Mardikorlik kasb emas, kunlik ishchilarga munosabatni o‘zgartirish vaqti keldi
Qurilish ishlari yakunlangach, hovlini obodonlashtirish kerak bo‘ldi. Bir o‘zim uchun og‘ir yumush. Ko‘p o‘ylab o‘tirmay, uyimga yaqinroq yerda kunlik ishga chiqadigan mardikorlardan birini olib keldim. U bilan ish davomidagi suhbatimiz meni ba’zi mulohazalarga chorladi.
— Har kuni ish izlab ko‘chaga chiqish qiyin bo‘lsa kerak? Doimiy ishga joylashsangiz bo‘lmaydimi?
— Men aslida maktabda tarix fanidan dars beraman. Oliy ma’lumotliman. Dars soatim kam, haftasiga 3 kun maktabda, qolgan kunlari ko‘chadaman.
— Oliy ma’lumotli bo‘lsangiz, qo‘shimcha dars yoki to‘garaklar tashkil etib ham yaxshigina pul topsangiz bo‘lar ekan. Xususiy o‘quv markazlari bor. Nega o‘z yo‘nalishingiz bo‘yicha rivojlanishni o‘ylab ko‘rmaysiz?
— Qaydam. O‘qishga kirolmay yurgan vaqtlarimda mardikorlikning nonini yedim. Talaba bo‘lganimda ham daromadim shundan edi. O‘rganib qolgan bo‘lsam kerak. Ro‘zg‘orga yetib turibdi, nolimayman.
Ikkinchi kuni ham yordamchi kerak bo‘ldi. Bu safargi suhbatdoshim usta-hunarmand ekan. Mardikorlik vaqtinchalik ish, deydi u nega hunarini tashlab qo‘yganini so‘raganimda. Biroq uning o‘zi shu vaqtinchalik ishda 6 yil umrini o‘tkazganini tan oldi.
Bundan ikki xil xulosaga kelish mumkin. Birinchisi, kunlik ishga chiqishdan ko‘p daromad qilinadi. Ikkinchisi va eng xavflisi, mardikorik insonlarni bosh qotirmay pul topishga o‘rgatib qo‘yadi. Maqolada tanganing har ikki tomonini ko‘rib chiqishga harakat qildik.
Mardikor o‘zi kim?
O‘zbek tilining izohli lug‘atiga murojaat qilsak, “Mardikor” so‘zi forschadan “erkak, jasur” deya tarjima qilinadigan “mard” so‘zi bilan “ish” ma’nosini anglatadigan “kor” so‘zini bog‘lash orqali tuzilganligini ko‘ramiz. Keyinchalik ular qo‘shib yozila boshlagan va “tajribali, ishbilarmon odam” ma’nosini anglatgan. Biroq bugungi kunda bu nomda qandaydir kamsituvchi ma’no borday tuyuladi. Shu bois bo‘lsa kerak, rasmiy tilda u boshqacharoq shaklda, “kunlik ishga chiquvchi”, deya atalmoqda.
Qonunchilikda bunga alohida to‘xtalinmagan, ya’ni kunlik yollanib ishlovchilarning xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati fuqarolik va mehnat huquqi me’yorlari bilan tartibga solinmagan. Ular bilan mehnat shartnomasini ham tuzib bo‘lmaydi. Bu esa yollanib ishlovchilarning huquqlari yetarli darajada himoya qilinmayotganligini bildiradi.
Kunlik ish: foyda va xatarlar
Samarqand shahri Sadriddin Ayniy ko‘chasidagi “Mardikor bozori”ni ko‘pchilik yaxshi biladi. Doimo kunlik ishga chiquvchilar bilan gavjum bo‘ladigan bu ko‘chada o‘tgan yili Samarqand shahar kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga ko‘maklashish markazi huzurida “Kunlik ishchilar markazi” ochilgan edi. Markazda ish izlab chiqqan fuqarolarga katta kutish zali, yotoqxona, ish beruvchilarning mashinada kirib-chiqishi uchun zarur boshqa sharoitlar qilingan. Aniqrog‘i, amalda bor-u, deyarli ishlatilmaydi. Lekin bu haqda keyinroq. Markazga borishimizdan asosiy maqsad kunlik ishga chiquvchilarning kayfiyati, ish tartibi, daromadi, xarajatlari, muammo va rejalarini o‘rganish edi.
