Mehnati qadr topayotgan kasb fidoyilari taqdirlandi
Bugun viloyat musiqali drama teatrida "O‘qituvchi va murabbiylar kuni"ga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirga viloyatda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan faol ustoz va murabbiylar, mehnat faxriylari taklif etildi.
Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, barcha ustoz va murabbiylarni bayram bilan qutladi.
Tadbirda Prezident farmoniga ko‘ra mukofotlangan fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarga orden va medallar topshirildi. Shuningdek, bir guruh faol ustozlar ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
- Ilgari 1 oktyabr kuni kasb bayramimizni nishonlash o‘rniga dalalarda paxta terardik, - deydi Urgut tumani 87-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Zamira Kenjayeva. – Bugun o‘qituvchilarga berilayotgan imkoniyatlar bizni yanada fidoyilikka undamoqda. Mehnatimiz qadr topyati. 32 yillik ish faoliyatim samarasi bo‘lsa kerak bugun bayram tadbirida II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandim.
Taqdirlash marosimidan keyin tadbir ishtirokchilari uchun viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan “Yalangto‘sh Bahodir” spektakli namoyish etildi.
Bayram tantanasi “Diyora” bazmgohida bir piyola choy ustida madaniy tadbir bilan davom etdi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat),