Yoshlarga «ko‘prik» bo‘layotgan yetakchilar ham bor

Yoshlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, umuman, qiziqishiga qarab sohalarga yo‘naltirish yoshlar hayotida muhim o‘rin tutadi. Bu jarayonda mahalladagi yoshlar yetakchilari yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlab, o‘z iste’dodini namoyish etishi uchun ko‘prik bo‘lishi kerak.
Urgut tumanidagi O‘zbekiston mahallasi yoshlar yetakchisi Diyorbek Akbarov ayni vazifani sidqidildan bajaryapti, desak xato aytmagan bo‘lamiz. Shuningdek, u yosh maslahatchilar kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi sifatida yoshlar muammolarini hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.
Diyorbek 2024 yilda “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovining “Yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirishda va bandligini ta’minlashda samarali ko‘maklashgan eng namunali mahalla yetakchisi” yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan.
42 nafar bitiruvchi ishli bo‘ldi
– O‘tgan yil faoliyatimni boshlaganman, – deydi Diyorbek Akbarov. – Mahallamiz drayveri xizmat ko‘rsatish va dehqonchilikka ixtisoslashgan, hududda 6865 nafar aholi yashaydi, ularning 1932 nafarini yoshlar tashkil etadi. Mahallaga kelib, ishsiz yoshlar ro‘yxatini shakllantirdim va qiziqishi, imkoniyati, oilaviy holatini tahlil qildim. Natijada yoshlarning 1253 nafari "yashil", 676 nafari "sariq", 12 nafari "qizil" toifaga ajratildi. Dastlab yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish, qisqa muddatli kurslarga yo‘naltirish, malaka oshirish dasturlarini tashkil etish va ular uchun ish o‘rinlarini yaratish maqsadida mahalladagi tadbirkor, hunarmand va fermerlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularga 42 nafar maktab va kasb-hunar maktabi bitiruvchilari biriktirildi. Natijada o‘quv yili oxirida biriktirilgan yoshlarning bandligi ta’minlanib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishildi.
Diyorbekning aytishicha, ayni paytda yana 65 nafar yosh turli sohalar bo‘yicha tadbirkorlarga biriktirilgan va ular o‘qish bilan bir vaqtda doimiy daromad topib, tadbirkorlik faoliyatini ham o‘rganmoqda. Jumladan, shu mahallada yashovchi Jahongir Ravshanov, Muhammadali Hasanov va Akobir Bo‘ronov tumandagi yetakchi tadbirkorlardan ish o‘rganib, hozirda «Urgut» savdo kompleksida savdo do‘konlari tashkil qilgan va ikkitadan ish o‘rni yaratgan.
10 ta tadbirkorlik sub’yekti tashkil etildi
– Mahallada yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hokim yordamchisi bilan hamkorlikda 2024 yilda 45 nafar yoshga kredit olib berildi, – deydi Diyorbek. – Shundan 16 nafariga “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali 80 million so‘m, 3 nafariga “Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish” dasturi orqali 260 million so‘m, 26 nafariga esa “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi orqali 295 million so‘m kredit ajratildi. Natijada 10 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, 2 tasi faoliyati qayta tiklandi.
“Bandlik dasturi” amalda
O‘tgan yil “Bandlik dasturi”ga mahalladagi 140 nafar yosh kiritilgan bo‘lib, shundan 50 nafari ishsiz, 90 nafari bitiruvchi edi. Dasturga kiritilgan 47 nafar yosh Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Samarqand viloyati filialida o‘qishga yo‘naltirilgan, 25 nafar yosh Savdo-sanoat palatasi yordamida tadbirkorlikka oid o‘quv dasturlarini tamomlagan va 20 nafardan ziyod maktab bitiruvchisi doimiy ish o‘rinlariga joylashtirilgan. Shuningdek, dastur doirasida to‘rt nafar bitiruvchiga o‘zini o‘zi band qilishi uchun yordam ko‘rsatilgan, 10 nafar ishsiz yoshga kredit ajratilgan, 40 nafar yoshning bandligi ta’minlangan.
10 nafar yosh xalqaro til bilish sertifikatini qo‘lga kiritgan
O‘zbekiston mahallasi yoshlari o‘tgan yil davomida “Ibrat academy” ilovasi orqali xorijiy tillarni o‘rganish jarayonida yaxshigina muvaffaqiyatga erishdi. Jumladan, 10 nafar yosh xorijiy tilni o‘rganib, xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan xorijiy til sertifikatlarini olgan yoshlardan iborat “Ibrat farzandlari” jamoasi tuzilgan. Ushbu jamoaning asosiy vazifasi mahalladagi yoshlar o‘rtasida xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib qilish va til o‘rganishga qiziqqan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdir.
Ayni paytda jamoada faoliyat ko‘rsatayotgan 11-sinf o‘quvchilari Islombek Jamolov va Umidjon G‘ulomov mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, iqtidorli va til o‘rganishga qiziqqan 48 nafar yoshga ingliz tilini bepul o‘rgatmoqda. Shuningdek, 10-sinf o‘quvchisi Xislatbek Umarov o‘quv kursi tashkil qilib, ta’lim olish bilan birga, daromad manbaiga ham ega bo‘lmoqda.
«Maqsadimiz – shohsupaga ko‘tarilish, yoshlar bandligini ta’minlash va xorijiy tillarni o‘rganish»
Diyorbek Akbarov 2025 yil uchun o‘zining aniq va maqsadli rejalarini ishlab chiqib, muhim tashabbuslarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
– Joriy yil yoshlar bandligini ta’minlashni va ularning hayotini yaxshilashga yo‘naltirilgan yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganman, – deydi Diyorbek. – Jumladan, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tanlov va musobaqalarning respublika bosqichida kamida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallash asosiy maqsadlarimizdan biri. Shu bilan birga, maktab va oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan 115 nafar yoshning bandligini ta’minlash, “Ibrat academy” ilovasi orqali xorijiy tillarni o‘rganish va “Ustoz AI” ilovasi orqali mahallada zamonaviy kasblarni bepul o‘rganish tizimini ommalashtirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, migratsiyaga ketgan 178 nafar yosh bilan tizimli ishlash va yil oxirigacha 80 nafardan ziyod yoshni yurtga qaytarib, ish bilan ta’minlash belgilangan.
Fazliddin Ro‘ziboyev.