— 3 yildan beri Qashqadaryodan kelib ishlayman, - deydi shaxsini oshkor qilmasligimizni so‘ragan fuqarolardan biri. – Ungacha novvoy edim. Ishim yurishmagach, mardikorlikka chiqishni boshladim. O‘zimizda kam pul to‘lashadi. Shu sababli Samarqandga kelaman. Bu yerda Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari, vodiydan kelib ishlovchilar ko‘p. Barchamiz yaqin atrofdagi uylarda ijarada turamiz.
Suhbatdoshimizning aytishicha, u eng kamida 150 ming, ko‘pi bilan 250 ming so‘mga ishga chiqqan. Har 20 kunda uyiga borib keladi. Bu yerda bir kunlik boshpananing narxi 10-15 ming so‘m atrofida ekan. Omadi kelsa, nonushta va tushlikni ish beruvchinikida qiladi. Kechki ovqat va ko‘p hollarda nonushtani o‘z yonidan qilishi kerak. Orada ish chiqmaydigan kunlar bor. Boshqa kunlik ishga chiqqanlar ham shunga o‘xshash javoblarni berishdi. Keling, endi hisob-kitob qilib ko‘ramiz, bu mablag‘ insonlarning zahmatiga arziydimi?
Boshqa viloyatdan kelgan mardikor uyiga ketgan va ish topilmagan kunlarini hisobga olganda, bir oyda o‘rtacha 20 kun ishlaydi. Albatta, kimdir uyiga ketmas yoki omadi kelib, ko‘proq ishga chiqqandir. Ammo ular ko‘pchilik emas. Kunlik ish stavkasini o‘rtacha 200 ming so‘m deb olsak, bir kishi oyiga taxminan 4 million so‘m pul topadi. Bundan xarajatlarni ayiramiz: misol uchun, 25 kunlik ijara haqi kuniga o‘rtacha 13 ming so‘mdan hisoblanganda, 335 ming so‘m, uyga borib-kelish xarajati o‘rtacha 100 ming so‘m (uzoq masofaga ketuvchilar 2-3 barobar ko‘p xarajat qilishi mumkin) bo‘ladi. Ovqatlanish xarajatlarini hisoblash biroz qiyin. Sababi, suhbatdoshlarimizning aksariyati kamroq pul sarflash uchun och qorinni yarimta non va suv bilan to‘qlab turishlarini aytdi. Yegulik uchun 25 kunga kunlik o‘rtacha 10 mingdan hisoblanganda ham 250 ming so‘m bo‘ladi. Boshqa mayda chiqimlarni 100 ming so‘m deb olamiz. Shunda jami asosiy xarajat 785 ming so‘m bo‘ladi. Demak, qo‘lda qoladigan summa 3215 ming so‘m. Aytishlaricha, omadi kelgan ishchilar oyiga 6 million so‘mgacha pul topar ekan. Shunday bo‘lsa, ular ko‘pchiligimizdan boyroq yashashi kerak emasmidi? Afsuski, bu shakldagi mehnatning ham o‘ziga yarasha badallari bor.
Birinchidan, ko‘p pul topadigan ishchi eng og‘ir mehnatni qilishi, boshqacha aytganda, o‘z salomatligini sotishi kerak. Tabiiyki, u vaqt o‘tib sog‘ligini yo‘qotadi. Agar salomatlikni tiklash uchun ketadigan xarajatlarni hisoblasak, tepadagi raqamlar unchalik jozibali ko‘rinmay qoladi.
