Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mavlon Jo‘raqulov – taniqli arxeolog olim, zahmatkash ustoz, dilkash murabbiy

600 yillik tarixiga ega Samarqand davlat universiteti o‘zining bir necha ilmiy maktablari bilan mashhur. Ana shunday peshqadam maktablardan biri arxeologiya maktabidir. Bugun SamDUda ushbu maktabning asoschilaridan biri va ilg‘or vakili, tavalludiga bu yil 90 yil to‘lgan Mavlon Jo‘raqulov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tadi.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyoda ilm va ma’rifatning yirik markazlaridan biri bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek asos solgan Akademiyaning munosib vorisi sifatida mag‘ribu mashriqda mashhurdir. Shuningdek, Samarqand davlat universiteti yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilgan ko‘plab mashhur olim, fan va jamoat arboblarini yetishtirib beruvchi maskan hisoblanadi. Tarix fanlari doktori, professor Mavlon Jo‘raqulovich ana shunday fidoyi olimlardan sanalardi.

M.Jo‘raqulov butun hayotini ilm-fanni rivojlantirish, yosh avlodni tarbiyalashga bag‘ishlagan. Olim o‘zining 55 yillik ilmiy faoliyati davomida arxeologiya sohasida muhim tadqiqotlarni amalga oshirib, Markaziy Osiyo xalqlari tarixiga oid muhim ilmiy xulosalar yaratdi. Uning O‘zbekistonning dunyo madaniyati tamaddunidagi o‘rni mavzusiga oid maqolalari, tadqiqotlaridan hozirda ko‘plab xorijiy ilmiy markazlar hamda oliygohlarda foydalaniladi.

M.Jo‘raqulov 1960 yil Samarqand davlat universitetining tarix fakultetini bitirib, umumiy tarix kafedrasi assistenti va 1960-1963 yillarda Samarqand davlat universiteti aspiranti, 1968-1971 yillarda Samarqand davlat universiteti umumiy tarix kafedrasi dotsenti, keyinchalik arxeologiya kafedrasi mudiri bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi.

Olimning tashkilotchilik faoliyati tarix fakultetiga dekan bo‘lgan paytlarda aniq bilindi. Men domlaning olim, arxeolog sifatidagi faoliyatiga e’tibor qaratib, u kishining ilmiy tadqiqotlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Domla 1967 yilda “O‘rta Osiyoda tosh asrini o‘rganilishi” mavzusida nomzodlik, 1992 yilda “Zarafshon havzasi tosh asri madaniyati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Domla 550 dan ziyod ilmiy va ilmiy-ommabop ishlari, shu jumladan, 12 monografiya, 20 dan ziyod o‘quv qo‘llanma va 2 ta darslik muallifidir. M.Jo‘raqulov rahbarligida 6 nafar fan nomzodi, 1 nafar fan doktori ishlari himoya qilingan.

Zarafshon vodiysining eng yirik arxeologik yodgorliklarida fundamental tadqiqotlar o‘tkazdi va ibtidoiy davr madaniyatiga doir qator ilmiy asarlar yaratdi. Tadqiqotlarining umumiy ko‘lami shundan iboratki, Zarafshon havzasida qadimgi inson jamoalari tomonidan yaratilgan va bizgacha moddiy madaniy meros sifatida yetib kelgan madaniyat sivilizatsiya sari intilib yashagan qadimgi o‘tmishdoshlarimizning aql-zakovati bilan tub, mahalliy asosda yaratilgan tarixiy merosdan iboratdir, degan muhim tarixiy xulosa qilindi.

Aslida, sivilizatsiyaning ko‘hna ildizlari odamzodning o‘zlashtiruvchi xo‘jalikdan tirikchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga, o‘troq yashashga o‘tib, dastlabki dehqonchilikning kashf qilinish jarayoni bilan bog‘liq holda kechgan. Bunday dastlabki o‘troq dehqonchilik ilgarilari Markaziy Osiyoda faqat Janubiy Turkmanistonda Joyitun qishlog‘ida yashagan urug‘ jamoalarda vujudga kelgan, degan tasavvurlar hukm surardi. Olim Samarqand davlat universiteti ilmiy ekspeditsiyasiga rahbarlik qilib, olib borilgan arxeologik tadqiqotlar tufayli Qoratepa tog‘i massivlari tarkibiga kiruvchi Sazag‘on qishlog‘i atroflaridagi dara soylar qirg‘oqlarida bundan IV-IV ming yillar avval yashagan urug‘-jamoalari kulbalar qurib, o‘troq yashashga o‘tganligini ilmiy asoslanishiga boshchilik qildi. Bu joy aholisi ziroatchilik, uy chorvachiligi, kulolchilik, to‘qimachilik xo‘jaliklarini kashf qilib, mahsulot ishlab chiqarish madaniyatini o‘zlashtirgan jamoalardan bo‘lganligi haqidagi ilmiy xulosani birinchilardan bo‘lib Mavlon Jo‘raqulov ilmiy jamoatchilikka yetkazgan edi. Shuningdek, u ko‘p yillar tadqiqotlar olib borib, Samarqand shahrida joylashgan so‘nggi paleolit davriga oid “Samarqand makoni”ning Markaziy Osiyodagi shu davrga oid etalon yodgorlik ekanligini ilmiy asoslab berdi. Mazkur ilmiy tadqiqot natijalari soha mutaxassislari tomonidan jahon miqyosida tan olindi va hozirgi kun tadqiqotchilari mintaqa so‘nggi paleolit davri arxeologiyasini o‘rganishda bevosita Mavlon Jo‘raqulov tomonidan yaratilgan ilmiy asarlarga qayta-qayta murojaat qilishmoqda.

Domla yosh avlodga mehribon ustoz hisoblanardi. U kishi yosh avlodni zamon talabi asosida tarbiyalash, ularning vatanimizga yetuk kadrlar bo‘lib yetishiga alohida e’tibor qaratgan. U kishi bilan qurilgan suhbatlar, domla tomonidan berilgan nasihatlari hayotiy tajribalari yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. U tarbiyalab yetishtirgan shogirdlari orasida qator fan nomzodlari, doktorlari, dotsent, professorlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim fidoyilari, fan, jamiyat, davlat arboblari bor. Bu esa Mavlon Jo‘raqulovning ilm-fanga, oliy ta’lim taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasidan guvohlik beradi. Domla novator pedagog va betakror notiq edi. Darslari juda qiziqarli, jonli, ko‘rgazmali bo‘lishi bilan bir qatorda ma’ruzalari vatanparvarlik, mustaqillik g‘oyalari ruhiyati bilan sug‘orilgan bo‘lardi.

Domla bir necha yillar universitetda kafedra mudiri, dekan, prorektor, rektor vazifalarida faoliyat ko‘rsatib, universitetning taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgandi.

Professor Mavlon Jo‘raqulovichning oliy ta’limni rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik g‘oyalari ruhiyati asosida tarbiyalashdagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Xususan, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi», «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni sohibi bo‘ldi.

Odil Ergashev,

SamDU dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).