Mehnat bozorida yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish uchun qanday amaliy ishlar qilish kerak?
Bugungi kunda ishsizlikni kamaytirish va aholi bandligini ta’minlash muammolari dolzarbligicha qolmoqda. 1998 yildagi “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun bugungi kun talabiga javob bermasligi, mehnat va bandlik sohasidagi ayrim muammolarni hal qilishga qaratilgan normalar mavjud emasligini inobatga olib, respublikamizda aholining ish bilan bandligini ta’minlashning qonuniy asosini takomillashtirish maqsadida yangi tahrirdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Yangi qonun to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan xususiyatga ega bo‘lib, sohaga doir mavjud 3 ta qonun, ish bilan bandlik va mehnat bozorini tartibga solish, tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalarga oid qabul qilingan 40 dan ziyod me’yoriy hujjatda ko‘zda tutilgan huquqiy normalarni, tizimdagi so‘nggi islohotlarni, yangi moliyaviy mexanizmlarni o‘zida ifoda etgan.
Yangi qonunda birinchi marta ish bilan bandlar maqomi to‘liq bayon etilgan. Ular qatoriga mehnat shartnomasi bo‘yicha haq evaziga to‘liq yoki to‘liqsiz ish vaqti shartlari asosida ishlayotganlar bilan birga o‘zini ish bilan mustaqil ravishda ta’minlayotgan fuqarolar, shu jumladan hunarmandlar, oilaviy korxonalarning ishtirokchilari, dehqon xo‘jaliklarining, ishlab chiqarish kooperativlarining a’zolari, fermer xo‘jaliklarining a’zolari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek xizmatlar ko‘rsatish (ishlarni bajarish) faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa shaxslar, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan hamda o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarida, shu jumladan diniy tashkilotlarda ishlayotgan fuqarolar ham kiritilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar hamda autstaffing xizmatlarini ko‘rsatuvchi ish beruvchilarning sohadagi vazifalari alohida moddalarda belgilandi.
Ishsizlarning, xususan, yoshlarni kasb-hunarga, tadbirkorlikka va xorijiy tillarga o‘qitish, shuningdek, belgilangan tartibda xorijga vaqtincha ishga joylashish uchun ketayotgan fuqarolarni oldindan moslashtirish, shu jumladan, ularni kasb-hunar, tadbirkorlik va chet tillariga o‘qitish maqsadida mahalla, tuman (shahar) va hudud markazlari darajasida “mahallada kasb-hunarga o‘qitish maskanlari — tuman kasb-hunarga o‘qitish markazlari — hudud “Ishga marhamat” monomarkazlari” mexanizmi asosida amalga oshirish hamda har bir hududda kamida bittadan “Ishga marhamat” monomarkazlari yoki kasb-hunarga tayyorlash markazlarini tashkil etish belgilangan.
Markazlarning asosiy vazifalari band bo‘lmagan aholini servis va xizmat ko‘rsatish, texnika, umumqurilish, qishloq xo‘jaligi sohalari, raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamda ichki va tashqi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan boshqa kasblarga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish, xorijiy tillarga o‘qitish, tadbirkorlik asoslari va moliyaviy savodxonlikka o‘qitish, ishchi kasblarini rivojlantirish va ommalashtirishdan iborat.
Yoshlarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishda ta’lim tizimi, xususan, kasb-hunar kollejlari va professional maktablar muhim o‘rin tutadi. Ish bilan band bo‘lmagan aholini, xususan yoshlarni, kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilgan. Bugungi kunda kasbga o‘rgatishning yaxlit tizimi shakllantirilgan bo‘lib, ushbu tizim quyidagilarni qamrab oladi:
- Kasb-hunar maktablari: Ish beruvchilar talablariga asosan bilim va malaka beriladi;
- Idoraviy kollejlar: iqtisodiyot sohalarida joriy etilayotgan loyihalar asosida yaratilayotgan ish o‘rinlariga maqsadli ravishda o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlanadi;
- Texnikumlar: nazariy bilimlar bilan birga amaliy kvalifikatsiyalar beriladi. Shu bilan birga, muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarga o‘z sohasi bo‘yicha bakalavriatning 2-kursidan boshlab oliy ma’lumot olish imkoni beriladi;
- Kasb-hunarga o‘qitish markazlari: mehnat yoshidagi aholini mehnat bozoridagi talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi;
- Mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari: maskanlar kasb-hunarga o‘qitish markazlarining filiallari bo‘lib, qisqa muddatlarda mehnat yoshidagi aholini mehnat bozoridagi talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi;
- Nodavlat ta’lim muassasalari: xususiy sektor tomonidan fuqarolarni kasblarga tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi.
Kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha so‘nggi yillar qator imtiyozlar va shart-sharoitlar yaratildi, xususan:
- ish beruvchi talabnoma asosida o‘qish ishsiz fuqarolar uchun bepul va o‘qish davrida stipendiya ajratiladi;
- 3-6 oylik o‘quv kursi yakuniga ko‘ra bitiruvchiga o‘rta-maxsus diplom darajasiga tenglashtirilgan sertifikat va Skills pasport beriladi;
- O‘quv kurslarini tamomlagan bitiruvchiga mehnat organlari tomonidan ishga joylashtirish uchun yo‘llanma beriladi;
- Tadbirkorlik o‘quv kurslarini tamomlagan bitiruvchiga o‘z biznesini boshlashi uchun subsidiyalar ajratiladi;
- Bitiruvchiga o‘zini o‘zi band qilishi uchun egallagan kasbi bo‘yicha mehnat qurollari va jihozlari sotib olish hamda hunarmand uyushmasiga a’zolik badalini to‘lash uchun subsidiyalar ajratiladi;
- Bitiruvchiga tadbirkorlik maqsadida tijorat banklaridan kredit olish uchun maxsus tavsiyanomalar beriladi;
- Agrobiznes o‘quv kurslarini tamomlagan bitiruvchilarga tomorqasida band bo‘lishi hamda kooperativlar ustav fondiga ulush sifatida kirish uchun subsidiyalar ajratiladi.
Nurali Arabov,
Samarqand davlat universiteti dekani,
iqtisod fanlari doktori, professor.
Shoxruh Jo‘raqulov,
kafedra mudiri, PhD, dotsent.