MIBning tuman bo‘limi maktab binosida joylashgan. Bu esa tabiiy gaz tarmog‘iga hisoblagichsiz ulanganligini anglatmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Jomboy tuman MIB idorasi gaz tarmog‘iga hisoblagichsiz ulangani...» aytilgan xabar tarqaldi.

Ushbu holat Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, MIBning Jomboy tumani bo‘limi tumanning Zarafshon mahallasidagi 56-umumiy o‘rta ta’lim maktab-internati binosida faoliyat yuritmoqda. Lekin bu holat tuman bo‘limi tabiiy gaz tarmog‘iga hisoblagichsiz ulanib olganligini anglatmaydi.

2018 yil 1 mart kuni Jomboy tumanining 56-maktab-internati hamda Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi o‘rtasida tuzilgan 13-sonli shartnomaga muvofiq, maktab ob’yektlari iste’moli uchun o‘tkazilgan tabiiy gaz quvuriga o‘rnatilgan UBSG-10-rusumli elektron gaz hisoblagich ko‘rsatkichi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan to‘lovlarning teng yarmi MIBning tuman bo‘limi tomonidan muntazam amalga oshirib kelinmoqda.

Joriy yilning 1 mart holatiga iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorlik mavjud emas.

Ijaraga berilgan binodan foydalanish va kommunal to‘lovlarni amalga oshirish MIBning tuman bo‘limi va ko‘rsatilgan maktab-internat o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar asosida tartibga solingan.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.