“Men Markaziy Osiyo fuqarosiman”

O‘zimizni shunday tanishtirish payti keldi

Xabaringiz bor, may oyining so‘nggi dekadasida "Markaziy Osiyo - 2050: umumiy farovonlik va barqarorlik sari" mavzusida birinchi mintaqaviy forsayt-seminar bo‘lib bo‘lib o‘tdi. Unda ekspertlar mintaqa kelajagini muhokama qildi.

Tadbir doirasida tahlilchi Aziza Umarovaning quyidagi fikri e’tiborga molik: “Mintaqa davlatlari alohida-alohida gapirsa, biz qiziqish uyg‘otmaymiz...”.

Aslida sovet ittifoqi boshqaruvi shartli ravishda bo‘lib yuborgan mintaqada mustaqillikning ilk kunlaridan o‘zaro hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatishga harakat qilindi. Hatto bu borada qat’iy qadamlar ham tashlangani aniq. Jumladan, sarlavhaga chiqarilgan g‘oya asosida yaqin aloqalar boshlangan. Mutaxassislarga ko‘ra, bu ish tabiiy ehtiyoj, ta’bir joiz bo‘lsa, mintaqada azaldan shakllangan tarixiy qonuniyat asosida yuzaga kelgan.

Voqelikning keyingi rivojida esa sovet davrida amalga oshirilgan taqsimlanish o‘z “meva”sini berdi. Ya’ni, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida chegara nizolari o‘rtaga chiqa boshladi. Tabiiyki, munosabatlar sovuqlashgandan sovuqlashdi.

Taassufki, boy tabiiy resurslari, strategik joylashuvi, iqtisodiy, transport, logistika va boshqa muhim sohalardagi imkoniyatlari bois xalqaro maydondagi yirik kuchlar mintaqaga bo‘lgan e’tiborini hech vaqt susaytirmagan. Faqat yuqorida qayd etilganidek, bizni aksar holda Markaziy Osiyo sifatida qabul qilishlari mumkin.

Qayd etilishicha, “5+1” deb ataluvchi ko‘p tomonlama uchrashuvlar formati Markaziy Osiyoning beshta davlati (“5”) va xalqaro hamkor (“1”)ni nazarda tutadi. Mazkur format uchrashuv hamda forumlar doirasida doimiy muloqot uchun diplomatik platforma vazifasini o‘tayapti.

Aslida, 2004 yilda Yaponiya tashqi ishlar vazirlari darajasidagi “Markaziy Osiyo – Yaponiya”, ya’ni “5+1” hamkorlik formatini joriy qilgan ilk mamlakat bo‘ldi. Uning ortidan Janubiy Koreya (2007), Yevropa ittifoqi (2008), keyinchalik boshqa davlatlar ham mazkur hamkorlik formatida uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yishdi. Ayniqsa, 2017 yildan boshlab xalqaro hamkorlar “C5+1” ko‘p tomonlama platformasi orqali Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirishga diqqat-e’tiborini kuchaytirdi. Misol uchun, 2019 yilda Hindiston, 2020 yildan Rossiya va Xitoy “5+1” formatidagi ko‘p tomonlama uchrashuvlarni amaliyotga tatbiq qila boshladi. Bu orqali Rossiya va Xitoy mintaqa davlatlari bilan nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni o‘rnatishini, balki Markaziy Osiyoni xalqaro munosabatlarning yagona sub’yekti deb hisoblashini namoyish etgan.

***

Joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham O‘zbekiston uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Yevropaning Fransiya, Germaniya, Italiya va Ispaniya kabi davlatlari O‘zbekistonda sanoat, infratuzilma va “yashil energetika” sohalarida sarmoyalarni ko‘paytirish niyatida. Bu mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari va yuqori texnologiyali korxonalar demakdir.

Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish — mahalliy mahsulotlarni Yevropa bozorlariga tez va samarali yetkazish imkoniyati. Bu esa ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozor, valyuta tushumi va iqtisodiy o‘sishga yo‘l ochib beradi.

Erasmus+, Horizon Europe va shunga o‘xshash dasturlar orqali yoshlarga Yevropada ta’lim olish, tajriba almashish, startap loyihalarda qatnashish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Samarqandning xalqaro markaz sifatidagi mavqei oshmoqda. Bu turizm oqimi, yangi mehmonxonalar, aviareyslar, xizmat ko‘rsatish sektori rivoji deganidir. Samarqand tom ma’noda G‘arb va Sharqni yana yuzlashtirmoqda.

