O‘zga yurtda, Vatandan va yaqinlardan olisda ko‘ngilsiz holatga tushmay desangiz...
Keyingi yillarda Tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq vaziyat tubdan o‘zgardi. Bu vatandoshlarimizning xorijda ishlashi uchun sharoit yaratish, ularning haq-huquqini himoya qilish, kafolatli mehnat bozorini yaratish, qolaversa, yurtdoshlarimiz Vatanga qaytib kelgandan keyin ham e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarda namoyon bo‘lyapti. Bugungi kunda agentlikning viloyat filiali tomonidan olib borilayotgan ishlar ham salmoqli.
Sohadagi yangiliklar haqida tashqi mehnat migratsiyasi agentligining viloyat filiali rahbari Sunnatilla Abdusaidovga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
- Sunnatilla aka, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyat maqsadi nimalardan iborat? Bugun xorijda ishlash istagida bo‘lgan har qanday fuqaro ham afsuski, bundan xabardor deya olmaymiz.
- Aynan shunday. Shu sababli xorijda ishlashni maqsad qilgan ko‘pchilik fuqarolar bevosita shu ishga mas’ul rasmiy tashkilot – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga emas, aksincha, firibgarlikni maqsad qilgan kishilarga murojaat qiladi, ularga ishonch bildiradi. Oqibatda esa hali chetga chiqib ulgurmay, ba’zan xorijga borganidan so‘ng aldanganini tushunadi. Ana shundan keyingina ular agentlikka yordam so‘rab murojaat qiladi. Afsuski, bugun ham bu kabi holatlar ko‘p uchrayapti. Ehtimol, faoliyatimizni yoritishda o‘zimiz ham faol bo‘lishimiz, bu kabi holatlarning oldini olishimiz kerakdir.
Bugungi kunda agentlikning ustuvor vazifasi fuqarolarga xorijda mehnat faoliyatini olib borish va mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga ishga joylashishda ko‘maklashishdan iborat. Bu yo‘nalishda xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish, xavfsiz, tartibli, qonuniy mehnat migratsiyasi tizimida fuqarolarni ishga yuborish, ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilyapti. Eng muhimi, keyingi yillarda sohada me’yoriy-huquqiy baza yaratildi. Mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish maqsadida 2016-2022 yillarda sohaga doir 17 muhim hujjat, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining ikkita qonuni, Prezidentning to‘qqizta qarori, bitta farmoni, Vazirlar Mahkamasining beshta qarori qabul qilindi.
- Mehnat migrantlarini kasbga tayyorlash va til o‘rgatish maqsadida qisqa muddatli kurslar tashkil etilgan edi. Ularning samarasi ko‘rinyaptimi?
- Viloyatda xorijga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasbga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida “Ishga marhamat” monomarkazi hamda 4 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, qurilish sohasida 16 yo‘nalishda mutaxassis tayyorlash markazi ishga tushirildi. Shuningdek, Yaponiyada ishlash uchun “Yapon tili va maxsus kasbiy malaka tayyorlash” kurslari, Germaniyada ishlash uchun ketishdan oldin tayyorlash markazi kabi xorijiy o‘quv muassasalari tashkil etilgan. Yaponiyada qishloq xo‘jaligi, qariyalarni parvarishlash va ishlab chiqarish sohalarida ishlash istagidagi 30 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarni “Ishga marhamat” monomarkazida yapon tili kurslariga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Fuqaro ishsiz bo‘lsa, o‘z hududidagi aholi bandligiga ko‘maklashish markazi yo‘llanmasi asosida bepul o‘qishi mumkin. Darslar malakali mutaxassislar tomonidan 6 oy davomida olib boriladi. Kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, yapon tilini N4 darajada o‘zlashtirgan fuqarolar ish beruvchilar talabi bilan agentlik tomonidan tanlov asosida tashkiliy holda Yaponiyaga ishga yuboriladi.
Joriy yilning 9 oyida monomarkazlar, kasb-hunar markazlari va qisqa muddatli kurslarda xorijda ishlash istagida bo‘lgan 4,5 ming nafar fuqaro kasbga va chet tillariga o‘qitildi. O‘quv jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagan 119 nafar tinglovchiga rus tili, 11 nafariga yapon tili bo‘yicha sertifikatlar berildi.
