Mardikor ayollar
Samarqand tumani Yangiariq mahallasi hududida joylashgan aylanma yo‘l, mana 10 yildirki, o‘z-o‘zidan kunlik mehnat bozoriga aylangan. Bu yer xalq orasida “Mardikor bozori” deb ataladi.
Har kuni tong sahardan bu yerga shoshgan yuzlab ayollar arzimagan maosh evaziga turli, ba’zida og‘ir mehnatni bajarishga tayyor bo‘lib keladi. Ayolman deb o‘tirmagan mushtiparlar turli mehnat – g‘isht tashish, uy tozalash, idish-tovoq yuvish, ko‘pincha qishloq xo‘jaligi ishlariga yollanadi.
Irodaning og‘ir taqdiri
Iroda erta turmushga chiqdi va qachondir tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ini tark etib, mardikorlik qilib pul topishga majbur bo‘lishini sira o‘ylamagan edi. U har kuni ertalab orzusini ro‘yobga chiqarish – uy sotib olish maqsadida “Mardikor bozori”ga boradi. 38 yoshli ayol qo‘shni Qashqadaryo viloyatidan kelgan. Eri uni uydan haydab yuborgani uchun sarson-sargardon.
- Ajrashishimizga uch oylik o‘g‘limning o‘limi sabab bo‘ldi, – deydi Iroda. - O‘g‘limdan judo bo‘lganim yetmagandek, erim ham boshqasini topib, meni uydan haydab chiqardi. Undan oilani buzmasligini aytib yolvorishim befoyda bo‘ldi. Ota-onamning uyiga qaytishdan boshqa choram qolmadi. Tanishlardan "Mardikor bozori"da pul ishlashni o‘rgandim.
Ayollar qanday sharoitda yashaydi?
Bu yerga kelgan ko‘pchilik ayollar yo‘l kira sarflamaslik uchun “Mardikor bozori” atrofidagi xonalarni ijaraga olishgan. Xona ijarasi narxi ham minimal – bir kunda kishi boshiga 10 ming so‘m.
Iroda ham ko‘p qavatli uyda bitta xonani ijaraga olgan. U bilan yana to‘rt ayol turadi. Yoz kunlari bu yerga yana oltita ayol joylashadi. Mavsumda bir xonada turuvchilar o‘n kishigacha yetadi.
To‘g‘risi, qish bo‘yi qo‘lbola pechka bilan isingan ayollarning yashash sharoiti meni hayratga soldi.
"Yangi"larga osonmas
Irodaning so‘zlariga ko‘ra, “Mardikor bozori”da o‘zini "brigadir" deb hisoblaydigan, janjal chiqaradigan, “yangi”larga pul topishda to‘sqinlik qilayotganlar bor. "Yangi"lar bozorga mustaqil ravishda ish qidirish uchun kelgan ayollar. Ularga moslashuv jarayoni oson kechmaydi.
Kunbay mehnat - arzon ishchi kuchi
Bozorning doimiy "xaridor"i Umida Xolmurodovaning aytishicha, bu yerda ayollar erkaklarga qaraganda vijdonliroq.
Ayollar taklif qilingan ishni sinchkovlik va qunt bilan bajaradi. Shu bilan birga arzimagan daromadga qanoatlanadi. Erkaklar har doim ham taklif qilingan shartlarga rozi bo‘lavermaydi.
Ayollar mehnati uchun kuniga 100 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha haq olishadi. "Kunbay"chi ayollarning aytishicha, ish chiqqan paytlari ulardan baxtli inson yo‘q, chunki bunday omad har kuni ham kulib boqavermaydi.
Himoyasiz
Yana shunisi ham borki, "kunbay" ish xatarli bo‘lishi mumkin. Ayollar ertalab bozorga yo‘l olar ekan, kun ularga nima tayyorlaganini bilishmaydi.
– Har kuni ishga otlanayotib, bugun nasibam qayerga boshlar ekan, qanday odamlar bilan muloqot qilishga to‘g‘ri kelar ekan, deb o‘ylayman, – deydi Iroda. – Xavotir bo‘ladi, albatta. Har xil odamlar bor.
Bir kuni yosh yigitlar kelib, men va bir qizni uy tozalash uchun olib ketishdi. Sherigimga hammomni yuvish buyurildi, men boshqa xonalarni tozaladim. Bir mahal qizdan xabar olmoqchi bo‘lib qarasam, ikkita yigit hammomga kirib, qiz bilan nimanidir gaplashyapti. Qiz qo‘rquvda. Men baland ovozda sherigimga gap qotdim: "Shuncha vaqt u yerda nima qilyapsan, ishni bajarishga 15 daqiqa yetarli-ku. "Nima qilay, yigitlar ishlagani qo‘ymayapti", deya javob berdi qiz. Ulardan biri esa menga norozi ohangda aralashmasligimni aytdi. Garchi, o‘zimga ham qo‘rqinchli bo‘lsa-da, men sherigimni himoya qilishim kerakligini tushundim. Janjal boshlandi, yigitlardan biri menga qo‘l ko‘tarib, itarib uydan haydab chiqardi. Profilaktika inspektorini chaqirishga to‘g‘ri keldi.
