Viloyat hokimi yoshlar bilan uchrashdi, yil sarhisobi va takliflar tinglandi
Xabar qilganimizdek, Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning yoshlar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda hokim viloyat yigit-qizlarining o‘tayotgan yilda erishgan yutuqlarini e’tirof etib, yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qutladi.
- Viloyat hokimi sifatida yakunlanayotgan yilning sarhisobini aynan sizlar bilan baham ko‘rishni, o‘z navbatida, kelayotgan yil rejasi bo‘yicha takliflaringizni eshitishni istayman, - dedi E.Turdimov. - Bugun viloyatimiz aholisining 2 million 315 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. O‘tayotgan yilda 54 ming nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi, norasmiy sektorda band bo‘lgan 217 mingga yaqin yoshlarga o‘zini-o‘zi band qilishga ko‘maklashildi. Alohida ijtimoiy himoya va boshqa ko‘makka muhtoj bo‘lgan 28 mingdan ko‘proq yigit-qizlarning muammolari hal etildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 34 ming 797 nafar yoshga 30 turdagi 51 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. 2023 yilda bir guruh yoshlarimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovida Samarqand shahridan Marhabo Mahkamtosheva g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi. “Bilim uchun 100 million” loyihasining g‘olibi samarqandlik Jahongir To‘rayev bo‘ldi.
Shuningdek, viloyatimizning sportchi yoshlari O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida 2 ming 714 ta medalga ega chiqqan bo‘lsa, jahon, Osiyo va turli xalqaro sport musobaqalarida 114 ta oltin, 75 ta kumush va 102 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Yaqinda shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekistondan ilk jahon chempioni bo‘lgan samarqandlik Afruzaxon Hamdamovaning muvaffaqiyatini alohida e’tirof etish lozim.
Uchrashuvda viloyat hokimi ayrim yoshlarning taklif va murojaatlarini tingladi. Ularga yechim topish choralari bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
- Har yil yakunida o‘tkazilishi an’anaga aylangan hokim va yoshlar uchrashuvi ayni muddaodir, - deydi Samarqand shahridagi 51-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchisi Gulruxsor Nurmuhamedova. – Bundan bir necha yil ilgari o‘quvchilar o‘rtasida "Viloyat hokimi fan olimpiadasi" o‘tkazilar edi. Keyingi ikki yilda bu negadir bo‘lib o‘tmayapti. Shuning uchun ham men bugungi tadbirda mazkur olimpiadani qayta yo‘lga qo‘yish taklifini berdim. Viloyat hokimi buni qo‘llab-quvvatladi va uni o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.
Ma’lumki, keyingi paytlarda maktablarda ta’lim olayotgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari darslarda ta’lim olgandan ko‘ra ko‘proq qo‘shimcha pullik to‘garaklarga qatnashishni istaydi, - deydi Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi Marjona Samadova. – Ularning aksariyati til o‘rganishga qiziqadi. Maktabda o‘tiladigan darslar esa ularni qoniqtirmaydi. Agar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan faol talabalar maktabdagi darslarga jalb qilinsa, o‘quvchilar istagandek zamonaviy ta’lim berilishida o‘qituvchilarga ko‘makdosh bo‘lardi. Hokim va yoshlar uchrashuvida shu taklifni o‘rtaga tashladim. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamda tadbirda ishtirok etayotgan Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov bu taklifimni ma’qulladi.
Viloyat hokimi o‘tkazilgan uchrashuvda keyingi yil boshida jadval asosida viloyatdagi har bir oliy ta’lim muassasasida ochiq muloqotlar tashkil etish taklifini kiritdi. Unda hokim shaxsan o‘zi viloyatdagi boshqarmalar boshliqlari bilan birgalikda talabalarning murojaatlarini tinglash va ularga joyida yechim izlashini aytdi.
Tadbir so‘nggida o‘tayotgan yilda qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan yoshlar viloyat hokimi tomonidan munosib taqdirlandi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).