MIB, “elektroset” liftimizni ulab bermayapti
Besh kundirki, Majburiy ijro byurosining Samarqand shahar bo‘limi va shahar elektr tarmoqlari korxonasining “Temiryo‘lelektrsotish” bo‘limiga qatnayman.
MIBning bir og‘iz “uz”, degan so‘zi bilan liftimizni o‘chirgan “Elektrsotish” endi kim aytsa ham liftimizga elektr tokini ulab bermayapti.
Avvaliga, “lift to‘lovidan qarzlaringiz bor ekan, MIB uzishni buyurdi, uzdik” deyishdi.
Lift uchun to‘lov qildik. “Munis” ishlamayapti, pullaringni o‘tkazib berolmayapmiz”, dedi Xalq bankidagilar.
“Tepa”ga murojaat qiluvdik, “Munis” ishladi. Ammo taqdirning hazilini qarang, pulimizni boshqa shirkatga o‘tkazib yuboribdi. Mayli, deya naqd pul to‘ladik.
– Yana ikki million oldindan to‘lov qilinglar, yoqamiz! – deyishdi.
Uni ham to‘ladik.
– MIB uzgan bo‘lsa, o‘zlari yoqsin! – degan javobni oldik “Elektrsotish”dan.
– Biz buyuruvchi idora, borib liftingizni yurgizib beradigan idora emasmiz, “Elektrsotish” ulab bersin! – dedi MIBdagilar.
Xullas, ikki idoraning orasida sarson bo‘ldim. Ammo liftimiz ishlamayapti.
Samarqand viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati rahbari bo‘lgan kaminani shuncha sarson qilgan “Elektrsotish” va MIB mutasaddilari oddiy fuqarolarni nimalar qilishi mumkinligini endi o‘zingiz tasavvur qilavering.
Urgut tumani MIB xodimi tumandagi bir qishloqlik homilador ayolini urib, tepib, qornidagi bolasini tushirgani haqida murojaat qilishganida, ochig‘i, ishonmagandim. Bugun esa bu gaplarga ishondim.
Boshqa payt bo‘lsa, e’tibor ham bermasdim. Ammo o‘tgan kuni qon bosimim ko‘tarilib, uyga zo‘rg‘a bordim. Lift o‘chirilgan, o‘g‘lim yelkasi suyab, 6-qavatga olib chiqdi. Kecha ham bu zang‘ar ishlamadi, yana o‘g‘limni qiynamayin deb, ishxonada yotib qoldim. Bugun juma, kiyimlarimni almashtiray, deb uyga borsam, yana shu ahvol...
Dunyoda hamma narsa inson manfaati uchun xizmat qiladi. Biz qachon el bo‘lamiz, odamlarni sarson qilishdan tiyilib, qachon ularning mushkulini oson qilishni o‘raganamiz?
Karimberdi TURAMURODOV.