"Mening fikrim" veb-portali Nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining “Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qo‘shma qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Nizomning 3-bandidagi vakolatli davlat organlariga tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shuningdek  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman(shahar) Kengashlari kiritildi.

Ishchi komissiya  - “Mening fikrim” veb-portaliga elektron jamoaviy murojaatni joylashtirish to‘g‘risidagi yoki joylashtirishni rad etish haqidagi masalani dastlabki tarzda ko‘rib chiqish uchun vakolatli davlat organlari va moderator vakillaridan jamoatchilik asosida tuzilgan organ sifatida qo‘shimcha qilindi.

Shuningdek, Nizomning 11-bandiga qo‘shimcha ravishda amnistiya va avf etish to‘g‘risidagi, davlat organlari va tashkilotlarini tuzish, tugatish va qayta tashkil etish haqidagi, shakliga, mazmuniga va ma’nosiga ko‘ra qonun hujjatlari bilan tartibga solingan qoidalarga o‘xshash bo‘lgan murojaatlar jamoaviy murojaatlar predmeti bo‘lishi mumkin bo‘lmagan masalalar, deya e’tirof etildi.