Mehmonxona auksionda sotilib, kredit qarzi qoplandi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2021 yil 27 sentyabr kungi ijro hujjatiga asosan, qarzdor “Mehr Al-Biznes” xususiy korxonasidan undiruvchi «Qishloq qurilish bank» ATB mintaqaviy filiali foydasiga 717 million 463 ming so‘mlik muddati o‘tgan asosiy qarz, 76 million 439 ming so‘mlik kredit qarzni undirish uchun undiruvni fuqaro Sh.G.ga tegishli bo‘lgan Chuquryo‘l ko‘chasi 84-uyda joylashgan mehmonxona binosiga qaratish yuzasidan ijro hujjati Byuroning shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.

Majburiy ijro byurosining Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi Jasurbek Rahmonovga ko‘ra, tegishli tartibda davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan. Davlat ijrochisi tomonidan belgilangan tartibda “ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilinib, qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan.

Qarzdor ixtiyoriy muddatda ijro hujjati talabi bajarilmaganligi sababli, majburiy ijro harakatlariga kirishilgan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida garov mulki bo‘lgan, umumiy maydoni va qurilish osti maydoni 84,24 kvadrat/metr, foydali maydoni 129,73 kvadrat/metr bo‘lgan mehmonxona xatlandi.

Shundan so‘ng mazkur bino “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarildi. Auksionda bino 1 milliard 147 million so‘mga sotilib, «Qishloq qurilish bank» ATB viloyat mintaqaviy filiali foydasiga undirilmay qolgan 596 million 641 ming 473 so‘m kredit qarzi o‘tkazib berildi.