Matonatli opa-singillar
Ota-onasidan juda erta ayrilgan to‘rt opa-singil va bir o‘g‘il. Ularning oilaviy hayoti bilan qiziqdim. Ikkitasi tibbiyot institutida tahsil olarkan. Hammasi o‘z bilimi bilan, tirishib o‘qishga kirgan.
– Faqat birgina Go‘zal opam hammamiz uchun o‘z kelajagidan voz kechdi, – deydi Farangiz. – Qo‘ni-qo‘shnilarning farzandlariga qaradi, pishiriq pishirdi, mehnat qilib, oilaning moddiy tomonini ko‘tardi. Kerak paytda, hatto qarindoshlar ham ko‘mak berolmas ekan. Uy-joysiz qolish, yashash uchun kurash kishini toblarkan, hayot sinovlari ancha erta ulg‘aytirarkan. Ammo biz, bu sinovlarni opalarimning, ayniqsa, Go‘zal opamning mehnatkashligi, bilimimiz bilan yengib chiqdik, desam adashmagan bo‘laman.
Mahorat maktabi tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi va ular yana o‘z yo‘llari sari qadam tashlashdi. Farangiz esa doim tahririyat bilan bog‘lanib turdi. Xursandchilik kunlarida ham, sinovli damlarda ham. Turli mavzularda maqolalar yozdi.
Bir safar Farangiz bilan Go‘zal xonamga kirib kelishdi.
– Bizga omad kulib boqdi, opajon, – deydi ko‘zlari quvonchdan porlab Farangiz. – Kam ta’minlangan, chin yetimlar uchun beriladigan uy-joylardan biriga ega bo‘ldik!
Samarqand shahridagi allaqaysi tugatilib ketgan korxonaning yotoqxonasi ta’mirlanib, shunday uy-joylar muhtoj oilalarga berilibdi.
– Universitetda kotiba bo‘lib ishlayapman, – dedi bir kuni Farangiz. – Ingliz tilidan bolalarga repetitorlik ham qilyapman. Bu yil ham o‘qishga kira olmadim…
Farangiz o‘tgan yili uchinchi marta imtihondan o‘ta olmadi. Lekin shunday bo‘lsa-da, uni kuzatarkanman, tushkun holatda qolib ketganini sezmadim. Aksincha, harakatlarida ko‘proq shiddat, o‘ziga nisbatan ishonch paydo bo‘libdi. Shuning uchun oradan ko‘p o‘tmay, yana yaxshi xabar bilan keldi:
– Yoshlar ittifoqining viloyat kengashiga ishga kirdim, tabriklang!
Bu vaqt davomida u turli loyihalarda qatnashdi, ilg‘or g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etdi, o‘z ustida ishladi. Ommaviy axborot vositalarida tadbir tashkilotchisi sifatida chiqish qila boshladi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Farangiz Xudoyorova haqidagi xabarni o‘qib, ko‘zimga yosh keldi. U Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi "O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan joriy yilda oliy ta’lim muassasasiga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadigan bo‘libdi. Respublika miqyosida bosqichma-bosqich, faoliyati o‘rganib borilgan 14 nafar yoshlar shunday imkoniyatga ega bo‘libdi.
Ehtimol, ushbu muvaffaqiyat to‘la-to‘kis oilalarda ulg‘ayayotgan yigit-qizlar uchun oddiy holdir. Ammo Farangiz va uning opalarining har bir yutug‘ini matonatga mengzagim keladi. Matonatki, boshida suyanchiqlari bo‘lmasa-da, hayot sinovlari oldida dovdirab qolmagan. Faqat mehnat va bilim olish bilan kunlarni tunlarga ulagan, yashash birgina kun kechirish emas, maqsadlarni ro‘yobga chiqarish ekanligini anglagan holda uzoqni ko‘zlagan nurli manzillar sari tashlangan qadamlardir.
Gulruh MO‘MINOVA.