Mbuti - yer yuzidagi pakana odamlar qabilasi
Yer yuzidagi barcha insonlar bir ota va onadan tarqalgan bo‘lsa-da, evolyusiya tufayli ular turli shakl-shamoyilga, rangi, bo‘yi va boshqa o‘zgarishlarga uchragan ekan. Jahondagi eng past bo‘yli odamlar - pigmeylar ham bunday o‘zgarishlarga duch kelgan bo‘lsa, ajabmas.
Ammo past bo‘yli pigmeylardan ham pakanalari bor ekan. Ularni mbuti qabilasi deb atashadi. Ular asosan Kongoning Ituri viloyatida, inson qadami yetmaydigan qalin o‘rmonlar orasida umrguzaronlik qilishadi. Qabila erkaklarining bo‘yi 140 santimetr bo‘lsa, ayollariniki 130 santimetrga yetadi. Ular mutlaqo tosh asri zamonidagidek kun kechirishadi.
Mbutilar zamonaviy hayot, svilizatsiya haqida tasavvurga ega emas. Ular faqat yashab qolish uchun hayot kechirishadi. Ularda boshqa qabilaga qiz berish taqiqlangan.
Yevropalik shifokorlarning tadqiqotlari pakanalik mbutilarga xos bo‘lgan odatiy holat ekanligi aniqladi. Ularning bo‘yi o‘sishiga to‘siq bo‘ladigan birorta kasallik yoki sababni topisholmadi. Ovqatlari ekologik toza mahsulotlardan – rezavor mevalar, qo‘ziqorin, yong‘oq, o‘simliklar tomirlarini iste’mol qilishadi. Shuningdek, yovvoyi hayvonlar go‘shti va baliqlarni sevib tanovul qilishadi. Dehqonchilik qilish va uy hayvonlari saqlash ular odatiga xos emas.
Qabila muntazam ovchilik bilan kun kechiradi. Bir kunlik ovda nimani keltirsalar bir kunda yeyilib ketadi. Ertasi kuni barcha erkaklar yana ovga chiqishadi. Ular olov yoqishni, tayoqlar va yirik barglardan boshpana qurishni o‘rganib olishgan. Ovga chiqqanlarida o‘z qurboniga bildirmasdan biqinib borishni qoyillatishadi. Kattaroq hayvon duch kelsa, uni uchi kuydirib o‘tkirlangan nayzalar yordamida o‘ldirishadi. Maydaroq o‘ljalarni esa o‘q-yoy va kaltaklar bilan urib yiqitishadi. Baliqlarni o‘simlik zahri bilan «tinchitib», keyin qo‘l bilan ushlashadi.
Qurigan o‘simlik barglaridan qilingan kiyim kiyishadi. Ayrim qabila a’zolarida sayyohatchilar tomonidan sovg‘a qilingan kiyim-kechaklar ham uchrab turadi.
Olimlar uzoq vaqtlardan beri mbutilarning bo‘yi pastligiga sabab ularning odam o‘tib bo‘lmas o‘rmon (jungli)larda yashayotganligi uchun moslashgan deb o‘ylashadi. Chunki ular lian, ya’ni yer sathi bo‘ylab o‘sadigan yirik o‘simliklar va yiqilgan daraxtlarning ostidan tezkorlik bilan o‘tishga qulay bo‘lish uchun moslashgan.
Qabilada boshliq yo‘q. Ammo barcha a’zolar o‘z majburiyatlarini yoshiga va jinsiga qarab bajarishadi. Topib kelingan oziq-ovqat yoki o‘lja barchaga teng bo‘linadi. Lekin har bir mbutining qabila rivojiga qo‘shgan hissasi inobatga olinadi. Qabila a’zolarining o‘rtacha umr ko‘rishi 40 yosh. Asosan yovvoyi hayvonlar va zaharli ilonlar tomonidan qilingan hujumlar oqibatida halok bo‘lishadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV tarjimasi.