilgan. Yosh bo‘yicha guruhlanishida 21-30 yoshdagilarning salmog‘i yuqori bo‘lib, 50,5 foizni ko‘rsatdi (31-40 yoshdagilar o‘rtacha 31,8 foiz).

Bugun aholi bandligi va ishsizlik masalalariga qanchalik e’tibor qaratilmasin, masalaning ahamiyati pasaygan emas. Chunki real iqtisodiyot tarmoqlarida rivojlanish intensiv yo‘nalishda davom etib, kelajakda barcha soha va tarmoqlar raqamli iqtisodiyotga o‘tishi munosabati bilan ishsizlik va bandlik masalalari yanada dolzarb bo‘lib boraveradi. Shu bois, maktablar va oliy ta’lim muassalarida kasbiy  yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha o‘quv kurslari va hunar o‘rgatuvchi markazlarni tashkil qilish maqsadga muvofiq.

Olim Murtazayev, TDIU Samarqand filiali direktori, professor.

Farhod Ahrorov, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, dotsent.