Mehnat, harbiy vatanparvarlik yig‘ini” yakunlandi

Avval xabar qilganimizdek, 25 oktyabrdan 1 noyabrga qadar viloyat harbiy-ma’muriy sektori tashabbusi bilan tashkil etilgan “Mehnat, harbiy vatanparvarlik yig‘ini” loyihasi nihoyasiga yetdi.

Loyiha  doirasida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, turli tadbirlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hamda kam ta’minlangan 80 nafar oila farzandlari kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida ma’naviy-ma’rifiy, jangovar mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlik mashg‘ulotlari, madaniy tadbirlar, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar va sport musobaqalarida qatnashdi.

Bugun mazkur loyihaning yopilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimligi, Markaziy harbiy okrug va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mutasaddilari ishtirok etib, yoshlarning kelgusi ishlariga omad tiladi. 

Tadbirda loyiha doirasida o‘tkazilgan tanlov va musobaqalarda faol ishtirok etgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. 

- Yetti kun davomida harbiy xizmatchilarning yashash tarzi, kundalik yumushlari, mashg‘ulotlari, sport musobaqalari va turli uchrashuvlarda ishtirok etdik, - deydi Ishtixon tumani Mirishkor mahallasida yashovchi Asomiddin Jozilov. - Bu tadbirlar biz, yoshlar uchun kasb-hunar o‘rganish, mustaqil hayotga qadam qo‘yishga asqotadigan bo‘ldi. Ayniqsa, askar akalarning vazifasini sidqidildan bajardim va kelgusida harbiy bo‘lishni dilimga tugdim.