Ikkinchi masala, aytaylik, mardikor xavfli ish sharoitida ishlab, jarohat oldi va ishga yaroqsiz bo‘lib qoldi. Bilamizki, ularga hech bir ish beruvchi xavfsiz mehnat sharoitini yaratib berish uchun qo‘shimcha xarajat qilgisi kelmaydi. Xo‘sh, bunda uning taqdiri nima bo‘ladi? Qonunchilikda uning xavfsizligi ta’minlanmaganligi uchun kim javobgar bo‘lishi belgilanmagan. Bajarilgan ish uchun haq to‘liq to‘lab berilmasa yoki umuman to‘lanmasa ham ularning dardini eshitadigan yo‘q. To‘g‘ri, ular umumiy tartibda sudga murojaat qilishi mumkin. Ammo uzoq davom etadigan bu jarayon mardikor uchun manfaatli emas. Sababi, u ishga chiqishi, pul topishi kerak. Shunday qilib, insofsiz ish beruvchilarga nisbatan samarali ta’sir choralarining yo‘qligi, borlarining esa real hayotda lozim darajada ishlamasligi muammoni chuqurlashtirib bormoqda.
Nega kafolatlangan ish o‘rinlariga qiziqish yo‘q
Kunlik ishchilar markazi boshlig‘i Jamshid Sulaymonovga ko‘ra, markaz tomonidan kunlik ishga chiquvchilarga bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilib boriladi. Hududda maxsus axborot burchagi tashkil qilingan bo‘lib, unda bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilganligini ko‘rdik. Biroq shu imkoniyatdan foydalangan birorta fuqaro haqida ma’lumot topa olmadik. To‘g‘ri, taklif qilinayotgan ishlarda maosh unchalik katta emas, ammo bu xavfsiz, doimiy va tartibli ish o‘rinlari. Qolaversa, kuzatuvlarimiz davomida kam maosh muammoning asosiy omili emas, degan xulosaga keldik. Aksariyat mardikorlar qonun, mehnat munosabati, ijtimoiy himoya degan tushunchalarga bosh qotirishni istamaydi. Ular kelajagi emas, ko‘proq kunligi uchun qayg‘uradi.
— Uch nafar qizim bor, yaqinda kattasini uzatdim, - deydi fuqarolardan biri. – Yillar davomida mardikorlik qilib yig‘ganlarim bir kunda sarflanib ketdi. Oshna-og‘aynilardan qarz olib, Rossiyaga ketdim. Xarajatni kamaytirish uchun hujjat qilmadim. Aksiga olib borgan joyimda notinchliklar boshlandi, qaytishga majbur bo‘ldim. Mana, yana shu “qadrdon” joyimdaman. Boshqa ilojim ham yo‘q.
U chetga ishlash uchun qonuniy asosda, tashqi mehnat migratsiyasi ko‘magi bilan ketish va qo‘shimchasiga davlatdan ijtimoiy himoya olish mumkinligi haqida bilmas ekan. U yerda nima ish qilmoqchi edingiz, deb so‘rasak, yana shu, mardikorlik, deydi. Qachon o‘zimizning qadrimizni bilamiz?
— 20 yildan beri shu “mardikor bozori”daman, - deydi yana bir suhbatdoshimiz. – Otam shu ishni qilgan, men ham qilyapman. Bu yerga kelib, yarim kunda 200 ming so‘m pul topgan odamning xayoli buziladi, o‘zini boshqalardan yaxshiroq daromad qilyapman, boyman deb o‘ylaydi. Lekin ustida o‘sha g‘ijim ko‘ylak, rangi uchgan shim. Bu ham mavsumiy ish. Yilning sovuq kunlari, yog‘ingarchiliklarda yig‘ganimizni yeb yotamiz. O‘ylab qarasam, biz aslida ko‘p daromad qilmas ekanmiz.