Sammit – bu bir kunlik voqea emas. Bu O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo uchun ustuvor ko‘rilayotgan yangi vektor. Uning iqtisodiy natijalari yillar davomida o‘z samarasini beradi. O‘zbekiston xalqaro maydonda ochiq, ishonchli va investitsiyaviy jihatdan jozibali davlat sifatida mustahkamlanmoqda.

Samarqand sammitining yakuni o‘laroq, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish haqida tarixiy qaror qabul qilingan bo‘lsa, muzokaralarning iqtisodiy natijalari undan-da boy bo‘ldi. Xususan, Yevroittifoq Markaziy Osiyo uchun 12 milliard yevro hajmidagi investitsiya paketini e’lon qildi. Investitsiya paketi mintaqa uchun muhim bo‘lgan to‘rtta sohaga yo‘naltiriladi: transport (3 milliard yevro), kamyob muhim minerallar (2,5 milliard yevro), gidroenergetika va iqlim (6,4 milliard yevro) hamda sun’iy yo‘ldosh interneti (100 million yevro).

Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 2027 yilgacha muhim minerallar va qayta tiklanuvchi energiya kabi sohalarni o‘z ichiga olgan taxminan 7−8 mlrd yevrolik loyihalar paketini ishlab chiqmoqda.

Aslida bundan 20 yil oldin ham dunyo hamjamiyati Markaziy Osiyoni yagona sub’yekt sifatida ko‘rishga, shu taxlit muomala qilishga intilgani bilan ichkarida, o‘zimizda qator muammolar mavjud edi.

Jumladan, yaqin-yaqinlargacha Markaziy Osiyo davlatlari bir-birlariga nisbatan turli savdo rejimlari va bojxona to‘lovlarini qo‘llab kelishayotgandi. Tabiiyki, bu o‘z navbatida mamlakatlar o‘rtasidagi jadal savdo aloqalarining rivojiga nafaqat salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki to‘sqinlik ham qilardi.

O‘zaro bordi-keldi va boshqa munosabatlardagi qiyinchiliklarning og‘rig‘ini hali jamiyatimiz unutgani yo‘q. Shu bois bu haqda takrorlash o‘rinsiz, degan o‘y bilan keyingi yillarda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtalish maqsadga muvofiq degan fikrga keldik. Negaki inson yaxshi yangiliklarga tez ko‘nikadi va bunday jarayonlarni unutishga moyil bo‘ladi.

Shu o‘rinda bir gapni alohida ta’kidlash o‘rinli, chunki aksar odamlar davlatimiz rahbari boshqaruvga kelgan ilk yillarda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi qanday samara bergani haqida ko‘pam bilmaydi. Bilganlar esa unutib bormoqda. Vaholanki, ayni dastur asosida O‘zbekistonda Markaziy Osiyoni keng imkoniyatlar makoniga aylantirish orqali “xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik” muhitini yaratish bo‘yicha faol mintaqaviy siyosat amalga oshirildi.

Natijasini esladingiz: ochiq va pragmatik siyosati tufayli mintaqaviy aloqalar tiklandi, chegaralar ochildi; havo, avtobus va temir yo‘l yo‘nalishlari qayta ishga tushirildi va yangi yo‘nalishlar bilan boyitildi; odamlar o‘rtasida bordi-keldi aloqalari ham osonlashdi, bu esa o‘z navbatida, mintaqalararo iqtisodiy va savdo aloqalarining rivojlanishiga yangidan yangi imkoniyatlarni berdi.

Yevropadagi 28 davlat ittifoq bo‘lib, yana-da farovon hayot qurganliklari aniq. Nega endi bir-biriga ham tarixiy, ham etno-madaniy jihatdan, ham qadriyatlar bo‘yicha juda yaqin bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlarida iintegratsiyani amalga oshirib bo‘lmaydi?

Savol o‘rinli edi, biroq yillar davomida sovuqlashgan munosabatlarni ilitish uchun mintaqa mamlakatlaridan birining rahbari siyosiy iroda ko‘rsatish kerak edi. Bu O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev bo‘ldi.

Aynan u kishining tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi.