- Yurtimizdan xorijga ishlash uchun ketayotganlar asosan, Rossiya Federatsiyasiga yo‘l oladi. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib aytish mumkinki, migratsiyaning geografiyasini kengaytirish juda muhim.
- Albatta, to‘rt-besh yildirki, bu yo‘nalishda faol ish olib borilyapti. Xususan, salohiyatli ish beruvchilar bilan 399 ta hamkorlik shartnomalari imzolangandi. Mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida Germaniya, Polsha, Serbiya va Angliya davlatlarining ishga joylashtirish sohasida vakolatli kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida xorijiy ish beruvchilar ishtirokida tanlovlar o‘tkazilmoqda. Fuqarolarni rivojlangan davlatlarga, ya’ni ko‘proq maosh berishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarga yuborish bo‘yicha shu davlatlarning ish beruvchilari bilan doimiy muzokaralar olib borilyapti. Maqsad yurtdoshlarimizni faqat bir yoki ikki davlatga bog‘lanib qolmasdan, xorijda manzilli, xavfsiz ish bilan ta’minlashdan iborat.
Joriy yilning 9 oyida Serbiyaga 68 nafar, Angliyaga 6 nafar, Janubiy Koreyaga 278 nafar va Germaniyaga 5 nafar fuqaro ishga yuborildi.
- Xorijdagi mehnat migrantlarini huquqiy, ijtimoiy va lozim paytda moddiy qo‘llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish maqsadida bir nechta mamlakatlarda agentlikning vakilliklari ish boshlagan edi.
- Bugungi kunda Koreya Respublikasining Kvangju, Qozog‘istonning Chimkent, Turkiyaning Istanbul, Rossiya Federatsiyasining 16 ta shahrida agentlikning vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Xorijda yurgan fuqarolar, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun boshpanasiz qolganda va og‘ir vaziyatga tushganda vakolatxonalarga murojaat qilishlari mumkin. Joriy yilning 9 oyida xorijdagi 2 ming 142 nafar yurtdoshimizga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
Alohida ta’kidlash o‘rinliki, mehnat migrantlari uchun sug‘urta polislari tashkil etilgan. Aeroportda maxsus xona tashkil etilib, agentlik tomonidan xorijga ishga ketayotgan fuqarolarga sug‘urta polisi beriladi va u qaysi davlatda ishlayotgan bo‘lsa, kerak paytda o‘sha hududdagi vakilga murojaat qilishi mumkin. Bugungacha xorijga ishlash uchun ketayotgan 6 ming 48 nafar fuqaroning hayoti va sog‘lig‘i sug‘urta qilindi.
Mehnat migratsiyasi orqali xorijga chiqib ketayotgan 431 nafar fuqaroga “Mikrokreditbank” tomonidan ishga joylashish xarajatlarini qoplash uchun mikroqarzlar berildi. Bundan tashqari, viloyatda muntazam ravishda xorijiy ish beruvchi kompaniyalar ishtirokida mehnat yarmarkalari tashkil qilinmoqda.
- Xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga ish topishda qanday yordamlar ko‘rsatilyapti?
- Qaytib kelgan mehnat migrantlari bilan suhbat o‘tkazilib, qiziqishi va kasbiga qarab, bandligi ta’minlanyapti. Jumladan, joriy yilda xorijdan qaytib kelgan 95 nafar fuqaroga o‘z tadbirkorligini boshlashi uchun kredit ajratishda ko‘mak berildi. Bundan tashqari, qaytib kelgan 21 nafar fuqaro tadbirkorlikka o‘qitildi. Shuningdek, qurilish sohasida ishlash istagi bo‘lgan 358 nafar fuqaro qurilish korxonalariga ishga joylashtirildi.
Albatta, ishlash maqsadida chet elga ketayotgan vatandoshlarimiz tezda yetib borib, oilasiga pul jo‘natishni istaydi. Biroq, biror hunari yo‘q, borgan mamlakati qonunchiligidan xabardor bo‘lmagani oqibatida turli muammolarga duch keladi. Unutmaslik lozimki, qaysidir xorijiy mamlakatda ishlashni maqsad qilgan kishi avvalo, biror kasbni puxta egallashi va o‘zi bormoqchi bo‘lgan davlat tilini ma’lum darajada bilishi lozim. Ana shunda Vatandan va yaqinlaridan olisda ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmaydi.
Sulaymon MARDIYeV suhbatlashdi.