“Men nima deyman, qo‘bizim nima deydi...”
Madaniy meros agentligi chalg‘iyaptimi yoki chalg‘ityaptimi?
Saytimizda Past Darg‘om tumani Qayrag‘och qishlog‘idan qadimiy qabrtoshlar topilgani, shu sababdan ushbu hududni madaniy meros ob’yekti sifatida ro‘yxatga olishda muammolar yuzaga kelayotgani yuzasidan fuqaro murojaati e’lon qilingan edi.
Xususan, maqolada “Fuqaro ushbu masalada viloyat madaniy meros boshqarmasiga murojaat qilgan. Boshqarma esa Past Darg‘om tumani hokimligiga xat yo‘llab, qadimiy qabriston va undagi qadimiy qabrtoshlarni madaniy meros ob’yektlari ro‘yxatiga hamda davlat muhofazasiga kiritishga rozilik berish hamda yer maydonini belgilashda ko‘maklashishni so‘ragan. Murojaatchining qayd etishicha, oradan bir oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da ushbu masala ochiqligicha turibdi” deya aytib o‘tilgandi.
Oradan qariyb bir hafta o‘tib ham tegishli tashkilotlardan munosabat bo‘lmagach, kanalimizda kecha shu mazmunda yana xabar joylandi.
Shundan so‘ng, Madaniy meros agentligi rasmiy saytida holatga munosabat bildirilibdi. Qizig‘i shundaki, munosabatda “Past Darg‘om tumanidagi Qayrag‘och qishlog‘i” deyilgani holda tumanning Charxin shaharchasidagi “Ko‘ktosh” qabristonida topilgan dahma yuzasidan ma’lumot berilgan. Shu tariqa biz tilga olgan hududdagi muammo yana e’tibordan chetda qolgan ko‘rinadi.
Bundan ham ajablanarlisi, 10 sentyabr kuni e’lon qilingan maqolaga nisbatan “muammo o‘rganildi” qabilidagi munosabatga ilova qilingan surat aslida avgust oyida olingan. Xullas, hammasi juda g‘alati. Buyoqda esa murojaat egasi qadimiy qabrtoshlar topilgan joy savdoga qo‘yilganini aytib, “nega mas’ullar yodgorlikni saqlab qolishni xohlamaydi”, deb kuyinmoqda. Rostdanam madaniy merosga kuyinadigan, holatni aslidayam o‘rganadigan tashkilot bormi o‘zi?