Menga nima, senga nima? Samarqand tumani hokimi Nosir Mavlonov e’tiboriga

Shunday bir latifa bor. Qo‘shni qo‘shninikiga jahl bilan keladi, u esa hovlidagi chorpoyada pinak qilayotgan edi.
- Hoy qo‘shni, menga qarang, nega mening hovlimda qo‘ylar o‘tlab yuribdi?!
- Senikida o‘tlab yurgan bo‘lsa, menga nima?! – depti landovur qo‘shni.
- Gap shundaki, ular sizning qo‘ylaringiz.
- Unda senga nima? – depti yana.
Tumaningiz fermer xo‘jaliklari yerlariga suv boradigan ariq Samarqand shahar So‘lim (Xishrav) qo‘rg‘onidan o‘tgan. Har yili bahorda bu ariqni fermerlar loy va qumdan tozalab, yo‘lga tashlab ketishadi. Ammo qo‘rg‘ondagi bu Samarqand ko‘chasi tartibga keltirilib, asfalt yotqizildi. Afsuski, fermerlar ariqni kovlab, loyu balchiqni har galgidek ko‘chada qoldirib ketishdi.
Bu haqda Sizga o‘zim telefon orqali aytdim, mahalla ahlining shikoyatini yetkazdim. Mana, ikki hafta o‘tdi, hech kim pinagini buzmadi, loyu balchiq duppa-durust ko‘chani gilxonaga aylantirdi. Mayli, Sizda vaqt bo‘lmagandir Ramazon oyida birovning yo‘lini vayron qilish orqali ekiniga suv olib bergan fermerga uning daromadi halol hisoblanadimi?
Agar men xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashiga shu hududdan saylangan deputat Husan To‘xtayev yoki shu Chilquduq mahalla oqsoqoli Ubaydulla Elboyev o‘rnida bo‘lsam, bu mas’uliyatsiz fermerlarni allaqachon ma’muriy va iqtisodiy sudlarga bergan bo‘lardim.
Xullas, Nosir Mavlonov ushbu maqolani senator murojaati deb qabul qilsangiz ham mayli.
Farmon TOShEV.