"Mening do‘stim – Vatan himoyachisi"
Samarqand shahrida shu shior ostida askarlar hamda ularning oila a’zolari, do‘stlari o‘rtasida videomuloqot uyushtirildi. Unda Samarqandda harbiy xizmatni o‘tayotgan xorazmlik o‘g‘lonlar va Xorazmda xizmat qilayotgan samarqandlik yigitlar, ularning ota-onalari va do‘stlari qatnashdi.
Tadbir avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari A.Umarov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi R.Qobilov Vatan himoyachilarini bayram bilan qutlab, vatanparvar farzandlarni tarbiyalagan ota-onalarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng diydorlashuv onlari boshlandi.
– O‘g‘limdan yoshligida "Katta bo‘lsang kim bo‘lasan?", deb so‘rashsa, "Askar bo‘laman", deya javob berardi, – deydi Xorazm viloyatida harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askar Komiljon Rustamovning onasi payariqlik Shahnoza Norova. – U bilan telefon orqali suhbatlashib turardim. Bugun o‘g‘limni askarlar orasida ko‘rib, xursand bo‘ldim. Shunday imkoniyatlar yaratilib, muloqotlar tashkil etilayotganidan xursandmiz.
– Ota-onam va do‘stlarim bilan videomuloqot orqali suhbatlashib, ularni yonimda turganday his qildim, – deydi Samarqandda yigitlik burchini o‘tayotgan xorazmlik Quvondiq Panayev. – Askarlik kiyimi yigit kishining ko‘rki. Vatanni himoya qilish – sharaf. Kelajakda men oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirib, ofitser bo‘lmoqchiman.
Tadbirda xorazmlik hamda samarqandlik xushovoz xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.