MIB xodimlari haqorat qilinib, kaltaklandi

Qashqadaryo viloyatida MIB inspektorlariga jarohat yetkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil 23 avgust kuni soat 17:30 larda MIB Koson tuman bo‘limi davlat inspektorlari tumanning Quyibog‘ mahallasida yashovchi fuqaro J.Q.ning xonadoniga elektr energiyasidan foydalanish holatlarining qonuniyligini tekshirish uchun borganlarida, u elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlanib, holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirayotganlarida, J.Q.ning ukasi S.Q. (1985 y.t.) aralashib, davlat inspektorlarini qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlab, ularning tanasining turli qismlariga tan jarohatlari yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan 27.08.2019 yilda tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.