Ma’rifatli jamiyat - Uchinchi Renessans bunyodkori

Azaldan ma’naviyat, madaniyat beshigi bo‘lgan Ko‘hna Sharq o‘z bag‘rida ming-minglab daholarni, donishmand, allomalarni yetishtirdi. Bu zamin tuprog‘ida ne-ne kashfiyotlar tug‘ilmadi deysiz. Bu ajib maskan quchog‘ida qanchadan-qancha asrlarga tatigulik shoh asarlar yaratildi, mangulikka yuz tutdi. Insoniyat uchun, bani-bashar uchun ruhiy tuganmas ozuqa manbaini o‘tadi. Albatta, har qaysi davrda ma’rifatli jamiyat har qanday mafkuraviy jamiyatdan ustun bo‘lib kelgan.

Xo‘sh, bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari, aniqrog‘i, bunyodkorlari oldingi Renessans davri allomalari kabi bani-basharga xizmat qiluvchi, jamiyat uchun yangidan-yangi kashfiyotlar, o‘lmas asarlarni yuzaga chiqara olishadimi?

Bu mavzuda qalam tebratish, menimcha, juda dolzarb masala. Chunki yoshlar jamiyatning harakatlantiruvchi asosiy kuchi va ertangi kun vorislaridir. Bugungi yoshlar o‘z hayotini nima bilan bezamoqda? Umr, tiriklik mazmunini ular qanday tushunadilar? Donolar «Yoshlikni umr gulshanining gultoji» deydilar.

Shu o‘rinda men e’tiborni ajdodlarimizning hayot yo‘llariga qaratgim keladi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy yoshligidan ilm o‘rganishga, kitobga mehr qo‘ygan. Tinimsiz mutolalar sabab, u yigirma sakkiz yoshida mukammal bilimlar egasi, mutafakkir, el-yurtga tanilgan shoir va tajribali, insonparvar davlat arbobi darajasiga erisha olgan.

Dunyo xalqlarini o‘z ilmi bilan hayratga solgan Abu Ali ibn Sino o‘n olti yoshidayoq Qur’oni Karimni yoddan bilgan va tibbiyot ilmiga ixlos qo‘yib, tabib maqomini olgan. Bu kabi insonlar navqironlik davrining qadriga yetib, fursatni g‘animat bilib, uni bilim va hunar o‘rganish uchun sarflaganlar. Shuning uchun olamshumul darajadagi fozillar qatoridan o‘rin olganlar.

Bugungi yoshlarimizning aksariyati komil ishonch bilan ayta olamanki, buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘la olishadi. Chunki Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning olib borayotgan oqilona siyosatlari va yosh avlodga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklari bunga yorqin misoldir. Ayniqsa, «Besh muhim tashabbus», ta’lim kvotalarining oshirilishi, oliy o‘quv yurtlarining soni va sifatining oshishi, yoshlar uchun ta’lim kreditlarining ajratilishi, xotin-qizlarga berilayotgan e’tibor, magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov shartnomasiz o‘qishlari va turli-tuman imtiyozlar fikrimning yorqin dalilidir. Shular qatorida bugungi kun yoshlari paxta dalasidan, yig‘im-terimdan ozod etilishi, shu bilan birga biz, o‘qituvchilar ham bu ishlardan tamoman ozod bo‘lishimiz nur ustiga a’lo nur bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Zamonamiz yoshlari ham bu g‘amxo‘rliklarga javoban o‘z iqtidorlari va iste’dodlarini namoyish etib kelmoqdalar. Ko‘pgina yoshlarimiz til o‘rganib, turli sertifikat va imtiyozlarni qo‘lga kiritib, grant asosida dunyoning eng nufuzli oliygohlariga o‘qib kelmoqda.

Yoshlarimiz orasida o‘ta qobiliyatli, iste’dodlilari ko‘p. Sport sohasida deysizmi, IT sohasida deysizmi, san’atu ilm deysizmi barcha-barchasida ilg‘or.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda shuni aytishim mumkinki, yoshlik har bir insonga o‘zligini anglash, komillikka intilish, hayotda o‘zining munosib o‘rnini topishi uchun beriladigan katta imkoniyatdir. Bugungi ma’rifatli jamiyat bunyodkorlari vatanimiz kelajagi, Yangi O‘zbekiston ertasi ularning qo‘lida ekanligini his qilmoqlari darkor. Bugungi jamiyatdagi mavqe mas’uliyatlarini oshirish uchun har bir daqiqani g‘animat bilishi, qaytarilmas yoshlikning qadr-qimmatini to‘g‘ri baholashlari hamda Uchinchi Renessansni bunyod bo‘lishiga astoydil kamarbasta bo‘lishlari lozim.

Dilorom Rahmonova,
Toyloq tumanidagi 15-IDUM ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.