Munosabatni o‘zgartirish vaqti keldi
2024 yil holatiga viloyatimizda jami aholi soni 4 million 138,6 ming nafar bo‘lib, mehnat resurslari 2 million 174,4 ming nafarni tashkil etmoqda. Shundan ish bilan band bo‘lganlar 1 million 631,6 ming nafar. Yana 307,1 ming nafar fuqaro xorijda. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Samarqandda ishsizlar soni 141,2 ming nafar yoki ishsizlik darajasi 8,7 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 9,3 foiz bo‘lgan. Bir qarashda ishsizlik kamaygan, ammo bu raqamlar ichida o‘zini o‘zi band qilgan, rasman ishli bo‘lsa-da, mardikorlikka chiqayotganlar ham bor. Hisobotdagi 8,7 foizning o‘zi ham kichik raqam emas. Ularni tartibli shaklda ishga joylashtirish chorasi ko‘rilmas ekan, yollanma ishchilar soni ortib boraveradi.
To‘g‘ri, kunlik ishchilar muammosi butkul e’tiborsiz qoldirilgani yo‘q. Rasmiylar ularni munosib mehnat sharoiti bilan ta’minlash, bu ish bermasa, “Mardikor bozor”larining o‘zini tartibga solish choralarini ko‘ryapti. Kunlik ishchilar markazlarini tashkil etishdan maqsad shu. G‘oyasiga ko‘ra, ular kunlik ishga chiquvchi va ish beruvchilar muloqoti maydoniga aylanishi kerak edi. Amalda ham shunday bo‘lyaptimi?
Biz maqola boshida tilga olingan markazga borganimizda kunlik ishga chiqqanlar serqatnov ko‘chada ish beruvchilarning mashinalarini o‘rab olib, boshqa avtomashinalar o‘tishiga xalaqit berayotganini ko‘rdik. Soat 9:30, ya’ni bu vaqtda kunlik ishchilarning asosiy qismi ishga olib ketilgan bo‘ladi. Lekin shu vaziyatda ham ko‘chada 300 nafarga yaqin fuqaro bor edi. Markaz hovlisi esa bo‘m-bo‘sh. Hech kim yaratilgan qulaylikdan foydalanmayapti. Faqat kutish zalidagi o‘rindiqlarda bir nechta tungi ishdan qaytgan fuqarolar uxlab yotganini ko‘rdik. Uzoq masofadan kelib ishlovchilar uchun qurilgan 88 o‘rinli yotoqxona hali ham ishlatilmagan.
Sharoit qilinibdi-yu, munosabat o‘zgarmadi, degan xayol keladi aqlga. Rasmiylarning ta’kidlashicha bo‘yicha yotoqxona unga qarovchi xodim shtati yo‘qligi uchun ochilmagan. Ikki yilda-ya? Markazda kunlik ishga chiqqanlar bilan manzilli ishlanishiga ham shubhamiz bor. Sababi, raqamlar bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Bazilar 600 nafar ishchi chiqadi, desa, boshqalar 2 ming nafardan ortiq deyapti. Borganimizda u yerda birorta mas’ulni topa olmaganimiz bunga bir misol.
— Biz ham tartib bo‘lishini istaymiz, - deydi fuqarolardan biri. – Har kuni ertalab profilaktika inspektori kelib, odamlarni ichkariga kirgizadi. Ish beruvchilarning mashinalarini darvozadan ichkariga yo‘naltirib turadi. Shu vaqtda biroz tartib o‘rnatiladi. Ammo ular ketgach, yana hamma ko‘chaga chiqib olyapti. Biz ichkarida qarab o‘tirsak, ishsiz, pulsiz qolib ketamiz.
Markazdaligimizda Bog‘i Feruza mahallasi profilaktika inspektori Tolmas Ziyodullayev ham kelib qoldi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, u ko‘chaning bir tomonidagi fuqarolarni ichkariga kiritgunicha odamlar narigi tomoniga o‘tib olyapti. Hech kim tartib, qonun-qoida haqida eshitgisi kelmaydi.
— Ish kunim shu yerda boshlanadi, - deydi inspektor. – Ammo kuni bilan markazni qo‘riqlab o‘tira olmayman, arizalarim, murojaatchilarim bor. Fuqarolar bilan ishlashim kerak. Ketishim bilan odamlar yana ko‘chaga chiqib oladi. O‘tgan vaqtda kunlik ishchilar ishtirokida ikkita yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu holat mahallamdagi kriminogen vaziyatga ham salbiy ta’sir qilyapti.
