Samarqand tumanida mashinalardan salkam 4,5 million so‘mlik jihoz o‘g‘irlagan shaxs jazolandi
Muhriddin M. avval ham sudlangan. Unga tuzalish yo‘liga kirish uchun imkoniyat berilgan. Ammo u o‘z “yo‘li”ni tanlab bo‘lgan edi.
Muhriddin 2019 yil 8 dekabr kuni unashtirilgan qizi bilan uchrashmoqchi bo‘lib unga qo‘ng‘iroq qildi. Ammo u telefonini ko‘tarmadi. Shundan so‘ng tog‘asining “Jiguli” avtomashinasida uning yashash joyiga borish uchun yo‘lga tushdi. Yo‘l-yo‘lakay aroq ichdi. Qizning uyi oldiga borib unga qo‘ng‘iroq qildi, javob bo‘lmadi. Noiloj, ortga qaytdi.
Qaytishida Samarqand tumani Nayman qishlog‘i oralab yurdi. Mahalla ichki ko‘chasida, yo‘l chetida “Damas” avtomashinasi turganini ko‘rdi. Muhriddinni shum niyat chulg‘ab oldi. Yarim tun, atrofda esa hech kim yo‘q edi...
Mashinasini yo‘l chetiga qo‘yib “Damas”ning qulfini buzishga urindi, ochilavermagach, uning yon oynalarini sindirib salondan magnitofon, mashina ta’mirlash kalitlarini oldi. Ozgina yurgandan so‘ng shu ko‘chada yana bir “Jiguli” yo‘l chetida turganini ko‘rib to‘xtadi. Mashinadan magnitofon, kolonkalarini sug‘urib oldi. Keyin sal naridagi avtobus kabinasidan taxminan 1,5 metrli qora rangli gaz shlankasini, kolonka va magnitofonlarni oldi. “VA3-21011” rusumli avtomashina salonidan ham shu kabi asbob-anjomlarni o‘marib, barchasini mashinasiga ortib uyiga qaytdi.
Ertasiga Nayman qishlog‘idagi ushbu ko‘chada yashovchi qo‘ni-qo‘shnilarning tinchi buzildi. Barchasining mashinasi qulfi buzilgani, salondagi jihozlar o‘g‘irlanganidan tashvishga tushib qolishdi. Yaxshiyam ayrim yashash uylarida kuzatuv videokameralari qo‘yilgan ekan. Videoyozuvlardan barchasi oydinlashdi: 8 dekabrdan 9 dekabrga o‘tar kechasi notanish “Vaz 2106” rusumli avtomashina ushbu ko‘chadan o‘tib ketgani, bir oz vaqt o‘tib yana qaytib o‘tgani, qaytayotganida yoritish chiroqlarini o‘chirib o‘tgani, ma’lum bo‘ldi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari Muhriddin M.ning jami 4 million 445 ming so‘mlik mol-mulklarni talon-toroj qilganini aniqladi. Barcha mol-mulklar o‘z egalariga qaytarildi. Muhriddin M.ga jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jazo tayinlandi.
D.NURALIYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudi sudyasi.