«Mayakovskiydan gullar»
Mashhur rus shoiri Vladimir Mayakovskiy Parij shahrida bo‘lganida rus qizi Tatyana Yakovlevani sevib qolganligi uning hayotidagi eng yorqin lahzalardan biri bo‘ldi.
Dunyoqarashi tufayli ular o‘rtasida o‘zaro munosabat bo‘lishi mumkin emas edi. Chunki rus shoirlari Pushkin va Tyutchev asarlarini o‘qib tarbiya topgan, mag‘rur va to‘g‘riso‘z, rus emigrant qizi sobiq sovetlar mamlakati “muzyorar” shoirining qo‘pol va keskin tarzda bitilgan she’rlarini qabul qilmagan. U hatto, haqiqiy hayotda ham shoirning so‘zlarini tinglab hazm qilmas edi. She’rlarida g‘azabnok, so‘nggi nafasigacha shiddat bilan olg‘a intiladigan insonlarni tasvirlaydigan ijodkorning jilovlab bo‘lmas ishtiyoqi aslzoda qizni qo‘rqitar edi. Tatyana uning vafodorligiga ham, shon-shuhratiga ham uchmadi. Qizning qalbi shoirga befarqligicha qoldi. Sevgisiga rad javobini olgan Mayakovskiyning Moskvaga qaytishiga to‘g‘ri keldi.
Mana shu bir lahzagina yongan, ammo tan olinmagan muhabbat uning qalbini g‘am-qayg‘uga cho‘mdirgan bo‘lsa, bizga «Men biribir seni qo‘lga kiritaman, yolg‘iz o‘zingni yoki Parij bilan birga!» so‘zlari bo‘lgan «Tatyana Yakovlevaga xat» she’rini meros qoldirdi.
Aslzoda qizga esa gullar qoldi. Vladimir Mayakovskiy Parij shahridagi chiqishlari evaziga olgan barcha qalam haqini haftasiga bir necha marta gortenziya, parm fialkasi, qora lola, orxideya, astra va xrizantema kabi eng chiroyli gullardan guldasta yasab, Tatyana Yakovlevaga yetkazib berishi sharti bilan shaharning mashhur gul do‘koni hisobiga o‘tkazib berdi.
Parijdagi gul do‘koni bu chapani shoirning iltimosini qoyilmaqom qilib ado etdi. Do‘kondor bir necha yillar davomida Tatyana Yakovlevaning uyi eshigini taqillatib, «Mayakovskiydan» bitigi bo‘lgan juda chiroyli guldastani yetkazib berardi.
O‘tgan asrning 30-yilida shoirning vafot etishi haqidagi xabar qiz uchun kutilmagan zarba bo‘ldi. T.Yakovleva shoirning o‘z hayotiga, guldasta orqali kirib kelishiga o‘rganib qolgan edi. Gullar yuboryaptimi demak, qayerdadir o‘zini jonidan ortiq sevuvchi inson borligini doim his etib turardi. Xuddi Oy Yer atrofida muntazam aylanib, undagi barcha mavjudotlarga o‘z ta’sirini o‘tkazgani kabi.
Qiz anvoyi gullarga singib ketgan sevgisisiz endi qanday yashashni bilmas edi. Ammo gul yetkazib beruvchi do‘kon egalari shoirning vafoti haqida hech narsa bilmasdi. Shu sabab ertasi kuni tongda qizning eshigi yana taqillab, «Mayakovskiydan» yozuvi bo‘lgan anvoyi gullardan yasalgan guldasta paydo bo‘ldi.
Haqiqiy muhabbat o‘limdan kuchli deyishadi. Ammo uni hayotga tatbiq etish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Biroq Vladimir Mayakovskiyga bu nasib etdi. Chiroyli guldasta shoir vafot etgan o‘tgan asrning 30-yillarida ham, uni hatto odamlar unutib yuborayozgan 40-yillarda ham to‘xtamay kelaverdi…
Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar Parijni bosib olganida ham xiyobondagi gul do‘koni chiroyli guldastalar sotganligi uchun buzilmadi. Keyinchalik ittifoqdosh qo‘shinlar shaharni ozod qilishdi. Qiz xursandchiligidan yig‘lab yubordi. Berlin ham ozod etildi, gullar hamon kelaverardi. Gul eltuvchilar uning ko‘z o‘ngida keksayib borardi. Eskilari o‘rniga yangilari kelganida ham gullar haqidagi afsonaning bir qismiga aylanib, o‘sha xonadonga guldastalar eltishlarini yaxshi bilishardi. «Mayakovskiydan», degan jumla barcha uchun afsonaviy so‘zga aylanib qolgan edi.
Bugungi kunda mashhur Mayakovskiyning gullari parijliklarning ajralmas tarixiga aylangan. Haqiqatmi yoki yo‘q bilmadim, ammo rus muhandisi Arkadiy Rivlin yoshligida onasidan bu afsona haqida eshitib, bir umr Parijga borishni orzu qilgan ekan.
70-yillarning oxirlarida u niyatiga yetdi. Bu vaqtda Tatyana Yakovleva hali tirik bo‘lib, vatandoshini o‘z uyida qabul qilgan ekan. Ular choy ustida ko‘p narsalar haqida suhbatlashishdi.
Tatyana xonimning kichik, lekin qulaygina xonadoni barcha burchaklari guldastlar bilan burkangan edi. Muhandis xonimdan yoshligida eshitgan “Mayakovskiy gullari” to‘g‘risidagi afsona haqida so‘rashni istardi. Ammo noqulaylik tug‘dirmaslik uchun so‘rashga iymanib turdi. Baribir qiziquvchanligi ustun kelib, urush yillari Mayakovskiyning gullari xonimni o‘limdan asrab qolganligi rostligi haqida so‘radi. Yoki bu odamlar to‘qib chiqargan chiroyli afsonami? Axir mumkinmi, shuncha yildan beri guldasta kelishi aqlga sig‘maydigan hodisaku?!
- Choydan iching, - deya javob qildi Tatyanaxonim. – Hozircha biror joyga shoshganingiz yo‘q-ku?!
Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi.
…Eshik ortida quyosh rangli yapon xrizantemalaridan yasalgan ulkan, ammo chiroyli guldasta paydo bo‘ldi. Ulkan guldastani ko‘tarib turgan gulchining o‘zi ko‘rinmasa ham uning «Mayakovskiydan gullar», degan ovozi jaranglab ketdi. Mehmon butun umri davomida bunaqa hashamatli guldastani qaytib ko‘rmadi.
Ismat KUChIYeV tayyorladi.