Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Men harbiy bo‘laman!” tadbiri o‘tkazildi
Samarqand Davlat meditsina instituti harbiy kafedrasi Samarqand shahar 1-mehribonlik uyi rahbariyati bilan hamkorlikda tarbiyalanuvchilar o‘rtasida “Men harbiy bo‘laman” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazdi.
Tarbiyalanuvchilar o‘rtasida harbiy-texnik va ommabop sport o‘yinlari o‘tkazildi. Shuningdek, “Men harbiy bo‘laman” mavzusida viktorina o‘tkazilib, 3 guruhga bo‘lingan tarbiyalanuvchilar Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idoralar, harbiy okruglar (nomlari, joylashgan shahri, qaysi viloyatlar kirishi), oliy harbiy bilim yurtlari, harbiy unvonlar, harbiy texnika va qurol-yarog‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar haqida savollarga to‘liq javob berishib, o‘zlarining harb ilmidan xabardor ekanligini ko‘rsatishdi.
G‘olib va sovrindorlar harbiy kafedraning diplom va kitoblari bilan taqdirlandi.
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga shodlik va xursandchilik ulashish maqsadida tashrif buyurgan Markaziy harbiy okrug harbiy orkestri ularga bir olam quvonch hadya etishdi.