Maxsus topshiriq, maxsus reys
Katta taassurot bilan, ko‘p ma’lumotlar to‘plab Isroildan Toshkentga qaytganimizdan bir oycha vaqt o‘tib, soat tungi o‘n birlarda vazirlikdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Vazir tezda yetib borishimni aytibdi.
Apil-tapil kiyinib, vazirlikka jo‘nadim. Xonasiga kirsam vazir u yoqdan-bu yoqqa yurib turgan ekan. Salom alikdan so‘ng Marks Jumaniyozov (1995 yilda Rasulmat Husanovning o‘rniga Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri etib tayinlangandi):
- Zoyirjon, hisobotlaringiz Prezidentga ma’qul bo‘libdi, - dedi. - Menga Kraynov (Prezident yordamchisi) qo‘ng‘iroq qildi. Isroildagi hamma ekinlarning navlarini o‘zimizda sinab, qishloq xo‘jaligiga tadbiq etish lozim ekan.
Bu xushxabar O‘zbekistonning dunyoga ochilishining boshlanishi edi.
- Isroildagi qariyb hamma urug‘chilik, seleksion firmalarning manzili va telefon raqamlarini olganmiz, - dedim xursand bo‘lib. - Yangi yildan so‘ng shug‘ullanamiz, o‘ylaymanki, ular urug‘larni sinov uchun jon deb yuboradi.
- Yo‘q, Zoyirjon, topshiriq boshqacha... Yangi yilgacha o‘zingiz borib urug‘larni olib kelishingiz kerak.
- Yangi yilga bor-yo‘g‘i o‘n kun qoldi, buni qanday tashkil qila olamiz, Marks og‘a, - dedim.
- Xavotir olmang, ertalabgacha hukumat farmoyishi tayyor bo‘ladi. Tashqi ishlar vazirligi, Isroil elchixonasi, bank ogohlantirilgan, hatto samolyotga bilet bron qilinib qo‘yilibdi. Faqat bankdan urug‘lar uchun qancha valyuta berilishi kerakligi noma’lum bo‘lib turibdi.
Ertasi kun vazir aytganday bo‘ldi: Isroilga jo‘nashim uchun zarur hujjat, mablag‘ taxt. Dekabr oyining 22-sanasida Tel-Avivga uchdim.
Aeroportda konsulimiz kutib oldi. Hol-ahvol so‘rashgach, u ham bu qadar shoshilinch topshiriqni ilgari uchratmaganini ta’kidladi. Men “Bunga o‘tgan safargi kelganimizdagi sizning oliy darajadagi tashkilotchiligingiz sabab bo‘ldi», dedim. U “Yo‘q, hisobotlaringizning natijasi sabab aslida, undan tashqari Isroil va O‘zbekiston oliy rahbarlari o‘rtasida iliq munosabatlar bor” dedi u va mashinada ketarkanmiz:
- Zoyir aka, hech qanaqa o‘zgarish sezmayapsizmi?, - deb so‘radi.
- Rulda o‘zingiz, mashinangiz yangi, tabriklayman, - dedim.
U yosh bolalardek xursand edi,
- Mersedes - oliy klass, unga siz birinchi bo‘lib o‘tirdingiz, hozir haydab chiqdim, endi ketguningizcha ikkalamiz shu mashinada yurib, ishlarni bitiramiz, - dedi u.
Konsulga xalqaro qonunlarni tushuntirdim. “Davlat sinoviga beriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining urug‘lari bepul yetkazib beriladi, bu hamma uchun bir xil qoida, qonunlarimiz ham shuni taqozo etadi. Sinov uchun kelgan urug‘liklardan poshlina undirilmaydi va zudlik bilan rastomojka qilinadi. Yana bir muhim masala, urug‘liklarga albatta eksport uchun karantin sertifikati berilishi shart, o‘simliklar karantini xizmati hamma davlatlarda bor, ana shu shartlar asosida sinovga urug‘lik olib ketishni maqsad qilaylik.
Bu ma’lumotlar konsulni xursand qildi, albatta. Paxta seleksiyachilarini, xususan, Yuriy Penxasovni xursand qilmaydigan bir ahvolni ham tushuntirishimga to‘g‘ri keldi. Isroil paxtasida O‘zbekiston uchun tashqi karantin ob’yekti kasalligi mavjud ekan. Bu degani paxtaning urug‘lik chigiti o‘zlarining karantin xizmatida yaxshi tekshirilib, kasallik yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, uni yana fumigatsiya qilib ozgina miqdorda maxsus konteynerga joylashtirib berishlari lozim. Sinovga olib borgan hamma urug‘liklarni yuz foiz O‘zbekiston o‘simliklar karantin xizmati xodimlari qabul qilib oladi va ma’lum tekshirishlardan so‘ng bizga sinovga qaytarib beradi, lekin paxta urug‘lik chigitini o‘zlarining tikonli simi bilan o‘ralgan pitomnigida ekib, ikki yil kasallik chiqmasa shu urug‘ni sinashga bizlarga beradi. Konsul ham urug‘liklar eksport-importning, davlat sinovining bunday murakkabliklarini bilmas ekan.
