Metodist taklif beradi: Intellektual bellashuvlarda ham shaffoflik kerak
Ta’limdagi shaffoflikning sifatga xizmat qilishi, ayniqsa, xalqimizning kayfiyatiga nechog‘lik ta’sir etishi mumkinligini o‘tgan yili oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari - test sinovlarining adolat mezonlari asosida tashkil etilgani ko‘rsatib berdi.
Shu tizimni umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan "Bilimlar bellashuvi", fan olimpiadalarida ham qo‘llash mavridi keldi, nazarimda.
Mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyotini belgilab beruvchi bunday tanlovlarning tuman va viloyat bosqichlarida jamoatchilik vakillari, o‘qituvchilar va ota-onalarning ishtirokini ta’minlash, bellashuvlar o‘tadigan binolar, sinflarga kuzatuv uskunalarining o‘rnatilishi nafaqat o‘quvchida, balki ularning yaqinlarida ham ilm egallashga bo‘lgan qiziqish, intilish va ishonchni mustahkamlaydi. Muhimi, ilm olish yoki bilim berish mas’uliyatini kuchaytirish barobarida, bu kabi tanlovlarda ijtimoiy adolatning shakllanishiga xizmat qiladi.
Dilnoza TOShEVA,
Paxtachi tumani xalq ta’limi bo‘limi metodisti.
Tahririyatdan: Muallif bugunning dolzarb mavzusini ko‘targan. Darhaqiqat, mamlakatimiz ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchi-talabalar, ularda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-murabbiylar o‘rtasida bir qator tanlovlar joriy etilganki, bu yuqorida ta’kidlangan dolzarb maqsadlarga xizmat qiladi. Ammo "Bilimlar bellashuvi", fan olimpiadalari va boshqa turli yo‘nalishlardagi tanlovlarni o‘tkazish, tashkil etishda ochiqlik, shaffoflik ta’minlanmayotgani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Siz, mushtariylardan, ta’lim jonkuyarlari va ota-onalardan bu boradagi takliflar, jahon andazalariga mos keladigan tajribalaringizni o‘rtoqlashishingizni so‘raymiz.