Millat qaddini bukmang!

Keyingi yillarda yurtimizda xalq ta’limi tizimida bir qator xorijiy va milliy ta’lim modellari sinovdan o‘tkazildi. O‘quv darsliklari yangi va zamonaviy ko‘rinish oldi. Dars soatlari, dars o‘tishdagi pedagogik texnologiya va metodikalar hamda o‘quv predmetlari tubdan yangilandi.
Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim fanlari va fan predmetlari, xorijiy til dars soatlari eskicha, almisoqdan qolgan, deb hisoblangan uslublardan voz kechgan holda, tamomila yangi usulda o‘tila boshlandi. Har qanday islohotning ijobiy va salbiy jihatlari bo‘lganidek, bugungi kunda boshlang‘ich ta’limda qo‘llaniladigan o‘quv adabiyotlari va darsliklarining shakli va vazni bilan bog‘liq shunday muammo paydo bo‘ldiki, afsuski, bu masalaga hali hech bir soha mutasaddisi muammo sifatida qarayotgan emas.
2022 yilning noyabr oyida oilam bilan Samarqand shahri Sartepa massividagi ijara kvartiradan endigina ta’mirdan chiqqan, Islohot ko‘chasida joylashgan yangi uyga ko‘chib o‘tdik. Qizlarim o‘qiydigan Sartepa massividagi 55-maktab esa shaharning boshqa chekkasiga ko‘chib o‘tganligimiz tufayli bizdan ancha uzoq (6,5 kilometr)da qoldi. Avvaliga qizlarimning o‘qishini uyimizga eng yaqin yoki yaqinroq bo‘lgan maktablardan biriga ko‘chirmoqchi bo‘ldik. Bir nechta maktablarning shart-sharoiti bilan yaqindan tanishdik. Ma’lum bo‘lishicha, biz ko‘chib o‘tgan hududda so‘nggi to‘rt yil ichida yuzga yaqin ko‘p qavatli turarjoy binolari qurilgan, hududda istiqomat qilayotgan aholining soni keskin oshgan, maktabda o‘qiydigan o‘quvchilarning soni bir necha barobar ko‘paygan, ammo hanuzgacha birorta yangi maktab qurilib, foydalanishga topshirilmagan ekan. Sobiq sho‘ro zamonida qurilgan mavjud maktablarning har bir sinfida esa 45-46 tadan o‘quvchi o‘qimoqda. Hozir gap bu haqda emas. Bu endi alohida mavzu. Holatni o‘rganib chiqqach, qizlarimni garchi uzoq bo‘lsa-da, o‘zlari o‘qib turgan maktabda qoldirishga qaror qildik.
Shunday qilib, har kuni tongda eratalabki smenada, 2-sinfda o‘qiyotgan qizimni maktabiga men eltadigan, tushda rafiqam tushki smenada 4 va 6-sinflarda o‘qiydigan qizlarimni maktabga oborib, ertalabki smenadan chiqqan 2-sinfdagi qizimni uyga olib ketadigan, kechki payt esa men tushki smenadan chiqqan qizlarimni olib, uyga qaytadigan bo‘ldik. Maktabga borish va kelishda qizlarimni o‘quv qurollari va kitoblari solingan ryukzaklarini ko‘tarib borib, ko‘tarib kela boshladim. Ilk kunlardanoq diqqatimni tortgan narsa ryukzaklarning og‘irligi bo‘ldi. Avvaliga qizlarimga bugungi kun uchun kerak-nokerak kitoblaringu o‘quv qurollaringni solib, ryukzaklaringni og‘ir qilgansizlar, deya tanbeh berdim. Qizlarim esa ryukzaklarimizda ortiqcha bitta qalam ham yo‘q, deyishdi. Bu hol deyarli har kuni takrorlanardi. Keyin esa maktabga kirayotgan va chiqayotgan o‘quvchilarning ryukzaklariga e’tibor qarata boshladim. Kuzatish jarayoni ancha vaqt oldi. Kasbim shifokor bo‘lgani, shifokor bo‘lganda ham asosiy mutaxassisligim bolalar shifokori bo‘lganligi bois bunday vazndagi ryukzaklar bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga qanchalar zarar yetkazishi mumkinligi haqida o‘yladim. Maktab o‘quvchilarining o‘quv qurollari solingan ryukzaklarining vazni bo‘yicha jahon ta’lim standartlariga mos keladigan me’yor va normativlarni o‘rganib chiqdim. Natija shuni ko‘rsatdiki, jahon ta’lim standartlariga ko‘ra, o‘quvchining o‘quv qurollari solingan ryukzagining og‘irligi kichik sinf (1-2 sinf) o‘quvchilari tana vaznining 5 foizidan, o‘rta sinf o‘quvchilari tana vaznining 7-10 foizidan, yuqori sinf o‘quvchilari tana vaznining 10-15 foizidan oshmasligi shart qilib belgilangan.
