May oyida viloyatdagi mahallalarga rais saylanadi
Viloyat Matbuot uyida joriy yil may oyida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari B.Nasriyev saylovni tashkil etish hamda o‘tkazishga doir tadbirlar rejasi va tartiblari yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga ma’lumot berdi.
- Ilgari fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati 2,5 yil edi, - dedi B.Nasriyev. - Yangi qonunga ko‘ra ushbu muddat 3 yilga uzaytirildi. Bu mahalla raislariga o‘z mahoratini to‘liq namoyon etish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, yangi tartibga muvofiq yig‘in raisi saylovida ishtirok etuvchilarning soni saylov huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 12 foizidan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Saylovning avvalgi amaliyotida mahalla raisi va maslahatchi bir vaqtda saylanardi. Bu gal esa faqat fuqarolar yig‘ini raisi saylanadi. Unga tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega kishilar vakil bo‘ladi. Saylovda yashirin ovoz berish tizimi joriy etiladi.