Men senga quvonchni tuhfa etaman
Hamida Karimovani Samarqand ijod ahli ustoz sifatida qadrlashadi, chunki opa uzoq yillar davomida «Samarqand universiteti» gazetasida, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limida faoliyat ko‘rsatdi, badiiy ijod qilish barobarida ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi.
Hamida opa «Ko‘ngil daftari», «Qo‘shkokil», “Uchqunlar she’riy to‘plamlari, shuningdek, almanaxlarda chiqqan turkum asarlari orqali kitobxonlar ko‘ngliga yo‘l topdi. Baxtiyor Jumaning «Aqlsiz mushuk», asarini tojik tilidan o‘zbek tiliga o‘girdi, Bolta Ortiqovning «Mo‘miyo» qissasini esa rus tiliga tarjima qildi.
Bundan tashqari, zahmatkash shoira o‘zbek, ozarbayjon, rus adiblarining ko‘plab she’rlarini tojik kitobxonlari hukmiga havola etdi.
Taniqli adibimiz Zulfiyaxonim Hamida opaning singil sifatida ko‘rib, qadrlagan, ijodiga rahnamolik qilgan. Shu sababli Hamida opa “Saodat“ jurnali qoshidagi adabiy muhitda pishib yetilgan.
Bugun 85 yoshini nishonlayotgan, tahririyatimizning faol mualliflaridan sanalgan shoir va tarjimon ijodkorimizni quvonchli kuni bilan muborakbod etamiz.
Vatan
Sendayin yurt yo‘qdir jumla jahonda,
Niholday o‘stirding, bag‘ringga bosib.
Kamolga yetkazding, el ishqi tanda,
Yashaymiz mehringdan daryoday toshib.
Faqat senda Vatan yayraydi ko‘nglim,
Baland pardadagi sozim sig‘adi.
Onaday og‘ushing, o‘zimning tilim,
Borginam, ko‘pimu ozim sig‘adi.
Saxovating yetti eshigi ochiq,
Qishim ham bahorim, yozim sig‘adi.
Men neni istasam me’yordan oshiq,
Bag‘ringga bayotim, rozim sig‘adi.
Otamday, onamday yuragi sochiq,
Faqat sengagina nozim sig‘adi.
Barcha gapim aytgum o‘zingga ochiq
Qabrim ham sen topsang lozim, sig‘adi.
O‘ylasam, yagonam, nozbardorimsan.
Hayrat ko‘chib kirdi yuraklarimga.
Boshimda arkonim, zo‘r sardorimsan,
Uchqur qanot bo‘lding, kuraklarimga.
To‘y
Bu kech tog‘lar boshi olmos bo‘libdur,
Baxt ulashar taqdir tolmas bo‘libdur.
Hilolu yulduzlar kelib bazmga,
Zim-ziyo osmonga bormas bo‘libdur.
Qizning libosida zar, munchoq porlar,
Somon yo‘llariga ul mos bo‘libdur.
Falak yo taqdirning ishorasi bu,
Yuz-ko‘zlarga mehr pardoz bo‘libdur.
Quda-andajonlar «Qo‘sha qaring!» deb
Yoshlarga baxt tilab dilroz bo‘libdur.
Kelinga bir boqing, erka, gulnoza
Yigit huzurida noz-noz bo‘libdur.
Mashshoqlar kuyida ilohiy ohang,
So‘z, kuyi dilkashu dilnoz bo‘libdur.
Oltin boshingizga ishq tojin tilab,
Hamida ham to‘yga hamroz bo‘libdur.
Istak
Chorlagin... Chorlasang dildan quvonib,
Kelurman, yugurib yoqimli nozday.
Hayajondan porlab, yuzlarim yonib,
Qo‘ni-qo‘nji to‘la yetilgan yozday.
Va, sohir oqshomgi sukunatlarda
Mening tasodifan unutsang ismim.
Savol ham bermasman qiynab xatlarda,
So‘rab o‘tirmasman, Sen mening kimim?!
Jumboqlar sirini ochmasman so‘rab,
Gar ko‘nglim og‘risa hamki, ichimda.
Xaloskor misoli ishqingni kuylab,
Bahor kabi quchgum erta-kechimda.
Men senga quvonchni tuhfa etaman,
Bahor nasimidek ufurib asta,
Jonfido bo‘laman, birga ketaman,
Umr yo‘llarida bo‘lma dilxasta...
Ayriliqning sitami
Dunyo ichra sen dunyom eding,
Baxt atalgan aziz nom eding,
Qo‘limdagi nozik jom eding,
Ko‘zlarimni yoshladi taqdir.
Muhabbatda sirdoshim eding,
Porlagan zo‘r quyoshim eding,
Goh kulgim, goh ko‘z yoshim eding,
Yolg‘izlikka tashladi taqdir.
Sen ila men sinfdosh edik,
Taqdir biriktirgan bosh edik,
Qirq besh yillik yostiqdosh edik
Endi boshda ro‘molim oqdir.
Yo‘lda yolg‘iz, yomon qoqildim,
Kuzgi xazon, bargday yoqildim,
Mehring dilga nechun jo qildim,
Ammo, ayro tushirdi taqdir.
Har narsaga ko‘narkan inson,
Xasta dardlar dil ichra pinhon,
Hayotimiz edi bir bo‘ston,
O‘rniga sen qoldirding armon,
Sensizlikda yashash o, yomon!
Hamida KARIMOVA.