Mas’ullar bilan suhbatimiz davomida ular viloyatning boshqa kunlik ishchilar to‘planadigan joylarida ham markazning filiallarini tashkil etish rejalashtirilganini aytishgan edi. Nazarimizda, filial ochishdan avval shu yerning o‘zida tartib o‘rnatish kerak. Buning uchun ko‘p emas, ikki nafar milliy gvardiya xodimi markaz darvozasining oldiga qo‘yilsa kifoya. Qolaversa, ikki yildan beri ishchisi yo‘qligi uchun ochilmayotgan yotoqxonaga jamoatchilik asosida ishchi yollash mumkin. Masalaga munosabatni to‘g‘ri qilsak, yechimlar ko‘payaveradi.
Kunlik ishchilar markazi boshlig‘i Jamshid Sulaymonovning aytishicha, shu kunlarda kunlik ishchilarni ish beruvchi bilan bog‘lashga xizmat qiluvchi mobil ilova ustida ish olib borilmoqda. Agar shunday bo‘lsa, mardikorlar uyidan chiqmay turib ish beruvchi bilan bog‘lanishi, ish shartlari va to‘lovini oldindan kelishib olishi mumkin bo‘ladi. Tabiiyki, bu “mardikor bozor”lariga talabni kamaytiradi.
***
P/s: Maqolani yozish davomida tanishimdan eshitgan bir voqeani esladim. Alqissa, uning jiyani shaharda turib, grafik dizaynerligi kurslarida o‘qigan. Ustozi orada unga uyiga borib o‘rganganlarini mustahkamlashi va yangi loyihalar o‘ylab topish uchun ta’til bergan. Jiyanimda shu sohaga iqtidor bor, katta yutuqlarga erishishiga ishonaman, deydi tanishim. Ammo u qishlog‘iga qaytib borganida otasining tazyiqi bilan dalaga chiqib, ketmon chopgan. Ayrim kattalarning tasavvurida kompyuterda ishlash o‘yin o‘ynash bilan teng. U o‘qishga qaytib kelganida bilganlari ham esidan chiqib ketgan edi, deya kuyingandi o‘shanda tog‘asi.
Oddiy vaziyatda bunga siz ham katta ahamiyat bermaysiz, ammo mulohaza yuritib ko‘rsak, yoshlarni o‘zimiz mardikorlikka tayyorlayotgan bo‘lib chiqamiz. Manzarani tasavvur qildingizmi? Tan olish kerak, biz hali ham yoshlarni qandaydir yumush bilan band qilib qo‘yishni tarbiya yoki mehnatga o‘rgatish deb ataymiz. Bu harakat yakunda qanday natija berishi, foyda va zararlari hech kimni qiziqtirmaydi. Bizda avval ish, keyin o‘qish va boshqalar.
To‘g‘ri, jismoniy mehnat orqali tezroq daromad qilish mumkin, ammo bu insonning tafakkuri uchun xavfli xo‘rak. Ishonmasangiz, tajriba o‘tkazib ko‘ring: mehnat ta’tilingizda aqliy mehnatni yig‘ishtirib, faqat pul keltiradigan yumushlarni qiling. Ma’lum vaqtdan keyin odatiy ishingizga qaytgingiz kelmay qoladi. Jismoniy mehnat kishida o‘z harakatlaridan qoniqish hissini uyg‘otib, yangilikka intilish, o‘z ustida ishlash xohishini ikkinchi, balki eng oxirgi o‘ringa tushirib qo‘yadi.
Yaxshi yashashni xohlasak, bu “tegirmon”dan chiqib ketishimiz, mehnat bozorida faqat bilakdagi kuchimizni emas, intellektimizni sotishga o‘rganishimiz lozim. Kerak bo‘lsa, mardikorlik qilish uchun yurtimizga boshqa davlatlardan odamlar kelsin. Har doimgidek, oxirgi xulosa o‘zingizdan.
Asqar Barotov.