Samarqanddan migrantlar asosan Rossiya, Germaniya va Janubiy Koreyaga tashkiliy tartibda ishga yuborilmoqda
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning xorijdagi vakolatxonalari tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylarida mehnat migratsiyasi sohasida uchta ish beruvchi bilan muzokara olib borilgan. Samarqanddan xorijda tashkiliy tartibda ishga joylashtirilganlar 398 nafarni tashkil etadi. Tashkiliy tarzda ishga joylashtirilgan fuqarolarning 234 nafari Rossiya, 164 nafari Janubiy Koreyaga to‘g‘ri keladi.
- Xorijga ketayotgan 150 nafar mehnat migrantining hayoti va sog‘ligi, 18 nafarining mikroqarz ta’minoti sug‘urta qilindi, - deydi Tashqi mehnat migratsiyasi Samarqand viloyat filiali boshlig‘i Sunnatulla Abdusaidov. - Shuningdek, hududlarda yil boshidan 18 nafar fuqaroga xorijga ketish va ishga joylashish uchun mikroqarzlar, 182 nafariga ishlash ruxsatnomasi rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, agentlik tomonidan viloyatdagi 2964 nafar mehnat migrantiga huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Mehnat migrantlariga yordam berish uchun 24/7 rejimida “1282” qisqa raqamli ishonch telefoni ishga tushirilgan.
Xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan 4926 nafar mehnat migrantlarining oilalariga ijtimoiy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, xorijda bo‘lib turgan fuqarolarni “xonadonbay” o‘rganish jarayonlarida har bir mehnat migrantining oilasiga O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik muassasalari va vakolatxonalari ishonch telefonlari va manzillari ko‘rsatilgan tarqatma materiallar (flayer) taqdim etilmoqda.