Metodikamiz islohga muhtoj

O‘tgan asrda ona tilimizning mamlakatimiz ichki va tashqi munosabatlarida, ta’lim-tarbiyada, ish yuritishda qo‘llanish imkoniyatlari ma’lum darajada cheklab qo‘yilganligi, bu esa tilimiz taraqqiyotiga ham ta’sir ko‘rsatganligi hech kimga sir emas. Bir asrdan ziyod vaqt davomida bir tilning baland inshootlar peshtoqlaridan so‘ylab, ikkinchisining ro‘zg‘or tiliga aylanishi ayanchli oqibatlarga olib kelganligini davr ko‘rsatib turibdi. Afsuski, buning jabrini yaqingacha tortganligimiz ham bor gap.

Mustaqillikka erishganimizga chorak asrdan oshiqroq vaqt o‘tdi. “Davlat tili haqida”gi Qonunni to‘liq joriy qilishda, lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek yozuviga o‘tishdagi qiyinchiliklarga barham berilmoqda. Ayrim muassasalarda ish yuritishda qo‘llanilgan hujjatlarni “bezab” turgan imloviy xatolarni, ko‘cha-ko‘ydagi do‘konlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari peshtoqidagi “Ikrom shashlik”, “Nargiza palov”, “Aligator”, “Esmeralda” kabi nomlarni, “Shurpa, djiz, sambusa, kala pocha”, “Mi otkrilis!” kabi reklamalarni ko‘rib, yaqingacha xafa bo‘lishdan nariga o‘tmadik va yana istihola qildik. Oilada farzandlarning dars qilish, kitob o‘qish o‘rniga qo‘lidan telefon tushmasligiga odatiy hol deb qarashga o‘rgandik. Bularning barchasi farzandlarimiz dunyoqarashi va ma’naviyatiga ma’lum darajada ta’sirini ko‘rsatdi. Milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni, ona tilimizning sofligini qanday qilib saqlab qolamiz, degan savollar bugungi kunda asosiy masala sifatida muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bois mamlakatimizda ta’lim-tarbiyaga, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga e’tibor kuchaytirildi. Respublikamiz Prezidenti raisligida xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’lim tizimi oldida turgan dolzarb vazifalar, ta’lim va tarbiyaning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Unda mamlakatimiz rahbari maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratib, bunda maktab va o‘qituvchilarning roli kuchli ekanligini ta’kidladi.

Davlat rahbari bildirgan fikrlardan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, bugungi kunda ta’lim tizimining barcha pog‘onalarida, jumladan, oliy ta’lim tizimini ham milliylashtirish, ta’lim jarayoniga bugungi kun talablariga javob bera oladigan yangi uslublarni joriy etishni ko‘zda tutuvchi milliy metodikani yaratish lozimligi ma’lum bo‘ladi.

Bugun talabalarga ilm berish barobarida ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ma’naviy boyliklarga, milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga, ona tilimiz va adabiyotimizga hurmat va faxrlanish hislarini ularning ongu shuuriga singdirishimiz lozim. Toki, universitet yoki institutni tugatgan talaba oliy ma’lumotli oddiygina mutaxassis emas, balki yurti, qadriyatlari, turkiy xalqlar tili va adabiyoti tarixini yaxshi biladigan, madaniyatimiz va ma’naviyatimizning yetuk targ‘ibotchilari bo‘lib o‘z faoliyatini boshlasin. Ana shundagina ko‘zlagan natijaga erisha olamiz.

Darhaqiqat, tilimizga har kuni ilm-fan, madaniyat va texnika bilan bog‘liq bo‘lgan o‘nlab so‘zlar kirib kelmoqda. Yoshlar nutqida xorijiy so‘zlarni noo‘rin qo‘llash odat tusiga kirdi. Til va imlo masalalari tobora jiddiylashib borayotgan hozirgi davrda Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganidek, “tarbiya yo hayot, yo mamot” masalasiga aylandi. Bu esa ta’lim tizimimizni bugungi kun talablari darajasida qayta ko‘rib chiqishni hamda ona tili va adabiyot fanlarini o‘qitish sifatini yanada yaxshilashni taqozo qilmoqda. Ertangi kunimiz ta’lim tizimiga, milliy metodikamizni yaratishga bog‘liqligi yanada oydinlashdi. Shu bois, biz tayyorlayotgan talabalarimizning kommunikativ savodxon, adabiy til me’yorlarini yaxshi biladigan kadrlar bo‘lishi uchun milliy metodikamizning dastlabki tamal toshini qo‘ygan Al-Xorazmiydan tortib Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy, Mirza Mehdixon, Alisher Navoiy, Bobur, Abdulg‘ozi Bahodirxon kabi ajdodlarimizning asarlariga dars jarayonida ko‘proq murojaat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki milliy mafkuramizni yoshlar ongiga singdirishimizning asosiy quroli ona tilimiz hisoblanadi.

Ana shuni e’tiborga olib mamlakatimizning barcha ta’lim dargohlarida “O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi”, magistratura yo‘nalishida esa “O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili ta’limi” fani o‘qitiladigan bo‘ldi. Talabalarga o‘zbek tilida ish yuritish qonun-qoidalarini, hujjatlarni to‘g‘ri yozishni o‘rgatish, sohaga oid atamalarning ma’no-mohiyatini tushuntirish mazkur fanning mazmun-mundarijasini tashkil qiladi.

Keyingi yillarda talabalarga “Matnning filologik tahlili” kursi o‘qitila boshladi. 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab esa barcha talabalarga “Matn tahlili” fani o‘qitib kelinmoqda. Bu darslar o‘zbek tili va adabiyoti masalalarini birgalikda qamrab olgan bo‘lib, talabaga tahlil jarayonida qulaylik tug‘dirmoqda. Amaliy xarakterdagi bu fan talabalarda chiroyli yozish, mantiqli so‘zlash, matnni o‘qish va uqish, uning mazmuniga xolis munosabat bildirish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Bunda har qanday ta’limning maqsadi tarbiya ekanligi, ta’lim shu tarbiyani hayotga tatbiq etishda o‘nlab vositalardan biri ekanligi asoslanadi. Chunki insoniyat yaralgandan buyon tarbiya masalasi millat, davlat va jamiyat taraqqiyotini belgilashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Bizda boshqa MDH davlatlari kabi ikki xil ta’lim tizimi amal qilgan. Bularning birinchisi, tarixi o‘nlab asrlarga borib taqaluvchi va o‘z milliy ta’lim metodiga ega bo‘lgan madrasa ta’limi. Ikkinchisi, sobiq sho‘rolar davrida shakllangan va yaqingacha o‘zgarishsiz amalda bo‘lgan o‘rta va oliy ta’lim tizimidir.

Darhaqiqat, bugungi kun talablaridan kelib chiqib, shu ikki ta’lim tizimini muqoyasa qilish, ularning har biridagi yutuq va kamchiliklarni umumlashtirish va shu asosda sof milliy metodikamizni yaratish imkoni paydo bo‘ldi. Shu bois bu boradagi ilmiy-nazariy fikrlarni umumlashtirish, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida madrasalar tarixini o‘rganishga oid fanlarni o‘quv rejalariga kiritish, milliy ta’limning samarali usullarini mamlakatimizning barcha filologik yo‘nalishdagi dargohlarida ommalashtirish kerak. Bu esa talabalarimizning o‘zbek tili va adabiyotiga doir bilimlarini oshirishga, ularni milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Tolib Jo‘rayev.