O‘quvchilarni nechanchi sinfda o‘qishiga ko‘ra, belgilangan me’yor ko‘rsatkichlari esa quyidagicha:
1-2-sinflar uchun ryukzak og‘irligi 1,5 kilogramdan;
3-4-sinflar uchun 2 kilogramdan;
5-6-sinflar uchun 2,5 kilogramdan;
7-8-sinflar uchun 3,5 kilogramdan;
9-11-sinflar uchun esa 4 kilogramdan oshmasligi kerakligi qat’iy me’yor chegarasi qilib belgilangan.
Men quyida ilova qilgan suratdagi ryukzak hozirda 2-sinfda o‘qiyotgan va tana og‘irligi 25 kilogramdan iborat bo‘lgan qizimga tegishli. Tarozi ko‘rsatkichidan ma’lumki, ryukzakning umumiy og‘irligi barcha o‘quv qurollari va kitoblari bilan 2 kilo 750 gramni tashkil qilmoqda. Bu qizchamning tana og‘irligining 6,8 foiziga teng. Sinflar toifasida belgilangan me’yor ko‘rsatkichidan 1250 gramga ko‘p va bu og‘irlik 5-6 sinflar uchun belgilangan me’yordan ham ortiqroq.
Endi shu ryukzakdagi darsliklarning sof og‘irligini o‘lchaganimda har bir fan uchun tutilgan daftarlari bilan birga 1950 gramni tashkil qildi. Bu bir kunda dars jadvalida belgilangan ona tili va o‘qish savodxonligi, matematika, musiqa va ingliz tili kitoblari majmui. Men ryukzakni taroziga qo‘ygan paytimda qizimning suv idishi bo‘sh edi. Demak, suv idishida 250 milliletr suv solinsa, ryukzakning umumiy og‘irligi 3 kilogramni tashkil qiladi. 4 va 6-sinfda o‘qiydigan qizlarimning ryukzaklarining o‘rtacha og‘irligi 3,5 kilogramdan 5,5 kilogramgacha bo‘lgan vaznni tashkil qildi. Bu ham belgilangan me’yor chegarasidan ancha baland. Endi bu og‘irlikni o‘quvchi kun mobaynida qancha payt ko‘tarib yurishini, uyidan maktabigacha bo‘lgan masofani, maktabdagi yuqori qavatda o‘qishi va har bir qavatda yelkasidagi yuk og‘irligini gravitatsion qonun bo‘yicha ustama vazn olishini hisobga oling.
Bundan tashqari, qizlarim har biri haftaning ikki yoki uch kunida jismoniy tarbiya dars mashg‘uloti uchun sport kiyimini ham olib borishadi. Demak, haftaning yarmida nafaqat yelkasida me’yor chegarasidan ancha og‘ir bo‘lgan ryukzagi, qolaversa, qo‘lida sport kiyimlari solingan yana bitta xaltasi bo‘ladi.
Tibbiy nuqtai nazardan olib qaralganda, bola organizmi kattalar organizmidan farq qilib, ularning a’zo va to‘qimalarida, xususan, suyak tarkibida suvning miqdori ko‘proq bo‘ladi. Qolaversa, bolalarda suyaklanish jarayonining faol davri aynan maktab yoshiga to‘g‘ri keladi. Bola organizmi o‘sishda davom etar ekan, suyaklardagi tog‘ay to‘qima asta-sekinlik bilan suyak to‘qimasiga aylanib boradi. Ya’ni, bolalarning suyagi yumshoq bo‘ladi. Suyaklanish jarayoni faol kechayotgan paytda suyakka tushadigan ortiqcha yuklama suyak shaklini o‘zgartirib, turli xildagi suyak deformatsiyalarini keltirib chiqaradi. Ryukzakning yelkaga osilishini inobatga olsak, umumiy og‘irlikning katta qismi umurtqa pog‘onasiga, yana bir qismi kurak suyagiga, qolgan qismi esa o‘mrov, to‘sh va qovurg‘a suyaklariga tushadi.