Chegara oldi tumanlarda biznes-forumlar, ko‘rgazmalar tashkil qilinyapti. Chegaralardagi o‘tish punktlarining ko‘paytirilishi, viza rejimidagi qulayliklar ham mintaqaviy integratsiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoni kesib o‘tuvchi xalqaro transport koridorlarini barpo etish yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatimiz ham mintaqa mamlakatlari istiqboliga xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, yaqin-yaqingacha o‘zaro munosabatlarda ba’zi mavzularda gapirish noqulay hisoblangan bo‘lsa, hozir biror yopiq mavzu qolmadi. Hatto eng murakkab masalalarni, xoh u transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘lsin, xoh chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘lsin, barcha muammoni tomonlar ochiq va do‘stona ruhda hal qilishga intilmoqda.

Hozir mintaqa mamlakatlari muammolarga yakdil javob qaytarish, ularni hal etishning samarali yo‘llarini birgalikda izlash va taraqqiyot uchun hamjihatlikda intilish yo‘lida dadil harakat qilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston yetakchisining qat’iy sa’y-harakatlari tufayli ilgari ancha tarqoq va o‘ta ziddiyatli ichki munosabatlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo xalqaro maydonda yaxlit bir jug‘rofiy-siyosiy makon sifatida gavdalana boshladi.

To‘g‘ri, hali Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo‘lida hali talaygina ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud. Buni olimlar, xalqaro ekspertlarning tahlillari ham yaqqol tasdiqlaydi. Masalan, iqtisodchi olim O.Hakimovning fikricha, ichki mintaqaviy savdo hajmini, ayniqsa, tayyor mahsulotlar hisobiga oshirish ulkan istiqbolga ega. Xalqaro savdo markazi metodologiyasi bo‘yicha qilingan hisob-kitoblar Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro savdoda 1,1 milliard dollar, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari borasida 530 million, kimyo sanoatida 180 million, metallurgiya sanoatida 120 million, yengil sanoat tovarlari borasida 110 million dollarlik amalga oshirilmagan eksport salohiyati mavjudligini ko‘rsatmoqda. Demak, amaliy sa’y-harakatlarni yanada chuqurlashtirish orqali mintaqaviy hamkorlikni bundan-da yuqoriroq bosqichga ko‘tarish mumkin.

***

Yevropa bilan yaqinlashuvimiz boshqa xalqaro o‘yinchilarni behalovat qildi. O‘zaro aloqalar borgan sari chuqurlashib borayotganini yaqinda Italiya bosh vaziri Jorjiya xonim Samarqandga tashrif buyurganidan, keyinroq Markaziy Osiyo va Italiya forumida qatnashganidan ham bilish mumkin.

Lekin bir narsa aniqki, Markaziy Osiyo yetakchilari milliy manfaatlarni qo‘shnilarning manfaatlarini hisobga olmasdan turib ta’minlab bo‘lmasligini tushunib yetmoqda. Pirovardida xalqaro o‘yinchilarning har biri bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilyapti. Bu esa qaysidir kuch markaziga to‘liq qaram bo‘lib qolmasligimiz kafolati bo‘lyapti.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida tashkil qilingan.

Albatta, boshqa hamkorlar ham bor, faqat tashkilotchilar kimligiga e’tibor qaratsak ham tadbirning siyosiy salohiyati, jiddiyati va ahamiyatini tasavvur qilish mumkin.

Forsayt-seminarda 2050 yilgacha bo‘lgan demografiya, energetika, iqlim, suv, transport integratsiyasi va inson kapitali sohalaridagi prognozlar muhokama etilgan. Mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi va iqtisodiy jihatdan bir-birini to‘ldirishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov ta’kidlashicha, "Markaziy Osiyoda 83 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2030 yilga borib mintaqa aholisining 60 foizi shaharlarda yashaydi, bu esa ish o‘rinlari, infratuzilma, ta’lim va tibbiyotga bo‘lgan talabning keskin oshishiga olib keladi.

Bu shuningdek, davlatlarimiz aholisining sifatli turmush tarziga, xavfsiz muhitga va kelajakka bo‘lgan ishonchga talabi ortib borishini anglatadi”.

Endi Siz ham baralla ayting: men Markaziy Osiyo fuqarosiman!

Yoqubjon Marqayev.