Hukumat muammoni qanday hal qilmoqda?
Toshkentda mardikor xotin-qizlar uchun kundalik mehnat markazi bor. Samarqandda esa bir necha yil avval bu masala ko‘tarilgan bo‘lsa-da, yechimi hanuz topilmadi. To‘g‘ri, ayollar to‘planadigan joylarda huquq-tartibot idoralari xodimlari turishibdi, lekin ishchi ayol qayerga olib ketilishi, unga qanday munosabatda bo‘lishini hech kim bilmaydi.
Aytish joizki, o‘tgan yili Samarqandda ham ikkita markaz ochildi – biri Toyloq tumanida, ikkinchisi Samarqandning S.Ayniy ko‘chasida. Bu yerga odamlar mardikor yollash uchun kelishadi. Ushbu "bozor"da ayollar yo‘q. Ular, yuqorida aytganimizdek, Samarqand tumanining Yangiariq mahallasi hududida joylashgan aylanma yo‘lda to‘planishadi.
Markaz bor, tartib-qoida yo‘q
Tashvishlanarlisi, kunlik mehnat bozori mavjud joylarda har doim janjal va mojaro ro‘y beradi. Hatto ana shunday kunlik mehnat markazlari binosida ham mardikorlar o‘z qoidasini o‘rnatgan. Hech qanday tartib yo‘q. Ma’lum navbat bo‘lmaganidan "ishga borish" ilinjida odamlar baqir-chaqir qilgan holda o‘z xizmatini taklif qilib, ishchi izlab kelgan mashina ustiga yoppasiga tashlanadi.
Yagona farq - bino, yotoqxona va oshxona mavjudligi. Ammo ular ham mablag‘ muammosi tufayli faoliyatini boshlamagan. Boshchaqa aytganda, tartib-intizom posbonlari shunchaki, markaziy ko‘chadan gavjumlikni "yo‘q" qilish uchun bino hududiga odamlarni "tiqib" tashlagan.
Kunbay mehnat ustuvorligi
Bahorning iliq kunlarida bandlik markazi e’lon qilgan bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatiga qaramay, “mardikor-bozor” kunlik daromad topib, ro‘zg‘or tebratish ilinjida kelgan odamlar bilan gavjum. Ularni arzimagan ish haqi qoniqtirmaydi. Ular uchun o‘z ish tartibini belgilash va mehnati uchun belgilangan to‘lovni talab qilish foydaliroq.
– Ish stajim ketishi, qariligim ta’minlansin, deb bir necha bor ishga joylashishga harakat qilib ko‘rdim, lekin ish beruvchi bilan har doim ham yaxshi munosabat o‘rnatib bo‘lmaydi, – deydi Iroda. - Men uchun bog‘lanmagan holda bir kunlik ish ancha foydali. Mening o‘z mijozlarim bor. Ular qo‘ng‘iroq qilib ishga chaqirishadi.
Ko‘rib turganingizdek, bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatiga qaramasdan, odamlar kunlik ish topishni afzal ko‘radi. Maosh kamligi va ish tartibi ularni qoniqtirmaydi. Kunbay mehnat bozorida ko‘payib borayotgan odamlar oqimini kamaytirish maqsadida yil boshida “Mening ishim” onlayn ilovasi ishga tushirildi. U kunlik, mavsumiy va yakka tartibdagi ishchilar, jumladan, yoshlar, talaba va nogironlar uchun ish takliflarini nashr etadi.
– Mehnatchilarimizga qulaylik yaratish maqsadida platformani ishga tushirdik va barchani onlayn platforma ma’lumotlar bazasiga kiritdik. Uning yordamida ish beruvchi o‘ziga xohlagan toifani tanlab, mutaxassis yoki usta topishi mumkin, - deydi Samarqand kunlik mehnat markazi direktori Jamshid Salomov. – Hozirda onlayn platformada 400 dan ortiq ishchilar bor. Afsuski, shahrimizda mardikor ayollar uchun kunlik mehnat markazi bo‘lmagani sabab, bu yerda ayollar rezyumelari deyarli yo‘q. Ehtimol, uning paydo bo‘lishi ayollarning ish qidirishda mavhumlik sari ketmasligi uchun zamin yaratardi.
Zamira Boltayeva.