Men undan “Kolorado qo‘ng‘izini eshitganmisiz?”, deb so‘radim. U “Ha, kartoshkani yeb, kemirib tashlaydigan qo‘ng‘iz-ku”, dedi. Men “SSSR Ministrlar Soveti Raisi Kosiginning bir qo‘pol xatosi tufayli, ya’ni qonunga zid topshirig‘i bois bu zararli hasharotAmerikadan kartoshka bilan SSSRga kelib qolgandi”, dedim. U hayron qoldi, buni eshitmagan ekan.
Xullas, konsulni mana shu ma’lumotlar bilan qurollantirganimdan so‘ng u urug‘lik-seleksion firmalarni hammasi bilan gaplashib chiqdi, bu ishimizni ancha yengillashtirdi. Hamma firmalarga borarkanmiz, ular urug‘liklar, unga zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashni boshlaganini ustidan chiqdik. Bu safar ham Yuriy Penxasov menga hamroxlik qiladigan bo‘ldi. Karantin talabidan u xafa ham, xursand ham emasdi. Chunki xalqaro qonunlar hamma uchun bir xil ekanligini har qanday madaniyatli yahudiy inkor eta olmasdi.
Konsulimizning tashkilotchiligiga qoyil qoldim. Urug‘liklar Tel-Aviv aeroportida qayerdadir bir joyda to‘plandi, hujjatlarini esa bizlarga yetkazishdi, bu ishlar qandaydir g‘oyibdan, o‘z-o‘zidan ortiqcha shov-shuvsiz silliqqina bajarilayotgani bir tomondan konsulning qobiliyati bo‘lsa, ikkinchi tomoni yahudiylar ham ko‘p masalada, xususan, aniqlik bilan ish yuritishda nemislardan qolishmas ekan, deb o‘ylab qoldim.
Qo‘limizdagi hujjatga ko‘ra 400 xil navning urug‘lari jamlandi. Hech qachon bir davlatdan ikkinchisiga shuncha xil nav urug‘lari eksport qilinmagan bo‘lsa kerak. 30 dekabr kechga tomon uyga oladigan sovg‘a-salomlarimni xarid qilib konsul bilan aeroportga keldik. U urug‘lik bagajimizning og‘irligini bilib keldi.
- Zoyir aka, bilasizmi qancha urug‘lik olib ketayotganingizni, - deb so‘radi.
- Hatto tasavvur ham qila olmayman, - dedim.
- 400 kilogramm bagajingiz, o‘zingiznikidan tashqari, - dedi.
Kapalagim uchib ketdi.
- Axir menda bagajga mo‘ljallangan valyuta 20 ming dollar yetmaydiku, - dedim.
- Xavotir olmang, hammasi hal bo‘lgan, - dedi u.
Samolyot havoga ko‘tarilib, tegishli balandlikka chiqib olgach, styuardessani chaqirib viski buyurdim. Chunki Yangi yil bayrami yaqin edi. Styuardessa qizlar:
- Yangi yil bayramini ertaroq boshlamoqchi bo‘libsizda, - deb hazillashishdi.
- Bugun mening bayramim, davlat ahamiyatiga molik yuk olib ketyapman, - deb maqtandim va qo‘shib qo‘ydim: Bilasizmi, qancha mening bagajim?.
Ular yelka qisishdi. Men 400 kilogramm deganimda ularning ko‘zlari chaqnab ketdi: “Endi tushundik nega Ro‘zmetovning («O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi boshlig‘i) o‘zi shturvalni boshqarayotganini, deyishdi hayrat bilan. Meni bundan xabarim yo‘q edi, uni bildirmadim-da “Ha, bu maxsus reys”, deb yana maqtandim.
Isroildan shuncha ko‘p urug‘lik olib ketganim haqidagi xabar Yevropa davlatlaridagi urug‘chi-seleksionerlar orasida yashin tezligida tarqaldi.
Toshkent aeroportida O‘zbekiston davlat o‘simliklar karantini inspeksiyasi boshlig‘i Baxtiyor To‘laganov xizmatchilari bilan kutib oldi. Unga urug‘lik, sertifikatlar va boshqa zarur hujjatlarni topshirdim. Yukka endi u egalik qilishi kerak. Men esa uyga jo‘natib. Kelsam, uy mehmonga to‘la ekan. Isroildan O‘zbekistonda yo‘q mevalar va Yangi yil stoliga mo‘ljallangan shirinliklarni dasturxonga qo‘ydik. Ular bilan bir soat suhbatlashgach, ustoz Marks Jumaniyozov huzuriga shoshdim. Axir Yangi yil kirib qo‘ymasdan topshiriq bajarilgani to‘g‘risida hisobot berishim shart edi.
Ustozga «Kraynovga o‘zingiz aytasizmi yoki o‘zim qo‘ng‘iroq qilayinmi?» desam, u shu zahoti ichki (VCh) telefonida Kraynovga axborot berdi: “Ziyatov Isroildan 400 xil nav urug‘i olib keldi!».
Ana shu sabzavot va poliz ekinlari urug‘liklari issiqxona va ochiq maydonlarga ekilib, ertasi yildan boshlab mo‘l hosil olingandi.
Zoyir ZIYoTOV.
(Davomi bor)