MIB: 34 marta yo‘l qoidasi buzib jarimasini to‘lamagan fuqaro mashinasida ushlanganda uning 118 mln. co‘mlik kredit qarzi borligi ham aniqlandi

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari hamkorligida yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni undirish yuzasidan reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbir chog‘ida yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash va muqaddam yo‘l harakati qoidalarini buzib, jarimalarni o‘z vaqtida to‘lashdan bo‘yin tovlagan qarzdorlarning avtotransport vositalari aniqlanib, yuzaga kelgan qarzdorlik undirib olinmoqda.

Ma’lumki, ma’muriy jarimalarni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati MIB organlari ish yurituviga qabul qilingach, qarzdor tegishli tartibda ogohlantirilib, ixtiyoriy muddat belgilanadi. Qarzdorlik o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, qarzdorning boshqa daromadlari aniqlanadi va undirishga yo‘naltiriladi.

Ayni paytda MIB organlari ish yurituvidagi ijro hujjatlariga ko‘ra, viloyatda eng ko‘p qoidabuzarlik sodir etgan 158 nafar qarzdor jismoniy shaxslardan 48 nafari topilib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.

– Masalan, 34 marta yo‘l harakati qoidasini buzgan Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro K.M.ning "Nexia-3" rusumli avtotransport vositasi Toshkent shahridan topilib vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilish vaqtida uning yana 118 mln. 140 ming co‘mlik kredit qarzi va 4 mln. 823 ming so‘mlik davlat boji to‘lovi borligi aniqlangan.
Hozirda qarzdorliklar to‘liq bartaraf etmasa, transport vositasi tegishli tartibda "E-AUKSION" savdolarida sotilib, tushgan mablag‘lar qarzdorlikka yo‘naltiriladi.

Hamkorlikdagi reydda ma’muriy jarimalarni belgilangan muddatda to‘lamagan fuqarolar zamonaviy texnologiyalar yordamida aniqlanib, jarimani to‘lashdan bosh tortgan qarzdorlarga tegishli 320 ta avtotransport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Firdas Mahmudov,
MIBning Samarqand viloyat boshqarmasi qidiruv shu’basi inspektori.