Meros huquqi: bizda qanday, xorijda qanaqa?
Samarqandda O‘zbekiston Notarial palatasi tomonidan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Meros rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Unda Xalqaro notariuslar ittifoqi rahbarlari va ittifoqqa a’zo mamlakatlar vakillari, o‘ttizdan ortiq davlat notarial idoralari mas’ullari, xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov anjuman ishiga muvaffaqiyat tilab, mazkur tadbir merosni rasmiylashtirishdek muhim notarial harakatni xalqaro tajriba asosida yanada takomillashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, mamlakatimizda merosni rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida so‘z yuritib, ushbu yo‘nalishdagi qonunchilikni takomillashtirish hamda aholi huquqiy bilimi va madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Xalqaro notariuslar ittifoqi prezidenti Lionel Galliyez bugungi kunda merosni rasmiylashtirish notarial harakatining ahamiyati yuqori ekanligini ta’kidlab, turli davlatlar vakillarining o‘zaro tajriba almashishi har jihatdan foydali bo‘lishini qayd etdi.
O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov xorijiy davlatlar notarial idoralari mas’ullari va hamkorlarga O‘zbekiston Notarial palatasi tomonidan ta’sis etilgan “Notariat sohasiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini topshirdi.
Shundan so‘ng konferensiya mavzusi yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti shu’bu mudiri Komil Rashidov O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligida vorislik institutini takomillashtirish masalalari haqida so‘z yuritdi.
– Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga meros huquqlariga oid 8 ta modda kiritilmoqda, – dedi K.Rashidov. – Merosni qabul qilish muddati to‘g‘risida ham o‘ylab ko‘rish kerak. Meros qachon qabul qilingan deb hisoblanadi? Bu borada biz O‘zbekiston Notarial palatasi bilan muhokamalar o‘tkazib, mazkur masalani huquqiy takomillashtirish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Shuningdek, Fuqarolik kodeksiga raqamli meros huquqi haqida qo‘shimcha kiritishni o‘ylayapmiz.
Xalqaro notariuslar ittifoqi Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyasi vitse-prezidenti Deng Jiaming Xitoy Xalq Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan meros huquqi va merosni rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, ushbu mamlakatda merosni rasmiylashtirishda to‘lovni kamaytirish, keksa yoshdagilarga imtiyozlar berish borasida ish olib borilmoqda.
Xalqaro notariuslar ittifoqi boshqaruv qo‘mitasi a’zosi David Fugiyero Markez Meksikada vasiyatnoma rasmiylashtirish, vasiyatnoma yozuvchining kimga va qanaqa meros mulki qoldirishi maxfiylik asosida amalga oshirilishini qayd etdi. Vasiyatnoma elektron pochta orqali vasiyat qoldiruvchiga yuboriladi va u o‘qib, rozilik bildirganidan keyin notarial idoraga taklif etiladi va vasiyatnoma tasdiqlanadi.
Vengriya milliy notarial palatasi prezidenti Adam Totning qayd etishicha, Vengriyada turmush o‘rtog‘ining merosxo‘ri bo‘lish uchun kamida 3 yil birga yashagan bo‘lishi kerak. Yana bir jihat, marhum mulkni qay tartibda olgani, ya’ni hadyami, merosmi – aniqlanadi. Avloddan avlodga qoluvchi merosni rasmiylashtirishda meros marhumning to‘g‘ridan to‘g‘ri merosxo‘rlariga o‘tadi. Turmush o‘rtog‘iga qolgan taqdirda meros huquqi u boshqa turmushga chiqquniga qadar haqiqiy hisoblanadi.
Anjuman so‘nggida O‘zbekiston Notarial palatasi hamda Meksika, Portugaliya va Urugvay notariuslari assotsiatsiyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.