"Maroqand obod": Samarqandda chiqindi to‘planib qolmaydi

Ilgariroq Xishrav qo‘rg‘onidagi chiqindixona hududida "Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish tizimini joriy etish" loyihasi boshlangan edi.  Mazkur hududni "Maroqand obod" davlat unitar korxonasi 20 yil muddatga foydalanishga olgan bo‘lib, bu yerda Fransiya rivojlantirish agentligining Osiyo departamenti va "Naldeo" kompaniya­si bilan hamkorlikda "Samarqand shahrida to‘planadigan maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish tizimi" qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihaning qiymati 37,1 million yevroni tashkil etadi.

- 97 gektar yer maydoniga ega bo‘lgan ushbu hududning 46 gektariga chiqindini ko‘mib, utilizatsiya qilish va undan metan gazi ishlab chiqarish uchun "Bioreaktor" poligoni qurilmoqda, - deydi "Maroqand obod" davlat unitar korxonasi ijrochi direktori Akmal Mamatov.  - Chuqurligi 18 metr, uzunligi 300 metrni tashkil etadigan poligonning yuqori qismi gidroizolyasiya qilinib, 1,22 metr qalinlikda yopiladi. Uning ustiga ekin ekish imkoniyati yaratilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Xishrav qo‘rg‘onidagi ushbu chiqindixonadan 1970 yildan buyon foydalaniladi. Bugungi kunga qadar hududda 4 million tonnadan ko‘proq chiqindi yig‘ilgan. Bir kunda  320-360 tonnagacha chiqindi chiqariladi. Loyiha amalga oshirilgach, kunlik yig‘iladigan maishiy va qattiq chiqindilarning to‘planib qolish holatiga butunlay barham beriladi. Bundan tashqari, maxsus chiqindini turlarga ajratish qurilmasidan o‘tkazilib, ajratilgan metall, qog‘oz, plastik, polietilen, shisha, chinni va boshqa sanoat chiqindilari qayta ishlovchi korxonalarga yetkazib beriladi.

Anvar MUSTAFOQULOV.