Masjidda Iso payg‘ambar tasviri: Turkiya hayratlantirishda davom etadi
Bu mamlakatga sayohatimiz davomida Aya Sofiya masjidini aylanarkanmiz, ko‘zim dastlab uning hovlisiga o‘rnatilgan qadim zambarakka tushdi. U nima maqsadda bu yerga keltirib, joylashtirilgan , bilmadim. Ammo men undan bir ma’no angladim. Ichki ma’naviy ustunimiz, ishonch, e’tiqodni zambarak bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Har qanday kuchli qurol bunga ojizlik qiladi, shekilli.
Darvoqe, Trabzonning o‘z Aya Sofiyasi bor ekan. Hozirgi kunda masjid vazifasini o‘tayotgan mazkur obida vizantiyaliklar tomonidan XII asrda, cherkov sifatida qurilgan. Bu payti Trabzonda nasroniylar ko‘pchilikni tashkil etgan. XV asrda ushbu shaharni Sulton Mehmet fath etgach, u madrasa sifatida faoliyat yuritgan. Keyinchalik muzey, 1916 yilda esa omborxona va shifoxona sifatida ishlatilgan.
Buni qarangki, hatto Usmoniylar hukm surgan davrlarda ham o‘sha paytgacha cherkov shiftiga chizilgan Iso payg‘ambar va Injilda keltirilgan voqealar bo‘yicha chizilgan suratlar mavjud qismi alohida ihotalanib, saqlangan. Qolgan qismi ta’mirdan o‘tkazilib, masjid sifatida foydalanilgan. (Hayratlanishda davom etaman. Negaki, hatto 21 asrda ham qadim inshootlarni asrash masalasida muammolar bo‘lgan bir paytda olis asrlarda Usmonlilarning nasroniylar ibodatxonasini asrab-avaylashlari rostdan tahsinga sazovor.)
Masjidning alohida qismida ilk tashkil etilgan paytdagi Iso payg‘ambar tasviri tushirilgan freskalar bugungi kunda ham saqlanib qolingan.
Keyingi manzilimiz, Trabzondagi Mustafo Kamol Ota Turkning qarorgohi bo‘ldi. Mustafo Kamol Ota Turkning Trabzondagi qarorgohi muhtasham va salobati bilan kishini maftun etadi. Birdan savol tug‘iladi sizda: yuz yil avval bunchalik mukammal va go‘zal arxitektura uslubidagi uyni qanday qurishgan ekan?
Ha, ushbu uy 130 yil avval shahardagi grek savdogarlaridan biri tomonidan barpo etilgan. Qora dengiz bo‘yidagi Trabzon port shahar hisoblanilib, bu yerda qo‘shni davlatlar, Gruziya, Sochi bilan mahsulot ayirboshlash, savdo sotiq yaxshi rivojlangan. Xullas, Turkiya respublika maqomiga erishgach, greklarning Gretsiya, Armaniston kabi davlatlarga ko‘chishi avj oladi. Yuqoridagi uyni qurgan savdogar ham Gretsiyaga ko‘chib ketadi, uy hudud hokimligiga o‘tadi. Turklarning milliy qahramoni Mustafo Kamol Trabzonga kelganda, shu uyda qoladi va hukumat ishlari bilan shug‘ullanadi. Trabzon mahalliy hukumati uyni Turkiya respublikasi asoschisiga hadya etishadi. Tabiiyki, respublika ilk rahbari o‘zidagi barcha mol-mulk, shu jumladan, ushbu qarorgohini ham davlatga o‘tkazadi.
Darvoqe, Turkiyaning amaldagi prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an tug‘ilib o‘sgan shahar nimalari bilan mashhur? Darvoqe, ushbu shahar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tug‘ilib o‘sgan hudud bilan o‘xshashlik tomonlari ham bor. Bu haqda keyingi maqolalarimizda albatta to‘xtalamiz.
Gulruh MO‘MINOVA.