Mehmonxona tomonidan 7,6 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi
Bu 85 mingta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.
Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida Samarqand shahar, So‘g‘diyona mavzesida faoliyat yuritib kelayotgan “Dobusya Samarqand Aqualand” MChJda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Xususan, ushbu tadbirkorlik sub’yektiga tegishli mehmonxonada yashirincha o‘rnatilgan o‘chirgich orqali elektr hisoblash tizimiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi ma’lum bo‘ldi. Natijada iste’molchiga 16,9 mln kV⋅soat hisobga olinmagan elektr energiyasi bo‘yicha 7,6 mlrd so‘m miqdorida qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirildi.
Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 85 mingta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.
Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.