Mehmondan xafa bo‘lmadim. Ammo birorta o‘qituvchini yo‘ldan urib, xorijga olib ketib qolishidan xavotirlandim
Yaqin tanishimiz Yangi yilni oilasi davrasida kutib olish uchun Turkiyadan keldi. Turmush o‘rtog‘i hokimiyatda kichikroq lavozimda ishlaydi. Er-xotin oliy ma’lumotli. Tanishim bir paytlar maktabda o‘qituvchilik qilardi. El qatori, uy–joyi, mashinasi bor. Uch farzandining birini uylantirishgan, qizi hali maktab o‘quvchisi. Kontraktda o‘qiyotgan ikkinchi o‘g‘lining to‘yini orzu-havasli o‘tkazish uchun ayol bir necha yillardan buyon xorijning “tuprog‘ini yalaydi”.
Bu ayolni juda hurmat qilardim – yaxshi pedagog, namunali uy bekasi, mehribon ona, umuman, olganda risoladagidek ayol edi. Uyimizga mehmonga kelganida esa butunlay o‘zgarib ketganiga guvoh bo‘ldik.
Mana shu yangi yil dasturxonini bezatish uchun qancha sarfladingiz? 200 yoki 300 dollar ketgandir? Esiz, shuncha pul!, - dedi mehmon. - Kelin, bu pulga mehmonxonangizning pardasini yangilasangiz bo‘lardi. Bundan 5 yil oldin kelganimdagi pardalar-ku?! Uyingizda hech narsa o‘zgarmabdi. Yana Toshkentga oilaviy Yangi yil sayohatiga ham borib kelibsizlar. Unga ham otni kallasiday xarajat ketgandir? Men sizga aytsam, erning topganini xotin har yoqqa sovurishi kerakmas. Bolalar nimalarni xohlashmaydi, ko‘ngliga qarayversangiz?
U yana ko‘p narsalarni gapirdi. Mehmonni hurmati bor, ko‘ngliga qarash kerak...
“Istanbulda Yangi yilni nishonlamaydilar, kofirlarning bayrami deyishadi. Faqat Qurbon hayiti, Ramazon hayiti katta bayram qilinadi. Ramazonda yuz foiz aholi ro‘za tutadi. Buning uchun ishxonasidan mo‘maygina pul oladi. Uch yil yashagan bo‘lsam, birorta ichadigan odamni uchratmadim. Lekin hamma kashanda. Ayollarning 90 foizi sigaret chekadi. 7 yoshdan 70 yoshgacha namozxon. Juma kunlari ko‘chada yurib bo‘lmay qoladi, hamma erkaklar ishni to‘xtatib, namozga boradi. Seriallarga ishonmang, u yerda hammasi yolg‘on!
Ey, ularning to‘ylarini aytmaysizmi. Antiqa to‘ylar faqat kelin-kuyovga sovg‘a berish uchun qilinadigandek. Dasturxoni “sladkiy stol”, xolos. O‘zlarining milliy shirinliklari qo‘yiladi, boshqa hech narsa qo‘yilmaydi. “Qalin puli” katta bo‘lgani uchun ko‘pincha yigitlar yetarli mablag‘ni topmaguncha 30-40 yoshgacha uylanmay yuraverishadi. Bizdagidek, turk yigitlarini ota-onalar uylantirib qo‘ymaydi. To‘yda kelinga “kilolab” tilla taqinchoqlar sovg‘a qilishadi. Keyin yoshlar shu tillalarning ma’lum qismini ro‘zg‘or anjomlarini sotib olishga ishlatadi.
Men katta o‘g‘limning to‘yi videosini ko‘rsatganimda, “Juda boy ekansan, bu yerda nima qilib yuribsan?”, deb ajablanishdi. Biz qilgan to‘y dasturxonini ko‘rib, hayratlanishgandi.
Aytgancha, xo‘jayinim menga yana birorta ayolni olib kel, degandi. Singlisiga qarashga odam kerak ekan. Mendek, oyoq-qo‘li chaqqon, tibbiyotdan biroz xabari bor, asosiysi, toza-pokiza ayol kerak. Shunaqasini bilmaysizmi, mabodo! Oyiga 1000 dollar to‘lashadi, baquvvat odamlar.
Dugonalarimga aytishim kerak! Qachongacha maktabda yurishadi, maosh kelishini kutib, kun sanab”.
Bunday bepisandlik tanishimning tabiatida qachon paydo bo‘ldi? Bor-yo‘g‘i uy xizmatchisi bo‘lib, keksa ayolni parvarish qilayotgan bu kishim juda balanddan gapirardi. Go‘yo, bu yerdagilar hammasi ahmoq, haqiqiy hayot u yoqda. Pulga, davlatga o‘chlik odamni mana nima ko‘ylarga solishi mumkin.
Bilishimcha, dastlab eri uning xorijda ishlashiga qarshi bo‘lgan. Qaysi oriyatli erkak xotinini yolg‘iz chetga yuboradi? Yana ishlashga. O‘smir qizi ona tarbiyasiga muhtoj paytda u kim-kimlarning to‘shagini tozalab yuribdi.
Katta kelini bir necha marta onasinikiga arazlab ketib qoldi, qarindoshlar o‘rtaga tushib yoshlarni yarashtirishdi.
Talaba o‘g‘li ta’til paytida ham uyiga kelishni istamaydi...
Erining esa ko‘rgan kuni qursin! Xorijdan kelayotgan pullar bu oilaning hamma tashvishlarini kamaytira oladimi?
Bu kishim esa faqat mol-dunyodan, puldan gapiradi.
Qanoatda, shukronalikda gap ko‘p. Faqat dang‘illama to‘y qilish uchungina chetda yurganlarga bir tomondan yuraging achiydi. O‘zini, o‘zligini unutib, g‘ururini chetga surib, mardikorlikda og‘ir mehnat qilib, topgan pullarini bir kechada sovurib yuboradi. Odamlarning bir og‘iz maqtovi uchun qilinadi bu tashvishlar.
Shuning uchun bu ayoldan sira xafa bo‘lmadim, achindim xolos. Faqat maktabda halol ishlab, ro‘zg‘origa, bola chaqasiga egalik qilayotgan, ham bolalarga ta’lim-tarbiya berayotgan birorta o‘qituvchi ayolni yo‘ldan urib, Turkiyaga, mardikorlikka olib ketib qolishidan xavotirlandim.
Gulchehra BERDIYoROVA.