Messi “Barselona”da qolishga qaror qildi
“Barselona” hujumchisi Lionel Messi Kataloniya futbol klubida qolishga qaror qildi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.
Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, guruhdan ketishni rejalashtirgan hujumchi so‘nggi bir necha kun ichida qarorini o‘zgartirgan. Argentinalik futbol ustasi yana bir mavsum “Barselona” tarkibida to‘p surishi mumkin. Qolish qarorining asosiy sababi etib, “Barselona” shartnomani bekor qilishni xohlamagani ko‘rsatilmoqda. Shunga qaramasdan, Messida muammoni sud orqali hal qilish imkoni mavjud. Biroq futbolchi klub bilan ziddiyatga borishni istamadi.
Futbolchining otasi va agenti Xorxe Messi 3 sentyabr kuni “Barselona” prezidenti Xosep Bartomeu bilan uchrashganidan so‘ng uning o‘g‘li yana bir mavsum klubda qolishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Messini o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun asosiy davogar Angliyaning “Manchester Siti” klubi bo‘lib qolmoqda. Biroq 1 sentyabr kuni “shaharliklar” bosh murabbiysi Xosep Gvardiola hujumchiga “Barselona”da qolishni maslahat berdi. U bu holatni transferning iqtisodiy qiyinchiliklari bilan izohladi.
Messi 2003 yildan buyon faoliyat olib kelayotgan “Barselona”dan guruh ichidagi ichki nizolar sababli ketishni rejalashtirgan edi. Joriy yildagi Chempionlar ligasining chorak finalida uning jamoasi “Bavariya”ga 2:8 hisobida mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng Messining ketish jarayoni yanada tezlashib ketdi.