Matbuot kotibi raqamli muhitda qanday faoliyat olib boradi?
![](https://static.zarnews.uz/crop/4/6/720__80_46948e7c198d6fcaafa8ca4bbd28f357.jpeg?img=self&v=1739618672)
Xabar berganimizdek, viloyat Matbuot uyida “Yangi raqamli muhitda jamoatchilik bilan aloqalarni samarali olib borish masalalari: imkoniyatlar va chellenjlar” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Unda shu va boshqa mavzularda so‘z yuritildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Agentlikning Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi. Seminarda tumanlar va shaharlar hokimliklari, korxona-tashkilotlarning 40 nafarga yaqin axborot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.
Dastlab axborot sohasidagi so‘nggi islohotlarning mazmun-mohiyati, kontentni vizuallashtirish materialning autentik ta’sirni kuchaytirishning zamonaviy usullari haqida so‘z yuritildi.
O‘quv-seminarda mahoratli trener, “Yangi media ta’lim markazi” nodavlat-notijorat tashkiloti direktori, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov tomonidan fotokontent yaratishning zamonaviy talablari, axborot xizmati faoliyatida dezinformatsiya va misinformatsiyaga qarshi kurash, onlayn faktcheking instrumentlaridan foydalanish usullari mavzularida mahorat darslari tashkil etildi.
Beruniy Alimovning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan axborotlarning 82 foizi vizual shaklda tez va oson qabul qilinayotgan bugungi kunda matbuot kotibi fotokontent yaratishning zamonaviy talablarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi zarur. Aks holda ko‘zlagan maqsadimizga erishishimiz qiyin kechadi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan sohaga doir qonunchilik, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida jamoatchilik bilan aloqalarni samarali olib borish, axborot tarqatishning o‘ziga xos jihatlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga nisbatan munosabat bildirish kabi bir qator muhim mavzularda tavsiyalar berildi.
- Bugungi yangi raqamli texnologiyalar davrida jamoatchilik bilan aloqalarni samarali o‘rnatish, aholiga to‘g‘ri va haqqoniy axborot taqdim etish biz, matbuot kotiblarining muhim vazifalaridan sanaladi, – deydi Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Maqsud Tursunov. – Bu jarayonda ko‘pincha xatolarga yo‘l qo‘yamiz yoki shoshma-shosharlik bilan ish tutamiz. Shu ma’noda bugungi o‘quv-seminar biz uchun juda foydali bo‘ldi. Faoliyatimiz davomida bu yerda o‘rgangan bilimlarimizni va orttirgan tajribalarimizni albatta amalda qo‘llaymiz.
Tadbirda davlat attestatsiyasidan o‘tgan matbuot kotiblariga guvohnomalar hamda o‘quv-seminarda ishtirok etganlarga sertifikatlar topshirildi.
Rohila Ochilova.