“Vatan tayanchi” otryadiga qabul qilingan 200 nafar o‘quvchiga ko‘krak nishonlar topshirildi
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tashkil etilgan edi.
Qarorga ko‘ra, umumta’lim maktablarida tarkibi 20 nafar bo‘lgan 10-, 11-sinf o‘quvchilaridan iborat “Vatan tayanchi” otryadlari tuzilgan bo‘lib, harakat faoliyatida faol ishtirok etgan maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan har bir otryadning bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
Tegishli tavsiyanomalarga ega bo‘lgan otryad a’zolari respublika oliy harbiy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘ladi. Berilgan tavsiyanomalar uch yil mobaynida amal qiladi.
Bugun Samarqand shahrida “Vatan tayanchi” otryadi a’zoligiga qabul qilingan 200 nafar 10-, 11-sinf o‘quvchilariga ko‘krak nishonlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati, Qozog‘iston Respublikasi “Jaz-sarbaz” milliy harbiy-vatanparvarlik harakati, viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Vatanparvar” tashkiloti mas’ullari va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.
Marosim avvalida yoshlar o‘qish va sportda, jamoat ishlarida faol bo‘lishga hamda buyuk ajdodlarimizga munosib izdosh ekanliklarini isbotlashga va’da berdi. Tadbirda so‘z olganlar yoshlarning bergan va’dasiga sodiq qolgan holda erkin fikrlaydigan, bilimli, mamlakati, xalqi va o‘z oilasining farovonligini uchun xizmat qiladigan vatanparvar yoshlar bo‘lib yetishishini ta’kidladi.
Tadbir davomida buyuk ajdodlarimiz aks etgan sahna ko‘rinishlari, harbiy orkestr hamda harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan chiqishlar yoshlarning harbiylikka bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.