Mas’ullar mas’uliyatini unutsa...

Ma’lum qilinishicha, viloyatdagi kriminogen vaziyatga barcha mas’ullar o‘z vazifasiga birdek yondoshmaganligi va qaror ijrosiga panja ortidan qarab kelganligi uchun 90 nafari intizomiy javobgarlikka tortilib, 4 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Misol uchun, Toyloq tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabi mansabdor shaxslari maktab o‘quvchisi J.Baratov yil davomida darslarga qatnashmagan bo‘lsa-da, bu holatga munosabat bildirmasdan, professional ta’lim o‘quv mashg‘ulotlari jurnaliga uning darslarga qatnashganligi va fanlarni o‘zlashtirganligi haqida soxta ma’lumotlarni kiritib kelgan.

Oqibatda nazoratsiz qolgan J.Baratov 2 nafar o‘rtog‘i bilan savdo do‘konidan umumiy qiymati 10368 AQSh dollarilik mulkni o‘g‘irlagan.

Holat bo‘yicha kasb-hunar maktabi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.

Qo‘shrabot tumani, Qo‘ralos mahallasi yoshlar yetakchisi Sh.Sayfullayev huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi uchun o‘ziga biriktirilgan, muqaddam jinoyat sodir qilgan 8 nafar yoshlar bilan ijtimoiy profilaktika tadbirlarni amalga oshirmasdan, ular bilan ijtimoiy moslashtirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib, ish bilan band qilganligi haqida soxta ma’lumotlar kiritib, ijtimoiy moslashtirish tadbirlarini yakunlagan.

Oqibatda jinoyat sodir qilishga moyil bo‘lgan D.Galaboyev ijtimoiy tarmoqlar orqali “1-XVET” dasturida qimor o‘yinlari o‘ynashga berilib, pulga muhtojligi yuzaga kelgach, tumandagi savdo do‘konlaridan o‘g‘rilik qilgan.

Holat bo‘yicha yoshlar yetakchisi Sh.Sayfullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.