Og‘ir ryukzakni ko‘tarib yurgan bolada og‘irlik bola qomatini orqaga tortishi tufayli bola qaddini majburan oldinga tortishga harakat qiladi. Bunda bo‘yin umurtqalarida oldinga egilish burchagi oshadi. Bo‘yin umurtqalarining yon o‘siqlaridan bosh miyani oziqlantiruvchi yirik arterial qon tomiri o‘tgan. Bo‘yin umurtqalarining oldinga egilish burchagi o‘zgarganda ana shu arteriyadagi qon oqimi o‘zgarib, bosh miyada sekin rivojlanuvchi qon aylanish buzilishi paydo bo‘ladi, natijada esa bosh miya gipotrofiyasi va ensefalopatiyalar rivojlanadi.
Og‘ir ryukzak kurak suyaklari va qovurg‘alarni bosishi hisobidan bola erkin nafas ola olmaydi va natijada qon tarkibidagi kislorodning porsial bosimi pasayib boraveradi. Karbonat angidridniki esa aksincha, oshib boradi.
Ryukzakning og‘irligi oqibatida:
- organizmdagi barcha a’zo va to‘qimalarda sekin rivojlanuvchi distrofik o‘zgarishlar yuzaga keladi;
- umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismidagi kifozni kuchaytirib, skolioz holatini paydo qiladi;
- bel lordozini oshiradi;
- chanoq suyagiga tushadigan og‘irlik tayanch nuqtalari o‘zgarib, bel-chanoq sohasida og‘riq va harakat cheklanishini, umurtqa pog‘onasidagi umurtqalar orasidagi diskni yassilantirib, protruziya holatini yuzaga keltiradi;
- bolaning to‘sh-o‘mrov suyaklarida deformatsiya paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi;
- tana va umurtqaga tushgan og‘irlik oyoq suyaklariga o‘tkazilib, son va boldir suyaklariga varusli va valgusli deformatsiyalarni chaqiradi;
- o‘quvchining borgan sari qomati va bo‘y o‘sishida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilib, qaddi past va bukik bo‘lib boradi;
- ichki a’zolari, bosh miya faoliyatida sekin rivojlanuvchi kasalliklar paydo bo‘ladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, organizmda kalsiy elementi yetishmovchiligi bo‘lgan bolalar jami bolalarning 8-10 foizini (bu rivojlangan mamlakatlarda, bizdagi statistika bundan ham ayanchli bo‘lishi mumkin) tashkil qiladi. Bolalarda kalsiy elementi yetishmasligidan esa raxit kasalligi paydo bo‘ladi. Raxit bilan kasallangan bolalarda esa suyak sog‘lom bolalarga nisbatan yumshoq va egiluvchan bo‘ladi.
Endi tasavvur qilib ko‘ring, og‘ir ryukzaklarni qanchadan-qancha raxitning yashirin, yengil va o‘rta og‘ir darajalari bilan kasallangan bolalar ko‘tarib yuribdi. Bu esa yuqorida zikr qilingan suyak va qomat shakli o‘zgarishlarining yanada yaqqolroq namoyon bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Shu o‘rinda respublikamizdagi Maktab va maktabgacha ta’lim hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklariga quyidagi savollar bilan murojaat qilmoqchiman:
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan jahon ta’lim standartlari andazasiga ko‘ra, o‘quvchilarning o‘quv qurollari shakli, vazni va ryukzaklarning umumiy og‘irligini me’yor chegaralari to‘g‘risida o‘quvchilarning yoshi va sinfi toifasida Milliy standartlar ishlab chiqilganmi?
Bizdagi o‘quv adabiyotlarining shakli va vazni qaysi me’yor ko‘rsatkichlariga ko‘ra belgilangan?
Keyingi savollarim Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli shu’balariga tegishli.
Respublikada o‘quvchi bolalar o‘rtasida yoshga bog‘liq holda antropometrik ko‘rstkichlar tizimli ravishda monitoring qilinadimi?
O‘quvchilar ryukzaklarining og‘irligini vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan biror bir me’yoriy hujjat nazorat qiladimi?
Maktab o‘quvchilarining periferik qon tarkibidagi kalsiy elementi miqdorini muntazam va tizimli ravishda monitoring qilish va raxit kasalligiga chalinishining aniq statistik ma’lumotlari o‘rganilganmi?
Agar men yoritgan muammo allaqachon o‘rganilgan bo‘lsa, aniqlangan kamchiliklar nimalardan iborat va bu kamchiliklarni bartaraf qilishda qanday choralar va amaliy harakatlar boshlangan?
Hurmatli ota-onalar, farzandingiz ryukzagining og‘irligini bilasizmi?
Orifjon KOMILOV.